Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Molik Kufa ahlidan bo‘lgan bir kishidan rivoyat qiladi:
Qarang-a, qanday oliyjanoblik! Urush vaqti. Bir dushman toqqa qochib, yashirinib oldi. Lekin uni quvib borgan musulmonning yolg‘on va’da berib, dushmanni o‘ldirishga haqqi yo‘q. Agar yolg‘on va’da berib, biror mushrikni o‘ldirsa, u o‘z hukumati tomonidan o‘lim jazosiga hukm qilinadi.
Imom al-Voqidiy va Ibn Asokir Abdulloh ibn Abu Hadrad al-Aslamiydan rivoyat qiladilar:
«Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bilan Jobiyaga keldik. U ahli zimmadan bir cholning taom tilanib yurganini ko‘rib qolib, uning kimligini so‘radi. «U ahli zimmadan, yoshi ulg‘ayib, zaiflashib qolgan», deyildi.
Umar uning zimmasidagi jizyani bekor qildi. Keyin: «Undan jizya olib, zaiflashgan chog‘ida taom tilantirib qo‘ydingizmi?!» deb, Baytulmoldan o‘n dirham nafaqa joriy qildi. Uning oilasi bor edi».
Abu Ubayd va Ibn Zanjavayh rivoyat qiladilar:
«Umar roziyallohu anhu bir qari zimmiy cholning masjid eshigi oldida tilanib turganini ko‘rib qoldi va:
«Senga nisbatan insof qilmabmiz. Yoshligingda sendan jizya olibmiz. Katta bo‘lganingda seni zoye qilibmiz», dedi. So‘ngra Baytulmoldan unga yetarli maosh joriy qildi».
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh ﷺ aytdilar:
"Albatta, Muso (alayhissalom) nihoyatda kuchli hayo egasi bo‘lib, badanini doimo yopib yuradigan kishi edi. U hayo qilgani uchun o‘z tanasidan biror joyini ochib yurmas edi. Banu Isroil orasida ba’zi kimsalar uni kamsitib: ‘U doimo o‘z tanasini yashiradi, bu – uning badani nuqsonli bo‘lgani uchun shunday qilar. Balki u abras (pes), yoki moyaksiz (odar), yoki yana biror baloga uchraganidandir’, deyishdi.
Alloh taolo esa ularning bu gap-so‘zlaridan Musoni poklashni iroda qildi.
Bir kuni Muso alayhissalom cho‘milgani bordi. Kiyimlarini tosh ustiga qo‘yib, cho‘milishga kirishdi. Suvdan chiqib, kiyimlarini olish uchun tosh oldiga qaytganida, tosh uning kiyimlarini olib qochdi.
Muso alayhissalom hassasini oldi-da, tosh ortidan quvdi va: "Ey tosh, kiyimimni qaytar! Ey tosh, kiyimimni qaytar!", der edi.
U shu holatda Banu Isroilning bir guruhiga duch keldi. Ular Musoni kiyimsiz holda ko‘rishdi – Alloh yaratganlar ichida eng chiroyli, eng sog‘lom badan egasi ekaniga guvoh bo‘lishdi.
Alloh taolo Musoni ularning gap-so‘zlaridan poklab qo‘ydi.
Tosh to‘xtashi bilan Muso alayhissalom kiyimlarini olib kiydi-da, asosi bilan toshni ura boshladi.
Payg‘ambarimiz ﷺ aytdilar: "Allohga qasamki, Muso urgan toshda uch, to‘rt yoki beshta iz qoldi (ya’ni, urilgan zarbalar izi qoldi)."
Bu borada Alloh subhanahu va taolo bunday dedi: "Ey mo‘minlar! Musoga ozor berganlar kabi bo‘lmanglar. Bas, Alloh uni ayblaridan pokladi. Va u Allohning huzurida obro‘li zot edi" (Ahzob surasi, 69-oyat).