Sayt test holatida ishlamoqda!
24 May, 2025   |   26 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:18
Quyosh
04:57
Peshin
12:25
Asr
17:29
Shom
19:46
Xufton
21:19
Bismillah
24 May, 2025, 26 Zulqa`da, 1446

O‘zingiz haqingizda yozing

16.12.2024   3416   3 min.
O‘zingiz haqingizda yozing

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Muhtarama singlim!

Qo‘lingizga daftar-qalam berib, «O‘zingiz haqingizda yozing» desak, nimalarni yozgan bo‘lardingiz?

«Men – hayotni sevadigan, Alloh taolo solih ota-ona bilan siylagan, oqila, kelajagi yorqin, o‘ziga ishongan, ko‘pchilikning mehr-muhabbatini qozona olgan qizman…» deb yoza olarmidingiz?

Yoki «Men – chorasiz, mahzun, butun hayoti chigalliklardan iborat, omadsiz, beo‘xshov, o‘ziga ishonchi yo‘q, hayotda o‘z o‘rnini topolmagan qizman. Mening kelajagim qorong‘i, qandaydir mavhumlikdan iborat» kabi tund so‘zlarni yozasizmi?

O‘zingiz haqingizda nimalar deb yoza olishingiz haqida yaxshilab o‘ylab ko‘ring!

Yozganlaringiz ijobiy bo‘ladimi, salbiymi?

O‘zingiz, hayotingiz haqidagi fikrlaringiz salbiy bo‘lsa, demak, siz o‘zingizning faqat yomon taraflaringizni ko‘rar ekansiz, ijobiy taraflaringizni esa ko‘rmas ekansiz. Shuning uchun zildek qayg‘ularni, ko‘z yoshlarni ko‘tarib yurarkansiz. Ba’zan g‘am-g‘ussadan aziyat chekasiz, dard-alam ich-etingizni yeydi, fikrlaringizni jamlay olmaysiz. Yaqin insonlaringiz bilan yomon munosabatdasiz. Odamlarning har bir gapi e’tiboringizni tortaveradi, hech bir yaxshiligi bo‘lmagan yomon kelajakni kutib yashaysiz.

Bularning barchasiga sabab shuki, qiz bola o‘ziga nisbatan qanday munosabatda bo‘lsa, atrofida bo‘layotgan ishlarni ham shunday talqin qiladi. Qiz bola o‘ziga salbiy baho bersa, bu narsa unng ijtimoiy aloqalariga, o‘qishiga, ish faoliyatiga, ruhiy holatiga salbiy ta’sir qiladi. Hatto internetdagi taxallusi uchun ham «yolg‘iz», «ko‘z yoshi», «mahzun» kabi salbiy ma’noni anglatuvchi nomlar tanlaydi. Tinmay o‘zini boshqalar bilan solishtiraveradi, ulardagi ne’matlarga hasad qiladi. Bularning barchasi o‘ziga past baho berish, barcha insonlar haqida, o‘ziga nisbatan ko‘rsatilayotgan hamma munosabatlar haqida yomon gumonda bo‘lishning oqibatidir.

Bir qiz aytadi:

«O‘smirlik davrimda o‘zimga juda past baho berardim. Bu narsa boshimga bitgan balo bo‘ldi. Qiz bola uchun hayotdagi eng muhim narsa – uning kiyinishi deb hisoblardim. Odamlar qizlarning faqat kiyinishiga qarab baho beradi, deb o‘ylardim. Hatto shuni deb, «Yangi ko‘ylak olib berasizlar!» deb ota-onamga qo‘pol gapirardim. Bora-bora o‘zimning kiyinishim o‘zimga yoqmay qolib, hatto o‘zim bilan ham ziddiyatga borib qoladigan bo‘ldim. Har kuni bir yarim-ikki soat vaqtim kiyinishga ketardi: bir ko‘ylakni kiyaman, yoqmaydi, boshqasini kiyaman, u ham yoqmaydi… Kiyim kiyib-yechish bilan ovora bo‘lib, qancha vaqt o‘tib ketganini bilmay qolardim. Shundan keyin ham kiygan kiyimimdan norozi bo‘lib uydan chiqardim. Ba’zan o‘zimni o‘zim o‘ldirgim kelib ketardi. Lekin bu fikrdan meni bir narsa to‘xtatib turardi – «O‘lganimdan keyin odamlar janozamga kelsa, o‘zimga yarashmay turgan kiyimda ko‘radimi? O‘lganimda ham mana shunday beo‘xshov kiyimda yotamanmi?» degan o‘y-xayollarga borardim. Mana shu fikr jonimga qasd qilishdan bir necha bor qaytarib qolgan.

Oradan bir necha yil o‘tib, Alloh meni kiyim-kechak vasvasasidan qutqardi. Asta-sekin hamma qatori oddiy yashay boshladim. Eng muhimi –asosiy vaqtimni ilm olishga sarflay boshladim, oxirat haqida ko‘proq o‘ylaydigan bo‘ldim. Tushunib yetdimki, oxirat g‘ami bilan yashaydigan, dunyoni arzimas sanaydigan qiz faqat dunyo orzu-havaslariga berilib yashaydigan qizdan ko‘ra ming chandon baxtli bo‘larkan!».

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.

Boshqa maqolalar

Hajga ketgan odam qurbonlikni qanday qiladi?

23.05.2025   4605   2 min.
Hajga ketgan odam qurbonlikni qanday qiladi?

Cavol: Men har yili qurbonlik qilar edim, bu yil ham qurbonlik qilishni niyat qilgan edim. Ammo bu yil muborak haj ibodatini ado qilish nasib qilib haj qilish uchun ketayapman. Shu holatda qurbonligimni qanday ado qilaman?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh taolo safaringizni O‘zi oson qilsin. Qurbonlik vojib bo‘lishi uchun kishi muqim bo‘lishi kerak, safarda yurgan musofirlarga qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi.

Musofir kishi qurbonlik qilinadigan kunlar o‘tib ketishidan avval muqim bo‘lib qolsa, bu holatda unga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi.

Zimmasiga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan boy kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olib qurbonlik qilinadigan kunlar kelishidan avval safarga chiqib ketsa, uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘ladi. Ammo boyligi nisobga yetmagan va shu sababli unga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olish bilan qurbonlik qilishni nazr qilgan hisoblanadi va bunday kishi qurbonlik qilinadigan kunlari safarga chiqsa ham uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘lmaydi. Nomidan qurbonligini so‘yish uchun biror kishini vakil qilib tayinlaydi (Fatavoi Hindiya).

Demak, agar sizni nisob miqdorida molingiz bo‘lib sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan bo‘lsa va hox qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz ham yoki sotib olmagan bo‘lsangiz ham bu kunlarda safarda bo‘lganingiz sabab sizdan qurbonlik soqit bo‘ladi.

Agar sizni nisobga yetgan molingiz bo‘lmasa va sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan bo‘lsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y ham sotib olmagan bo‘lsangiz sizga qurbonlik vojib emas. Lekin qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz nomingizdan qurbonligingizni so‘yish uchun biror kishini vakil qilasiz.

Bu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratishingiz lozim. Agar haj safarida muqimlik holatini topsangiz ya’ni Makkada unga borganingizdan boshlab Minoga chiqadigan kuningizgacha yoki Minodan qaytganingizdan keyin 15 kun tursangiz qurbonlik vojib bo‘ladi. Uni o‘sha yerda yoki vakil orqali o‘z uyingizda so‘ydirishingiz vojib bo‘ladi.

Yana shuni ta’kidlaymizki, mazkur qurbonlik va hajdagi jonliq so‘yish masalalari boshqa-boshqa masalalardir. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.