Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Soib ibn Aqra’ roziyallohu anhu xalifa hazrati Umarga Nahovand jangida shahid bo‘lgan kishilarni sanadi. U taniqli, ko‘zga ko‘ringan kishilarning ismlarini birma-bir aytib bo‘lib, so‘ngra dedi:
– Qolganlar chekka qishloqlardan. Amirul mo‘minin, siz ularni tanimaysiz.
Shunda Umar roziyallohu anhu yig‘ladilar va:
– Umarning tanimasligi ularga zarar bermaydi. Chunki ularni Alloh taniydi, - dedilar.
Imom Zahabiy rahimahullohning «Siyaru a’la min nubalo» kitobida keladi: «Horun Rashidning qo‘shinida yigirma ming mujohid o‘z nomini Allohdan o‘zga hech kim ularni bilmasligi uchun qo‘shin kitobiga yozdirmas, maosh ham olmas edi».
Gapning bog‘liqlik tomoniga kelsak, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu qatl qilingan paytda Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu sahroda tuyalarini boqib yurgan edilar. U kishining oldiga o‘g‘li keldi. Sa’d roziyallohu anhu uni uzoqdan ko‘rgach, dedilar:
– Allohim! Bu chavandozning yomonligidan Sendan panoh so‘rayman.
Farosatlari ila choparning yomon xabar olib kelayotganini sezganlar. U yetib kelgach, qarasalar, o‘g‘li ekan. U Sa’d roziyallohu anhuga dedi:
– Siz tuyalaringiz bilan yuravering. U yoqda esa odamlar podshohlikni talashib yotishibdi (ya’ni o‘g‘li Sa’d roziyallohu anhuni xalifalikka targ‘ib qilyapti).
Sa’d roziyallohu anhu dedilar:
Maxfiy banda boshqalardan o‘zining yomonliklarini yashirganidek, yaxshiliklarini ham yashiradi. Faqatgina o‘zi bilan Alloh biladigan maxfiy amali bo‘ladi.
Siz qiladigan sadaqani insonlar bilishi kerak emas. Riyo amallarni botil qiladi. Garchi kishida riyo bo‘lmasa-da, sadaqa berayotgani shaxsning qalbiga ozor yetkazib qo‘yishi ehtimoli bor. Kishilarning qalbini to‘ldirish esa, ularning cho‘ntagini to‘ldirishdan oldinda turadi.
Qiladigan har bir yaxshi amalingizni hujjatlashtirib qo‘yishingiz shart emas. Nafsingizga ham ozroq dam bering. Bu ishlarni yozib qo‘yishni Allohga qoldiring. Modomiki, muxlis ekansiz, U zot amalingizni zoye qilmaydi.
Din ishining hisobini Alloh qiladi. Amalimiz ostida ixlos bo‘lsa ajr, riyo bo‘lsa, azob bor... Alloh hech narsani zoye qilmaydi.
Allohdan o‘zga hech kim bilmaydigan kasalligimizga Allohdan o‘zga hech kim bilmaydigan sadaqa bilan shifo so‘raylik.
Qalbingizda in qurib olgan, Allohdan o‘zga hech kim bilmaydigan g‘amga Undan o‘zga hech kim bilmaydigan istig‘for bilan najot istang.
Allohdan o‘zga hech kim bilmaydigan tashvishlaringizga faqatgina Alloh biladigan tungi ikki rakat namozingiz bilan kengchilik so‘rang.
Rizqingiz tor bo‘lsa, kishilarga aytib yurmang. Iffatli bo‘ling. Allohga yashirin istig‘for ayting. Buni hech kim bilmasin!
Yodingizda tuting! Umarning bilmasligi sizga zarar bermaydi. Zero, Alloh sizning barcha holatingizni bilib turibdi!
U Zot o‘zini ko‘z-ko‘z qilmagan bandasini yaxshi ko‘radi.
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi
1. Diniy ibodatlarni bajarish
1.1. Namozlarni o‘z vaqtida o‘qish. Ibodatlar ichida eng afzali – vaqtida o‘qilgan farz namozi sanaladi.
1.2. Ro‘za tutish. Qazo va nafl ro‘zalarni tutish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qish kunidagi ro‘za qiyinchiliksiz topiladigan g‘animat (o‘lja)dir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
1.3. Qur’on o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimning eng afzal ibodati Qur’onga qarab tilovat qilishdir”, deganlar. Qur’onni yoddan o‘qishdan ko‘ra, unga qarab o‘qish afzaldir. Chunki Qur’onga qarash ham ibodatdir.
1.4. Tahajjud namozlarini o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
1.5. Duo va zikrni ko‘paytirish. “...Allohni ko‘p zikr qiling. Shoyadki, zafar topsangiz” (Juma surasi, 10-oyat).
2. Oilaga yaxshilik qilish
2.1. Ota-onaga yaxshilik qilish. O‘z vaqtida o‘qilgan farz namozdan keyin eng afzal amal bu – ota-ona xizmatida bo‘lish sanaladi. Zero, “Robbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi” (Isro surasi, 23‑oyat).
2.2. Farzand va ahli ayolga xursandchilik ulashish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshi muomala qilganingizdir. Men o‘z ahliga yaxshi muomala qiluvchirog‘ingizman”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
3. Ilm olish, kitob o‘qish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmon zimmasiga farzdir”, deganlar.
4. Tafakkurga vaqt ajratish
Hasan rahmatullohi alayh aytadilar: “Bir soat tafakkur qilish bir kechani bedor o‘tkazishdan yaxshidir”.
5. Muhtojlarga yordam berish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir mo‘minning bitta dunyoviy tashvishini aritsa, Alloh taolo uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi. Kim qiynalgan kishiga yengillik keltirsa, Alloh taolo unga dunyoyu Oxiratda yengillik beradi” (Imom Muslim rivoyati).
6. Silai rahm qilish
Dam olish kunlari qavm-qarindoshlar holidan hech bo‘lmasa telefon orqali bo‘lsada xabar olish uchun qulay fursat. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimni rizqi keng, umri uzoq bo‘lish xursand etsa, silai rahm qilsin (qarindoshlik rishtalarini mustahkamlasin)” (Imom Buxoriy, imom Termiziy rivoyati).
7. Sport bilan shug‘ullanish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kuchli mo‘min Alloh huzurida kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va mahbubroqdir”, deganlar.
8. Do‘st va yaqinlar holidan xabar olish
Hazrat Ali roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni: “Qaysiki musulmon boshqa bir musulmonni ertalab ziyorat qilsa, to kech kirgunicha unga yetmish ming farishta salavot aytadi. Agar kech kirganida ziyorat qilsa, to tong otgunicha yetmish ming farishta unga salavot aytadi. Unga jannatda bir bog‘ bo‘ladi”, deb aytganlarini eshitdim (Imom Termiziy rivoyati).
Dam olish kunlaringiz xayrli va barakali o‘tsin!
Davron NURMUHAMMAD