Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ziyoratchi Uhud tog‘i va Uhud shahidlari qabristonini ziyorat qilishi mustahab hisoblanadi. Uhud shahidlari qabristoni kichik qabriston bo‘lib, u yerda Hamza roziyallohu anhu va boshqa sahobalarning qabrlari bor.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Baqi’ va Uhud shahidlari yotgan qabristonni tez-tez ziyorat qilib turardilar.
Bu qabristonda qilinadigan amallar tartibi Baqi’ qabristonidagi kabidir. Uhud tog‘i fazilatiga kelsak, bu borada bir qancha hadislar mavjud.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Uhud tog‘iga qarab: “Darhaqiqat, Uhud bizni, biz uni yaxshi ko‘radigan tog‘dir”, dedilar (Imom Muslim rivoyat qilgan).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Uhud tog‘ini yaxshi ko‘rardilar. Ibn Hajar rahmatullohi alayhning rivoyatida: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Uhud tog‘ida yurganlarida uning shavqi kelib qimirladi. Shunda ul zot oyoqlari bilan tog‘ni tepib: “Sokin bo‘l, ey Uhud!” dedilar», deyilgan.
Suhayliyning rivoyatida aytiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chiroyli fa’l (yaxshilikka yo‘yib qo‘yish) va chiroyli ismlarni yaxshi ko‘rar edilar. “Ahadiyya” kalimasidan yasalgan ism (Uhud)dan chiroyli ism yo‘q. “Uhud” so‘zidagi harakatlar (harfning osti va ustiga qo‘yiladigan belgilar) raf’dir. Raf’ (bizdagi “u” harfiga to‘g‘ri keladi) so‘zi ko‘tarish, yuksaltirish ma’nolarini anglatadi. Shu lafzdan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ahadning dini qadri baland ko‘tarilishi, oliylikka yuksalishini his qilardilar. Shuning uchun unga bo‘lgan muhabbatlari ham so‘zda, ham ma’noda bog‘langan edi.
Demak, biz ham yuqorida aytilganlardan o‘zimizga kerakli xulosalar chiqarib, qo‘ldan kelgancha hayotimizga tatbiq etib borishimiz lozim. Biz ham har doim aziz insonlar va qadrli narsalarni yaxshi ko‘rishimiz darkor. Bu borada suyukli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam barchamizga o‘rnak – namunadirlar.
“Umra – ulug‘ amal” kitobidan
Zulhijja oyining 8 kuni “Tarviya kuni” deyiladi.
“Tarviya” deyilishiga sabab o‘sha kuni hojilar zam-zam suvidan qonib-qonib ichadilar.
“Tarviya” – “tafakkur” ma’nosida ham qo‘llaniladi. Chunki zulhijjaning sakkizinchi kechasida Ibrohim alayhissalom tushlarida o‘g‘illari Ismoil alayhissalomni qurbonlik qilayotganlarini ko‘radilar va bu tush shaytoniymi yoki rahmoniy deya o‘sha kunni tafakkur bilan o‘tkazadilar. Shunga ko‘ra, bu kun “Tarviya – tafakkur kuni” deyiladi.
Mino lug‘atda – “orzu, istak” degan ma’nolarni bildiradi. Makka va Muzdalifa oralig‘idagi qishloqning nomi. Arablar odamlar to‘plangan joyni “mino” deb atashadi. Mino Masjidul-harom shimolidan 7 km. uzoqlikda joylashgan.
Bu yerda Ibrohim alayhissalom shaytonga tosh otganlar, qurbonlik qilganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham aynan shu joyda tosh otib, qurbonliklarini ado etganlar. Bu muqaddas makonda Nasr va Mursalot suralari nozil bo‘lgan.
Hojilar zulhijjaning sakkizinchi kuni bomdod namozidan so‘ng Minoga qarab yo‘l olishadi. Minoda tarviya kunining peshin, asr, shom, xufton hamda arafa kunining bomdod namozlari o‘qiladi. Keyin arafotga jo‘nab, o‘ninchi kuni yana Minoga qaytishadi va ikki kun shaytonga tosh otishni davom ettirishadi.
Minoda bajarilishi zarur bo‘lgan amallar haqida Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: «Va o‘zlariga bo‘ladigan manfaatlarga shohid bo‘lsinlar. Ma’lum kunlarda ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlarini (so‘yishda) Allohning ismini zikr qilsinlar. Bas, ulardan yenglar va bechora va faqirlarga ham yediringlar. So‘ngra o‘zlaridagi kirlarni ketkazsinlar, nazrlariga vafo qilsinlar va “Qadimgi uy”ni tavof qilsinlar”, deganimizni esla» (Haj surasi, 28-29-oyatlar).
Ushbu oyatda Mino kunlari jamarotda tosh otish, qurbonlik qilish va soch oldirib ehromdan chiqish kabi amallarni ado etish ta’kidlanmoqda. Mino kunlari ushbu uchta amalni mukammal tarzda bajarish vojibdir.
Alloh taolo qilayotgan va qiladigan barcha solih amallaringizni O‘z dargohida qabul etsin. O‘zi kuch-quvvat bersin..
Davron NURMUHAMMAD