Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَبِي أَيُّوبَ رَضِي اللهُ عَنْهُ ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَرْبَعٌ مِنْ سُنَنِ الْمُرْسَلِينَ: الْحَيَاءُ، وَالتَّعَطُّرُ، وَالسِّوَاكُ، وَالنِّكَاحُ. رَوَاهُ أَحْمَدُ وَالتِّرْمِذِيُّ بِسَنَدٍ حَسَنٍ.
Abu Ayyub roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«To‘rt narsa Rasullarning sunnatlaridan: hayo, xushbo‘y sepish, misvok va nikoh», dedilar».
Ahmad va Termiziy hasan sanad ila rivoyat qilganlar.
Sharh: Alloh taoloning Rasullari U zot yaratgan bandalarning eng sarasidirlar. Ular turli zamonlarda turli xalqlar ichidan tanlab olingan yetuk insonlar hisoblanadilar. Payg‘ambarlar Allohning inoyati ila ilohiy ko‘rsatmalarni bandalarga yetkazib, ularni hayotga tatbiq qilishni ko‘rsatib bergan zotlardir. Ularni Alloh taoloning O‘zi turli xato va gunohlardan saqlab turgan va u zotlarning hayotlari ummatlariga o‘rnak bo‘lgan.
Shuning uchun ularning sunnatlariga, xususan, barchalariga xos bo‘lgan sunnatlarga amal qilish har birimiz uchun o‘ta muhimdir.
Ushbu hadisi sharifda Odam alayhissalomdan tortib, Muhammad sollallohu alayhi vasallamgacha – barcha Payg‘ambar alayhissalomlarning sunnatlari bo‘lgan to‘rt narsa haqida so‘z ketmoqda:
1. Hayo.
Hayo insonni boshqa jonzotlardan ajratib turadigan ulug‘ sifatlardan biridir. Hayo insonga ziynat hisoblanib, u payg‘ambarlarning hammalariga xos mushtarak sifat bo‘lgan.
Shuning uchun har bir mo‘min hayoli bo‘lishga harakat qilmog‘i lozim. Alloh xohlasa, bu o‘ta muhim sifat haqida «Axloq kitobi»da alohida so‘z yuritamiz.
2. Xushbo‘y sepish.
Xushbo‘ylik kishiga zavq beradi, ochiq tabiatlik, quvonch keltiradi. Xushbo‘ylik inson tabiatiga ijobiy ta’sir etadigan narsadir.
Islomda har bir narsaning xushbo‘y bo‘lishiga katta e’tibor beriladi. Sassiq, qo‘lansa hidni yo‘qotishga harakat qilinadi. Chunki bu barcha Payg‘ambar alayhissalomlarning, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir.
3. Sivok.
Hozir esa sivok, ya’ni og‘izni, tishni tozalab yurish barcha Payg‘ambar alayhissalomlarning sunnatlari bo‘lganligini bilishimiz kifoya qiladi.
4. Nikoh.
Alloh taoloning barcha Payg‘ambar alayhissalomlarini birlashtirib turuvchi sunnatlardan yana biri nikohdir. Bu ish eng muhim sunnatlardan hisoblanadi. Aksincha, Alloh taolo uni hamma Payg‘ambarlariga ravo ko‘rmas edi. Bu esa o‘z navbatida nikohga alohida ahamiyat berilishi lozimligini anglatadi.
وَلِلتِّرْمِذِيِّ وَالنَّسَائِيِّ وَالْحَاكِمِ: ثَلَاثَةٌ حَقَّ عَلَى اللهِ عَوْنُهُمُ: الْمُكَاتَبُ الَّذِي يُرِيدُ الْأَدَاءَ، وَالنَّاكِحُ الَّذِي يُرِيدُ الْعَفَافَ، وَالْمُجَاهِدُ فِي سَبِيلِ اللهِ.
Termiziy, Nasaiy va Hokimlarning rivoyatlarida:
«Uch kishiga yordam berish Allohning zimmasida haqdir: ado etishni iroda qilgan mukotabga, iffatni iroda qilgan turmush quruvchiga va Allohning yo‘lidagi mujohidga», deyilgan.
Sharh: Inson tirik ekan, hamisha o‘zaro yordamga ehtiyoj sezadi. Qolaversa, ko‘pchilik turli masalalarda bir-biridan yordam so‘raydi. Lekin yordam beruvchi ko‘proq qay hollarda yordam berishi matlub va qaysi kishilarga yordam bersa, ko‘proq savob oladi?
Ushbu hadisda shunday savolga javob berilmoqda:
«Ado etishni iroda qilgan mukotabga».
Mukotab – xojasi bilan ma’lum bir vaqtda ma’lum miqdor pulni berib, ozod bo‘lishga ahdnoma tuzgan qul ekanligini «Hadis va Hayot» silsilasining o‘n ikkinchi juzida, «Qul ozod qilish» bobida o‘rgangan edik. Bu qanchalar ulug‘ va savobli ish ekanligini ta’kidlab o‘tirmasak ham bo‘ladi.
Birovga sidqidildan yordam bermoqchi bo‘lgan odam avvalo ana shunday, ozod bo‘lishni chin qalbdan xohlayotgan, buning uchun jonu dili bilan urinayotgan qulga yordam qilishi joiz va yaxshi ekanligini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining ushbu hadisi shariflarida alohida ta’kidlab o‘tganlar.
«Iffatni iroda qilgan turmush quruvchiga».
«O‘z iffatimni saqlayin, jinsiy maylimni pok yo‘l – nikoh yo‘li bilan qondirayin», deb urinayotgan kishiga yordam berish ham xuddi qullikdan ozod bo‘lishga harakat qilayotgan odamga yoki keyin bayoni keladigan, jihodga chiqishga harakat qilayotgan odamga yordam berishdek zarur va savobli ishdir.
Nikohli bo‘lib, iffatini saqlashga harakat etayotgan, ammo erisha olmayotgan kishiga yordam qo‘lini cho‘zish har bir mo‘min-musulmonning muqaddas burchidir. Bunday odamga kimdir so‘zi bilan, kimdir xizmati bilan, kimdir molu dunyosi bilan yordam bermog‘i kerak. Bu ish juda ham ulug‘ savobga molik bo‘lib, musulmonlar qadimdan bu borada boshqa xalqlardan ajralib turganlar. Ular oila qurishga urinmaganlarni oila qurishga undaganlar, oila qurish niyatidagilarga qo‘llaridan kelgan yordamlarini ayamaganlar.
Bu ishlarni xuddi mana shu hadisga amal qilib, ado etganlar. Hozirgi musulmonlar ham bu borada o‘z ixlos va g‘ayratlarini ko‘rsatishlari kerak.
Ba’zi yurtlarda bu ish musulmonlarning shaxsiy harakati tariqasida amalga oshirilayotgan bo‘lsa, boshqalarida oila quruvchilarga yordam jamiyatlari tuzilgan. Nima qilib bo‘lsa ham, bu ishni xayrli sanab, jonlantirgan afzal. Ana shunda ajru savobga erishiladi.
«Hadis va hayot» kitobi asosida tayyorlandi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Har bir musulmon uchun hayotning har bir jabhasida Islom axloqiga amal qilish farz sanaladi. Buning ichiga yo‘lda harakatlanish, piyoda va haydovchi sifatida qoidalarga rioya qilish ham kiradi. Islom dini faqat ibodatlar bilan cheklanib qolmaydi, balki jamiyatda tinch-totuv yashash va boshqalarning huquqlarini hurmat qilishni ham talab qiladi.
1. Javobgarlik hissi — haydovchining odobi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi boshqalarga zarar yetkazmaydi va zarar ham ko‘rmaydi” (Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyati).
Ushbu hadisga ko‘ra, haydovchi yo‘lda boshqalarning hayotiga, salomatligiga tahdid soluvchi harakatlardan ehtiyot bo‘lishi lozim. Yo‘ldagi har bir harakatimiz boshqalarga ta’sir qilishi mumkin.
2. Qoidalarga rioya qilish — itoat va omonat.
Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!” (Niso surasi, 59-oyat).
Hukumat tomonidan belgilangan yo‘l qoidalari kishilarning xavfsizligi uchun joriy qilingan. Ularga itoat qilish – Islom ta’limotiga muvofiq harakat qilishdir.
3. Shoshilmaslik va sabr - hayotni saqlab qolish vositasidir.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Xotirjamlik Allohdan va shoshilish shaytondandir” (Imom Termiziy rivoyati).
Yo‘lda shoshish, qonunni buzish, ortiqcha tezlik bilan harakatlanish –haydovchining nafaqat o‘z hayotiga, balki boshqalar hayotiga ham xavf tug‘diradi.
4. Qo‘pollikdan ehtiyot bo‘lish va yo‘ldagi odob.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yo‘l odoblari haqida: “Yo‘llarda o‘tirishdan saqlaninglar!” deganlar.
Shunda “Bizning yo‘lda o‘tirishdan boshqa ilojimiz yo‘q, chunki gaplashadigan majlislarimiz yo‘llarda bo‘ladi”, deyishdi.
U zot alayhissalom: “Agar yo‘lda o‘tirishdan boshqaga ko‘nmasangiz, u holda yo‘lning haqini ado etinglar”, dedilar. Ular: “Yo‘lning haqi nima?” deb so‘rashdi.
U zot alayhissalom: “Yo‘lning haqqi ko‘zni tiyish, ozor yetkazishdan tiyilish, salomga alik olish, ma’ruf ishlarga buyurish va munkar ishlardan qaytarish”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Bugungi kunda bu odoblar haydovchilar va piyodalar uchun ham dolzarbdir. Yo‘lda hurmat va odobni saqlash, yo‘l berish, o‘zgalarni haqorat qilmaslik – musulmonning odobidir.
5. Huquqqa rioya qilish — boshqalarga yordam
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim dunyoda bir mo‘minni dunyo g‘amlaridan birini yengillatsa, Alloh taolo uning dunyo va oxirat g‘amlarini yengillatadi. Kim bir mo‘minning qiyinchiligini osonlashtirsa, Alloh taolo o‘sha insonni dunyo va oxiratda mushkulini oson qiladi” (Imom Muslim rivoyati).
Yo‘lda boshqalarga yordam berish — masalan, haydovchi bo‘lsangiz, qariya yoki nogironni olib o‘tish, mashinangizda yordamga muhtoj kishini olib borish – savobli amaldir.
Xulosa:
Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish faqat davlat talabiga amal qilish emas, balki Islom axloqi va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilishdir. Har bir musulmon harakatda ham, niyatda ham odobli, mas’uliyatli va salbiy oqibatlarni oldindan o‘ylaydigan inson bo‘lishi lozim.
Manbalar asosida
Ilyos Ahmedov tayyorladi.