Sayt test holatida ishlamoqda!
24 May, 2025   |   26 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:18
Quyosh
04:57
Peshin
12:25
Asr
17:29
Shom
19:46
Xufton
21:19
Bismillah
24 May, 2025, 26 Zulqa`da, 1446

Onasini ranjitgan farzand

17.12.2024   4001   4 min.
Onasini ranjitgan farzand

Bismillahir Rohmanir Rohiym
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu

Bugun sizlarga onaga yaxshilik qilish, uni e’zozlash va hurmat qilish, yaxshi ko‘rish haqida so‘zlab beraman. Alloh taolo Qur’oni karimning juda ko‘p oyatlarida ota-onaga yaxshilik qilishga buyurgan. Alloh taolo: “Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat”, degan.

Alloh taolo ushbu oyatda ota-onaga mehribon bo‘lishga, ularga muloyimlik bilan muomala qilishga buyuradi. Farzand ota-onasining oldida o‘zini kamtar tutishi lozim.

Keling, sizga bu haqda bir hikoyani so‘zlab beray.

Bir yigit onasi bilan yolg‘iz yashardi. U barcha yoshlar kabi tez jahli chiqadigan va g‘azablanadigan edi. Kunlarning birida ko‘ylagini kiymoqchi bo‘ldi, lekin tugmasi uzilib tushganini ko‘rib jig‘ibiyron bo‘ldi. Onasidan alamini olmoqchi bo‘lib: “Ona ko‘ylagimning tugmasi qani?!” deb baqirdi. Onasi bir zumda ko‘ylakka tugma qadab bersa-da, o‘g‘lining g‘azabi bosilmadi. Balki yanada qattiqroq onasiga baqirib, qo‘lidagi qog‘ozlarni stolga otib, onasiga jahl qildi. Onasi xafa bo‘lib, bir og‘iz ham so‘z aytmadi. O‘g‘li o‘zining xonasiga eshikni bor kuchi yopib, kirib ketdi.

Ha, afsuski bugungi kunda bunday yoshlar juda ko‘p.

Yigit qilgan ishidan qattiq afsuslandi, onasini ranjitgani uchun kechasi bilan uxlay olmadi. Ertalab tong otishi bilan onasidan kechirim so‘rash uchun onasining oldiga bordi, lekin onasi unga hech narsa demadi. Yigit universitetga ketdi.

Yigitning halovati yo‘q edi, darsga qatnashishni ham istamasdi. Miyasida turli o‘y-hayollar qaynardi. “Bugun onamga biror narsa bo‘lsa-ya”, “Alloh saqlasin, agar onam vafot etib qolsa-chi?”, “axir onam menda noroziku...”, “nega onamni xafa qilib qo‘ydim...”

Yigitning hayoliga shu kabi turli qo‘rqinchli fikrlar kelardi.

Aziz yoshlar, bilingki, agar onangizni norozi qilsangiz, butun dunyo sizdan norozi bo‘ladi, keng dunyo sizga torlik qiladi. Agar onangizni rozi qilsangiz, butun dunyo sizdan rozi bo‘ladi. Eng muhimi – Alloh sizdan rozi bo‘ladi.

Yigit qanday bo‘lmasin onasidan uzr so‘rashga, onasining ko‘nglini ko‘tarishga harakat qilardi. Telefonidan onasiga xat yozmoqchi bo‘ldi. Lekin nima deb yozishni bilmasdi. Oxiri bunday deb yozdi: “Onam men hozir bir ma’lumotni o‘qib qoldim. Aytilishicha, inson oyog‘ining tag qismi oyoqning ustki qismiga qaraganda yumshoqroq ekan. Mening mehribon onam bu ma’lumotga ishonch hosil qilishim uchun oyoqlaringizning tagini ham, ustini ham o‘pib ko‘rishimga ruxsat berasizmi?”.

Shu payt yigitning darsi boshlandi, darsga kirib ketdi. U darsda o‘tirar ekan, lekin butun hayoli onasida edi. Tezroq uyga borishga, onasining oyoqlarini o‘pishga shoshilardi.

O‘qishi tugashi bilan uyga ketmoqchi bo‘lib turganida telefoniga onasidan xabar keldi. Onasi unga bunday javob xati yozgandi: “Yo‘q, o‘g‘lim ruxsat bermayman. Chunki bu ma’lumot to‘g‘ri ekanini bilaman. Sen chaqaloqlik vaqtingda bilganman, bolam. Go‘daklik chog‘ingda oyoqlaringni tagini ham, ustini ham o‘pardim”. Yigit bu xabardan o‘zini tiyib tura olmasdi, ko‘zlaridan durdek yosh tomchilari sizib chiqardi.

Yigit uyiga xuddi shamoldek uchib bordi, hali hech qachon bunchalik tez yugurmagan edi. Uyiga kirishi bilan onasini quchoqlab, yuzlaridan, qo‘llaridan o‘pdi. Oyoqlaridan o‘pmoqchi edi, onasi bunga yo‘l qo‘ymadi. Onasini qattiq quchoqlab, “Onajon meni kechiring” dedi. Onasi ham ko‘z yosh to‘kib “Sendan xafa emasman, bolam, allaqachon kechirganman”, dedi.

Aziz yoshlar, onangizni hurmat qiling! Aslo ranjitmang, xafa qilmang! Mehribon va muloyim bo‘ling. Har kuni xursand qiling, hamisha yuzida tabassum bo‘lishiga sababchi bo‘ling!

Unutmang, jannatingiz kaliti, bu dunyodagi baxt, rohat va yutuqlaringiz asosi – onangiz roziligi bilan bog‘liq.

Maqolaning videolavha shakli

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar

Hajga ketgan odam qurbonlikni qanday qiladi?

23.05.2025   2960   2 min.
Hajga ketgan odam qurbonlikni qanday qiladi?

Cavol: Men har yili qurbonlik qilar edim, bu yil ham qurbonlik qilishni niyat qilgan edim. Ammo bu yil muborak haj ibodatini ado qilish nasib qilib haj qilish uchun ketayapman. Shu holatda qurbonligimni qanday ado qilaman?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh taolo safaringizni O‘zi oson qilsin. Qurbonlik vojib bo‘lishi uchun kishi muqim bo‘lishi kerak, safarda yurgan musofirlarga qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi.

Musofir kishi qurbonlik qilinadigan kunlar o‘tib ketishidan avval muqim bo‘lib qolsa, bu holatda unga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi.

Zimmasiga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan boy kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olib qurbonlik qilinadigan kunlar kelishidan avval safarga chiqib ketsa, uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘ladi. Ammo boyligi nisobga yetmagan va shu sababli unga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olish bilan qurbonlik qilishni nazr qilgan hisoblanadi va bunday kishi qurbonlik qilinadigan kunlari safarga chiqsa ham uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘lmaydi. Nomidan qurbonligini so‘yish uchun biror kishini vakil qilib tayinlaydi (Fatavoi Hindiya).

Demak, agar sizni nisob miqdorida molingiz bo‘lib sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan bo‘lsa va hox qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz ham yoki sotib olmagan bo‘lsangiz ham bu kunlarda safarda bo‘lganingiz sabab sizdan qurbonlik soqit bo‘ladi.

Agar sizni nisobga yetgan molingiz bo‘lmasa va sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan bo‘lsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y ham sotib olmagan bo‘lsangiz sizga qurbonlik vojib emas. Lekin qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz nomingizdan qurbonligingizni so‘yish uchun biror kishini vakil qilasiz.

Bu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratishingiz lozim. Agar haj safarida muqimlik holatini topsangiz ya’ni Makkada unga borganingizdan boshlab Minoga chiqadigan kuningizgacha yoki Minodan qaytganingizdan keyin 15 kun tursangiz qurbonlik vojib bo‘ladi. Uni o‘sha yerda yoki vakil orqali o‘z uyingizda so‘ydirishingiz vojib bo‘ladi.

Yana shuni ta’kidlaymizki, mazkur qurbonlik va hajdagi jonliq so‘yish masalalari boshqa-boshqa masalalardir. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.