Bismillahir Rohmanir Rohiym
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu
Bugun sizlarga onaga yaxshilik qilish, uni e’zozlash va hurmat qilish, yaxshi ko‘rish haqida so‘zlab beraman. Alloh taolo Qur’oni karimning juda ko‘p oyatlarida ota-onaga yaxshilik qilishga buyurgan. Alloh taolo: “Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat”, degan.
Alloh taolo ushbu oyatda ota-onaga mehribon bo‘lishga, ularga muloyimlik bilan muomala qilishga buyuradi. Farzand ota-onasining oldida o‘zini kamtar tutishi lozim.
Keling, sizga bu haqda bir hikoyani so‘zlab beray.
Bir yigit onasi bilan yolg‘iz yashardi. U barcha yoshlar kabi tez jahli chiqadigan va g‘azablanadigan edi. Kunlarning birida ko‘ylagini kiymoqchi bo‘ldi, lekin tugmasi uzilib tushganini ko‘rib jig‘ibiyron bo‘ldi. Onasidan alamini olmoqchi bo‘lib: “Ona ko‘ylagimning tugmasi qani?!” deb baqirdi. Onasi bir zumda ko‘ylakka tugma qadab bersa-da, o‘g‘lining g‘azabi bosilmadi. Balki yanada qattiqroq onasiga baqirib, qo‘lidagi qog‘ozlarni stolga otib, onasiga jahl qildi. Onasi xafa bo‘lib, bir og‘iz ham so‘z aytmadi. O‘g‘li o‘zining xonasiga eshikni bor kuchi yopib, kirib ketdi.
Ha, afsuski bugungi kunda bunday yoshlar juda ko‘p.
Yigit qilgan ishidan qattiq afsuslandi, onasini ranjitgani uchun kechasi bilan uxlay olmadi. Ertalab tong otishi bilan onasidan kechirim so‘rash uchun onasining oldiga bordi, lekin onasi unga hech narsa demadi. Yigit universitetga ketdi.
Yigitning halovati yo‘q edi, darsga qatnashishni ham istamasdi. Miyasida turli o‘y-hayollar qaynardi. “Bugun onamga biror narsa bo‘lsa-ya”, “Alloh saqlasin, agar onam vafot etib qolsa-chi?”, “axir onam menda noroziku...”, “nega onamni xafa qilib qo‘ydim...”
Yigitning hayoliga shu kabi turli qo‘rqinchli fikrlar kelardi.
Yigit qanday bo‘lmasin onasidan uzr so‘rashga, onasining ko‘nglini ko‘tarishga harakat qilardi. Telefonidan onasiga xat yozmoqchi bo‘ldi. Lekin nima deb yozishni bilmasdi. Oxiri bunday deb yozdi: “Onam men hozir bir ma’lumotni o‘qib qoldim. Aytilishicha, inson oyog‘ining tag qismi oyoqning ustki qismiga qaraganda yumshoqroq ekan. Mening mehribon onam bu ma’lumotga ishonch hosil qilishim uchun oyoqlaringizning tagini ham, ustini ham o‘pib ko‘rishimga ruxsat berasizmi?”.
Shu payt yigitning darsi boshlandi, darsga kirib ketdi. U darsda o‘tirar ekan, lekin butun hayoli onasida edi. Tezroq uyga borishga, onasining oyoqlarini o‘pishga shoshilardi.
Yigit uyiga xuddi shamoldek uchib bordi, hali hech qachon bunchalik tez yugurmagan edi. Uyiga kirishi bilan onasini quchoqlab, yuzlaridan, qo‘llaridan o‘pdi. Oyoqlaridan o‘pmoqchi edi, onasi bunga yo‘l qo‘ymadi. Onasini qattiq quchoqlab, “Onajon meni kechiring” dedi. Onasi ham ko‘z yosh to‘kib “Sendan xafa emasman, bolam, allaqachon kechirganman”, dedi.
Aziz yoshlar, onangizni hurmat qiling! Aslo ranjitmang, xafa qilmang! Mehribon va muloyim bo‘ling. Har kuni xursand qiling, hamisha yuzida tabassum bo‘lishiga sababchi bo‘ling!
Unutmang, jannatingiz kaliti, bu dunyodagi baxt, rohat va yutuqlaringiz asosi – onangiz roziligi bilan bog‘liq.
Davron NURMUHAMMAD
Har yangi kunning tongini ko‘rganingizda qalbingizni zikr ila to‘ldiring. Iymon zikrlariga quloq tutar ekansiz, borliq Yaratgan Zot sari talpinayotganini his qilasiz. Alloh taolo aytadi: «...Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur...»[1]. Balki uyda, balki ko‘chada, qayerda bo‘lsangiz-da, Allohning zikriga shoshiling. Zikrlarni ko‘paytirganingiz sari Allohga bo‘lgan muhabbatingiz ortib boradi, osmonlaru yerning Xoliqi bo‘lgan Alloh taolodek buyuk Zot suyanchig‘ingiz ekanini anglaysiz...
Ushbu misralarni doim yodda tuting:
Gar ersa qalblar Xoliqin zikridin mosuvo,
Alar jasad ichidin joy olgan tosh kabi go‘yo.
Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.
Toshda na mehr va na his bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Robbini zikr qiladigan bilan zikrdan yiroqda bo‘lgan kishi xuddi tirik bilan o‘lik kabidir” [2], deganlar.
Yana Nabiy alayhissalom: “Sizlarga amallaringizning eng xayrlisi va Sultoningiz huzurida eng pokiza, darajangizni yuqorilatadigan, sizlar uchun tillo-kumushlarni ehson qilgandan-da, dushmaningizga yo‘liqib, uning boshini tanasidan judo qilishingiz, u ham sizning kallangizni bo‘yningizdan uzib tashlashidan-da yaxshiroq amal qaysi ekanini bildirib qo‘yaymi?!” – dedilar. Sahobalar: ”Ha, ey Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot: U Allohning zikridir”,3] dedilar.
Ubayd ibn Umayr aytadilar: “Mo‘minning amal daftaridagi hamd ila tasbeh – u bilan dunyo tog‘laricha tillo sudralib yurishidan xayrlidir”.
Nabiy alayhissalom yana boshqa bir hadisda: «Alloh taoloning fazilat izlab kezib yuruvchi farishtalari bo‘lib, ular zikr aytib o‘tirilgan davralarni izlab yurishadi. Shu asnoda zikr bo‘layotgan davrani topishsa, farishtalar zikr halqasidagilar bilan birgalikda o‘tirishadi va bir-birlarini qanotlari bilan o‘rab olishadi, shu tarzda zikrdagi kishilar bilan dunyo osmonining orasi farishtalar bilan to‘lib ketadi. Zikr halqasidagi kishilar tarqalib ketishsa, farishtalar osmonga ko‘tarilib ketishadi.
Keyin Alloh taolo hammasini bilib turgani holda, ulardan: “Qayerdan keldinglar? – deb so‘raydi. Ular: “Biz yerdagi bandalaring oldidan keldik. Ular Senga tasbeh aytyaptilar, takbir, tahlil aytib, Senga maqtov yo‘llayaptilar va O‘zingdan so‘rashyapti”, deb javob qaytarishadi.
Alloh taolo: “Ular Mendan nimani so‘rayapti?” – deydi. Farishtalar javoban: “Sendan jannatingni so‘rashyapti”, deyishadi. Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rishganmi?” – deya farishtalardan yana savol so‘raydi. Farishtalar javob berib: “Yo‘q! Ey Yaratgan Zot!” – deyishadi. Alloh subhanahu va taolo yana: “Mabodo ular jannatimni ko‘radigan bo‘lsalar, holat qanday bo‘ladi-ya?” – deydi. Farishtalar: “Ular yana Sendan panoh tilashyapti”, deyishadi. Alloh taolo savol tariqasida: “Nimadan panoh berishimni so‘rashyapti?” – deydi.
Ular: “Jahannamingdan, ey Yaratgan Zot!” – deb javob qaytarishadi. “Ular do‘zaximni ko‘rganmi?” – deb so‘raydi Alloh taolo. Javob qaytarib: “Yo‘q!” – deyishadi ular.
Alloh taolo: “Ular do‘zaximni ko‘rishsa qanday bo‘larkin?” – deydi.
Farishtalar: “Ular yana Sendan mag‘firat qilishingni so‘rashyapti”, deyishadi.
Alloh taolo: “So‘zsiz ularning gunohlarini kechirdim, ularga so‘rovlarini ato etdim va panoh tilagan narsalaridan ularni O‘z panohimga oldim”, deydi.
Farishtalar: “Ey Yaratgan Zot! Ular orasida falonchi, o‘ta xatokor qul ham bor. U o‘tib keta turib ularning oldiga o‘tirib oldi”, deyishadi. Alloh taolo shunday deya marhamat qiladi: “Uni ham kechirdim! Ular hammajlislari badbaxt bo‘lmaydigan kishilardir”, deydi»[4], dedilar.
[1] Isro surasi, 44-oyat.
[2] Imom Muslim rivoyati.
[3] Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Muslim rivoyati.