Shu yilning 15-16 dekabr kunlari Qohira shahrida xalqaro fatvo kuni munosabati bilan “Fatvo va ma’naviy xavfsizlikni himoya qilish” mavzusi bo‘yicha ilk anjuman o‘tkazildi. Unda dunyoning turli mamlakatlaridan 100 dan ziyod ulamo va fatvo mutaxassislari qatnashdi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi turli g‘oyaviy tahdidlardan muhofazalanish uchun birgalikda harakat qilish va jamiyatlarda tinchlikni mustahkamlash sanaladi.
Mazkur anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Fatvo markazi mutaxassisi Habibulloh domla Jo‘raboyev ishtirok etdi.
Xalqaro anjumanda Homidjon domla mavzu doirasida ma’ruza qilib, unda, jumladan, fatvolar islom olamida naqadar ahamiyatli ekani, noto‘g‘ri fatvolar musulmonlar o‘rtasida bo‘linishga olib kelayotgani, bu esa mo‘tadillikka asoslangan Islom ruhiga zidligi, bu borada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Fatvoga jur’atli bo‘lganlaringiz do‘zahga jur’atli bo‘lganingizdir", deganlari, sahobalar esa fatvo berishda juda ehtiyotkor bo‘lganlari, ular xatoga yo‘l qo‘yishdan qo‘rqib fatvo berishdan saqlanganlari, shu bois, bu ulug‘ vazifada turish qat’iy shart-sharoitlarni taqozo etishi, ularning eng muhimi bilim va malakani chuqurlashtirish, voqelikni anglash, havoyi nafslardan xoli bo‘lish lozimligini alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, Homidjon domla mazkur yo‘nalishdagi muammolarning oldini olish maqsadida, fiqhiy akademiyalar va diniy idoralarning hamkorligini kuchaytirish, ularni ilmiy salohiyat va katta tajribaga ega bo‘lgan malakali olimlardan iborat mutaxassislar bilan ta’minlash zarurligi, shuningdek, zamon o‘zgarishlariga hamnafas, mustahkam ilmiy asosga ega oqilona fatvo madaniyatini keng yoyish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligini qayd etdilar.
Ma’ruza davomida mamlakatimizdagi diniy-ma’rifiy sohada, jumladan, fatvo yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Markaziy Osiyoda yagona Fatvo markazi tashkil etilgani, unda 20 nafar ulamo faoliyat yuritayotgani, keyingi yillarda qardosh xalqlar Diniy idoralari va Turkiy davlatlar ulamolari bilan yaqin hamkorlik qilinayotgani haqida ma’lumot berdilar.
Anjuman yakunida tegishli qaror va tavsiyalar qabul qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati