Bismillahir Rohmanir Rohiym
Madinada – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam masjidlarining shimoliy qismiga yangi gilamlar to‘shaldi. Ushbu tashabbus Payg‘ambarimiz masjidi ma’murlari tomonidan amalga oshirildi.
Tashrif buyuruvchi ziyoratchilar o‘z ibodatlarini yanada qulay ado etishlari uchun ushbu xayrli ishga qo‘l urildi. Eski gilamlar o‘rniga sifatli yangi gilamlar solindi, bu esa o‘z navbatida ziyoratchilarga qulaylik, o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlaydi.
Gilamlarni almashtirish jarayonida ziyoratchilarning ibodatlariga xalaqit bermagan holda puxta reja bilan yangi gilamlar solindi. Bu esa ziyoratchilarning ibodatlarini uzluksiz ado etishga imkon berdi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ta’lim berayotgan barcha duolarning tub maqsadi shuki, qay holatda, qanday ishda mashg‘ul bo‘lsangiz ham, qalbingiz faqat Alloh tomonga qarasin. Bu qalbni Alloh taolo O‘zi uchun yaratgan. Ko‘z, quloq, til va boshqa a’zolar dunyoviy ishlar uchun, ular orqali dunyoviy maqsadlarga erishiladi. Lekin qalbni Alloh taolo xolis O‘zi uchun yaratgan. Toki, unda Allohning tajalliysi (nuri) bo‘lsin, Allohning muhabbati ila yashnasin, Allohning zikri ila obod bo‘lsin.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Eng afzal amal bandaning tili Allohning zikri ila nam bo‘lishidir», dedilar.
Tilni Alloh taolo qalbga tushadigan zina qilgan. Til bilan zikr qilaversang, inshaAlloh, u zikr qalbga naqshlanib boraveradi. Alloh taoloning yodi va muhabbati shu darajada jo bo‘lsinki, qalb Alloh taoloning tajalliygohi (nuri tushadigan joy) bo‘lsin. Tariqat, tasavvuf va sulukning asl maqsadi ham shudir.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan