Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Dekabr, 2024   |   25 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:03
Xufton
18:23
Bismillah
26 Dekabr, 2024, 25 Jumadul soni, 1446
Maqolalar

Abbosiy xalifalari

18.12.2024   2144   14 min.
Abbosiy xalifalari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Abul Abbos Saffoh
(xalifalik davri: hijriy 132–136; milodiy 750–754)

To‘liq ismi – Abdulloh ibn Muhammad ibn Aliy ibn Abdulloh ibn Abbos. U Banu Abbosning birinchi xalifasidir. Otasi abbosiylar davlatining birinchi mutafakkiri – abbosiylar davlati tuzish fikrini o‘rtaga tashlagan odam bo‘lib, ushbu fikrni yoyish uchun ko‘plab ishlarni amalga oshirgan. Abdulloh uning ko‘p sirlarini bilar edi. Abul Abbos Saffohning akasi Ibrohim hijriy 129 (milodiy 746) yilda umaviylar tomonidan qamalishidan oldin o‘z o‘rniga ukasini saylab ketgan edi. U o‘z jamoati bilan maxfiy ravishda Kufaga kelib joylashgandi.

 

Abul Abbos Saffohning xalifaligi

Xuroson va Iroqni abbosiylar egallab olganlaridan keyin Abul Abbos Saffoh berkingan joyidan chiqdi va u hijriy 132 (milodiy 750) yilda xalifa etib saylanib, bay’at qilindi. Shundan so‘ng Abul Abbos Saffoh Marvon ibn Muhammadni yengdi va o‘sha yilning o‘zida umaviylar davlatini qulatdi.

Mulohaza qilinishicha, u o‘zining xalifalik davrida uch narsaga suyangan.

Birinchisi – oilasi. Uning amakilari, aka-ukalari, amakivachchalari juda ko‘p bo‘lgan. Harbiy sohani, viloyatlardagi barcha ishlarni, nasihat, shuro (kengash) ishlarining hammasini ular o‘zlari boshqarishgan.

Ikkinchi suyanch nihoyatda usta va nodir lashkarboshi Abu Muslim Xurosoniy bo‘lgan. O‘zining quvvati, sabr-bardoshi, jasorati hamda ishni yaxshi bilishi bilan Xuroson va Iroqni bo‘ysundirgan bu odam abbosiylar davlatining tashkil topishi uchun ham juda ko‘p ishlarni amalga oshirgan edi.

Uchinchi suyanch qabila mutaassibligi bo‘lgan. Qabila a’zolari orasida hukm surgan mutaassiblik umaviylar davrining so‘ngida yana ham haddidan oshib ketdi. Abbosiylar bundan ustalik bilan foydalandilar. Ular yamanliklar bilan birga bo‘lib, Qays qabilasining ziddiga, umaviylarning yordamchilariga qarshi turishgan edi.


Poytaxt

Kufa shahri abbosiylar davlatining poytaxti qilib olindi. Mana shu shaharda Saffohga bay’at qilindi. So‘ng u Anborga ko‘chib o‘tdi va hijriy 134 (milodiy 752) yilda bu yerni o‘zining poytaxti deb e’lon qildi.


Fathlar

Saffohga bay’at qilingach, u asosan o‘z davlatini qaror toptirish, uni quvvatlantirish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Fathlarga e’tibor bermay qo‘ydi.

Ba’zi bir turk yurtlarida, Movarounnahrda askarlarning bordi-keldisi bo‘lib turdi, xolos. Saffoh hijriy 136 (milodiy 754) yilda vafot etdi. Uning xalifaligi to‘rt yil davom etdi.

 

Abu Ja’far Mansur
(xalifalik davri: hijriy 137–158; milodiy 754–775)

Abu Ja’far Mansur – Abdulloh Soniy ibn Muhammad ibn Aliy ibn Abdulloh ibn Abbosdir. U Banu Abbosning eng shijoatli, eng bilimdon va eng azmu qarorli odami edi. Abu Ja’far Mansur abbosiylar davlatining haqiqiy muassisi hisoblangan. U Abul Abbos bilan Kufaga ko‘chib kelgan, u bilan birga faoliyat olib borgan, da’vat ishlarida unga yelkadosh bo‘lgan va uni quvontiradigan juda ko‘p ishlar qilgan edi. U o‘zidan oldingi xalifaning doimiy yordamchisi va ko‘makdoshi bo‘lgan. Abu Ja’far Mansur xalifa bo‘lishidan oldin Jazira, Armaniston va Ozarboyjonda voliylik qilgan, akasi Abul Abbosdan keyin uning yozgan ahdnomasi asosida xalifa bo‘lgan.

 

Hodisalar

Mansurga qarshi juda ko‘p xatarli qo‘zg‘alonlar uyushtirildi. Qo‘zg‘alonlar borliqni larzaga soladigan, nafslarni titratadigan darajada kuchli bo‘ldi. Lekin Mansur nihoyatda mustahkam sabr-bardoshga ega edi. U o‘zining oqilligi va mahorati, to‘g‘ri siyosati bilan barcha qo‘zg‘alonlarni bostirdi, qo‘zg‘alonchilar ustidan g‘olib keldi. Quyida uning davridagi eng muhim hodisalardan bir nechtasini aytib o‘tamiz.


Amakisi Abdulloh ibn Aliyning qo‘zg‘aloni

Mansurning amakisi Abdulloh ibn Aliy xalifalikka haqliroq ekanini da’vo qildi, chunki u Marvon ibn Muhammadni qatl etgan va davlatning asosini sobit qilgan edi. Shuningdek, Abdulloh Saffoh unga ahd qilib, «Seni xalifa qilaman» degan da’voni ilgari surdi. Abdulloh ibn Aliyning askarlari unga bay’at ham qildi. Shuningdek, Shom ahli va Arabiston yarimorolidagi musulmonlar ham unga bay’at qilishdi. U o‘z lashkari bilan Harronga borib, o‘sha yerda istehkom qurib oldi. Shundan so‘ng Mansur unga qarshi Abu Muslim Xurosoniyni yubordi. U yerda besh oy urush bo‘ldi va nihoyat Abdulloh Saffoh yengilib, Basraga qochib ketdi. Hijriy 137 (milodiy 754) yilda Mansur uni tutib, hibsga oldi. Abdulloh ibn Aliy qamoqda vafot etdi.


Abu Muslim Xurosoniyning qatl qilinishi

Abu Muslim nihoyatda kuchli, asli Forsdan bo‘lgan dohiy inson edi. U Xuroson yurtida hech kimga itoat qilmaydigan, hech kimsadan qo‘rqmaydigan yakkayu yolg‘iz dovyurak inson hisoblanardi. Mansur har doim undan qo‘rqib yashar, uning qalbida Abu Muslimga nisbatan “Mening davlatimga qarshi chiqib qolmasa edi” degan xavf bor edi. Bir kuni Mansur amakisi Abdullohni yo‘q qilishni buyurish bahonasida uni oldiga chaqirdi. Abu Muslim Xurosoniy juda ko‘p tahdidlardan va qistovlardan keyin keldi. Shunda Mansur uni tutib olib, qatl qildn. Bu voqea hijriy 137 yilda yuz berdi.

 

Muhammad va Ibrohim tomonidan uyushtirilgan qo‘zg‘alon

Muhammad va Ibrohim Abdulloh ibn Hasan ibn Aliyning farzandlari edi. Hijriy 145 (milodiy 762) yilda Muhammad Madinai munavvarada qo‘zg‘alon ko‘tardi. Mansur lashkar yuborib, uni yengdi. So‘ng Muhammadning akasi Ibrohim Basrada qo‘zg‘alon uyushtirdi. Basraning aholisi unga itoat qildi. So‘ng u Iroq, Fors va Axvoz xalqini o‘ziga bo‘ysundirdi. Mansurga qarshi juda katta urushlar olib bordi va hijriy 145 yilda Mansur uni yo‘q qildi.

Ana shu alaviylar “Xalifalikka abbosiylardan ko‘ra biz haqliroqmiz” degan da’voni ilgari surishar va xalifalikka talabgor edilar.


Xavorijlar

Mansurning davrida Mag‘rib yurtlarida xavorijlar katta faoliyat olib borishdi. Hijriy 140 (milodiy 758) yilda ular Sijilmosa degan joyda Sufriyya nomli davlatni tiklashdi.

Abu Ja’far Mansur ularga qarshi urushda juda katta jasorat ko‘rsatdi.


Andalusdagi umaviylar davlati

Umaviylar davlati qulagandan so‘ng Abdurrahmon ibn Muoviya ibn Hishom ibn Abdulmalik Andalusga qochib ketdi. Ismini Abdurrahmon Doxil deb o‘zgartirib, u yerda umaviylar davlatining bir bo‘lagiga asos solishga imkon topdi. Abdurrahmon Doxil Andalusda juda ko‘p ishlarni amalga oshirdi va hijriy 137 yilda u orzusiga yetdi. Abu Ja’far Mansur unga qarshi urush qilishdan ojiz bo‘ldi va o‘z xoliga qo‘yib berdi.

 

Fathlar

Vaziyat qaror topgandan so‘ng Mansur Rum yurtlariga askarlar yubordi. Chegaralar qurdi, chegara qo‘riqlashni yo‘lga qo‘ydi. Turli fath ishlarini tartibga soldi. Qishda va yozda harakat qiladigan harbiy qo‘shinlarni tuzdi, ular “savoyib” va “shatoyib” deb ataldi. Amalga oshirilgan bu barcha ishlarning ortida chegaralarni yaxshilab qo‘riqlash, ahdni buzgan yurtlarni yana qaytadan o‘ziga bo‘ysundirish maqsadi bor edi. Misol uchun, o‘sha paytlarda Tabariston, Daylam, Kashmir va shunga o‘xshash boshqa yurtlarda ahdni buzish holatlari sodir bo‘lgan edi.

 

Xalifa Mansurning eng muhim ishlari

Hijriy 146 (milodiy 763) yilda Mansur Bag‘dod shahrini qurdi va uni o‘z davlatiga poytaxt qilib oldi.

Ushbu o‘rinda yana Buyuk Britaniyada Jon Fozergil suratga olgan «Sharq va G‘arb» nomli hujjatli filmning to‘rtinchi qismidan olingan iqtibosni e’tiboringizga havola etishga ijozat bergaysiz.

 

Doktor Tomas Kirk
(Nyu-York universiteti):

“Islom hukmdorlari Bag‘doddagi abbosiylardan boshlab o‘zlari fath qilgan o‘lkalardagi madaniyat va maorifni saqlab qolishga, ilm-fanga alohida ahamiyat berishga va to‘plangan ilmiy ma’lumotlarni umumlashtirishga urindilar”.

Abbosiylar sulolasi 750 yilda Dajla daryosi qirg‘oqlarida yangi shaharga asos solib, unga «Madinatus-Salom» deb nom berdilar. Biroq shahar o‘zining mahalliy nomi – Bag‘dod degan nom bilan tarixda qoldi. Bag‘dod shahri ulkan doyra shaklidagi makonda joylashgan bo‘lib, uning markazida xalifaning muhtasham qasri o‘rin olgan, uning atrofida esa o‘z davrining eng buyuk shahri qad ko‘tarmoqda edi.


Doktor Tomas Kirk
(Nyu-York universiteti):

«Agar menga VIII asrda yashash nasib qilib qolsa, Bag‘dodni tanlagan bo‘lardim. Bu juda qiziqarli edi. U yerda hayot qaynar, Bag‘dod dunyodagi eng qudratli saltanatning markazi edi, xalifalar yangi shaharning madaniyati, ta’lim tizimi va qurilishi uchun ulkan mablag‘larni ayamasdilar. O‘ylaymanki, o‘sha paytda bu shahar g‘oyatda ajoyib joy bo‘lgan» (Iqtibos tugadi).

– Xalifa Mansur Rofika shahrini ham qurdi.

–  Xalifa Mansur hijriy 139 (milodiy 757) yilda Masjidul Haromni kengaytirdi.

–  Mansur abbosiylar davlatining asl bunyodkori hisoblanadi. U har bir narsani o‘z o‘rniga qo‘ydi, qoidalarni tartibga soldi. Nizom va qonunlarni joriy qildi.

–  Imom Molik ibn Anas yoshligida Ja’far Mansur bilan birga o‘qigan ekan. Katta bo‘lganlarida yo‘llari turlicha bo‘lib, imom Molik ilmda, ayniqsa fiqhda ulkan allomalik darajasiga yetib, hammaning hurmatiga sazovor bo‘ldi.

Bir kuni xalifa Ja’far Mansur og‘aynilari va hamdarslari bo‘lmish imom Molik bilan majlis qurdi va u kishiga: «Yaqin orada men bilan sendan bilimliroq odam yo‘q, o‘zing ko‘rib turibsan, men manavi ish (ya’ni xalifalik) bilan mashg‘ul bo‘lib qoldim. Sen odamlarga diniy ishlarni yengillashtirib bersang», dedi.

Imom Molik rozi bo‘ldi va «Muvatto» kitobini ta’lif qildi. Yanagi haj mavsumida «Muvatto» kitobi bilan tanishgan xalifa Ja’far Mansur qoyil qoldi va imom Molikka: «Juda yaxshi qilibsan, agar xohlasang, hamma odamlarni shu kitobga jamlayman», dedi.

Imom Molik: “Yo‘q, unday qilma, Rasulullohning sahobalari hamma yoqqa tarqalib ketishdi, ularning har biri o‘zi bilan yaxshilikni olib ketdi”, dedi.

Ushbu qissadan ko‘rinib turibdiki, o‘sha davrda davlat boshlig‘i kishilarga fiqhiy ko‘rsatmalar majmuasi lozimligini anglab yetgan. Ulamolar, jumladan imom Molikdek zabardast olim ham bu zaruratni tushunib yetgan.

Bundan xalifa Mansurning fiqh ilmi rivojiga ham katta hissa qo‘shgani kelib chiqadi.

–  Xalifa Abu Ja’far Mansur Bag‘dodni qurayotib, Kufadan Abu Hanifani opkeltirdi. Imom Abu Hanifa shahar rejasini ishlab chiqish va qurishda qatnashdi. Ammo halifa qozilikni taklif qilganda, bosh tortdi. Orada do‘q-po‘pisa, tortishuvlar bo‘ldi.

–  Imom Abu Hanifaning hayotini o‘rgangan tarixchilarniig aytishlaricha, u kishi xalifa Mansurning «Agar qozi bo‘lmasang, Furot daryosiga oqizib yuboraman», degan do‘qida «Daryoda oqishni afzal ko‘raman. Bilib qo‘y, men bu ishni eplay olmayman», degan. Shunda xalifa Imomga: «Yolg‘on aytyapsan», degan. Imom Abu Hanifa darhol: «Qanday qilib sen yolg‘onchini qozi qilishga rozi bo‘lyapsan?» degan.

–  Abu Ja’far Mansur turli ilmlarni tarqatishga katta ahamiyat berar, olimlarni ehtirom qilar edi. U Bag‘dodda, xalifalik qasrida «Baytul Hikmat»ni tashkil qilgan va unga o‘zi boshchilik qilib turgan. O‘sha paytda Baytul Hikmat turli kitoblarni arab tiliga tarjima qilish markazi sifatida ish boshlagan.

Abu Ja’far Mansur Rim imperatoridan yunonlarning kitoblaridan yuborishni so‘ragan. U tib, handasa, hisob va falakiyotga oid kitoblarni yuborgan. U yerdagi tarjimonlar esa mazkur kitoblarni arab tiliga tarjima qilishgan.

Xalifa Abu Ja’far Mansurning kun tartibi

–  Mansur kunning avvalida amri ma’ruf, nahiy munkar, viloyatlarga bog‘liq ishlar, ishga tayin qilish va olish hamda ommaning manfaatiga oid ishlar bilan mashg‘ul bo‘lar edi.

–  Peshin namozini o‘qigach, uyiga kirib, asrgacha dam olar edi.

–  Asr namozini o‘qib bo‘lgach, oila a’zolari bilan o‘tirar va ularga tegishli ishlar bilan mashg‘ul bo‘lar edi.

–  Hufton namozini o‘qiganidan so‘ng atrofdan kelgan maktublar bilan tanishar, so‘ng kechaning uchdan biri o‘tguncha o‘zining yaqinlari bilan gaplashib o‘tirar edi.

–  Keyin kechaning uchdan biri qolgunicha uxlardi.

–  So‘ng turib, tahajjud namozini o‘qir edi.

–  Tong otganda chiqib, bomdod namoziga imomlik qilardi.

–  Bomdoddan keyin ayvonida o‘tirar edi.

Abu Ja’far Mansurning vafoti

Abu Ja’far Mansur hijriy 158 (milodiy 775) yilda Makkai mukarramada, haj amallarini ado etayotganida vafot etdi. U 21 yil xalifalik qildi.


Keyingi mavzular:

Muhammad Mahdiy;
Muso Hodiy;
Horun ar-Rashid.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun

25.12.2024   1205   1 min.
E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun

Bugun, 25 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarni qabul qilib, muammo, arz va takliflarini tingladilar.


Qabul jarayonida Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahridan kelgan fuqarolarning masjidlar holati, oilaviy masalalar, diniy ta’lim, haj-umra hamda moddiy yordam olish yuzasidan murojaatlari ko‘rib chiqildi.


Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Ayrim masalalar bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.


Darhaqiqat, birovning dardini yengillatish, uning tashvishlari osongina bartaraf etilishiga hissa qo‘shish – savobi ulug‘ amal. Chunonchi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).


Mana shunday qabul jarayonlari mamlakatimizdagi barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun
O'zbekiston yangiliklari