Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alhamdulillah vassolatu vassalamu a’la Rasulillah va a’la aalihi va sohbihi ajma’iyn
Subhanallohi valhamdulillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar – do‘zaxga qalqon. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qalqoningizni olinglar!” dedilar. Sahobalar: “Yo Rasululloh! Dushman ko‘rindimi?” deb so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yo‘q. Do‘zax olovidan qo‘riqlaydigan qalqoningizni oling hamda bunday denglar: “Subhanallohi valhamdulillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar”. Bu kalimalar Qiyomat kuni oldingizdan, orqangizdan himoya qiluvchi va abadiy qoladigan solih amallardir” (Imom Nasoiy rivoyati).
Subhanallohi valhamdulillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar – quyosh chiqqanidan afzal amal. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Subhonallohi valhamdulillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar, deb aytishim men uchun quyosh chiqib, nur sochganidan yaxshiroqdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Subhanallohi valhamdulillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar – Jannat o‘simligi. Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Isro kechasi Ibrohim alayhissalomga yo‘liqdim. U zot: “Yo Muhammad, ummatingizga mendan salom ayting va jannatning tuprog‘i pok, suvi shirin va o‘simligi “Subhanallohi valhamdulillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar” ekanining xabar bering”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Subhanallohi valhamdulillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar – Allohga eng sevimli kalimalar. Samura ibn Jundub roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taologa kalomlarning eng yaxshisi to‘rttadir: Subhanallohi valhamdulillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
#xabar #haj2025
Joriy yilning 12 iyun kunidan e’tiboran Saudiya Arabistonidagi hojilarimiz bir necha kun davomida navbati bilan ona Vatanimizga qaytib keladilar.
Hamyurtlarimiz Jidda shahridan mamlakatimizning 10 ta hududi – Toshkent, Buxoro, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qarshi, Termiz, Urganch, Navoiy va Nukus shaharlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri parvoz qiladilar.
Tashish ishlariga “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatining zamonaviy samolyotlari, malakali uchuvchi va bort kuzatuvchilari jalb etilgan.
Ziyoratchilarimizning haj amallari qabul, duolari mustajob bo‘lsin, fayzu barakalari ila o‘lkamiz nurga to‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati