Sayt test holatida ishlamoqda!
26 May, 2025   |   28 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:16
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:48
Xufton
21:21
Bismillah
26 May, 2025, 28 Zulqa`da, 1446

Kim zino qilsa, undan iymon chiqib ketadi...

18.12.2024   3368   1 min.
Kim zino qilsa, undan iymon chiqib ketadi...

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Zino qiluvchi zino qilayotgan vaqtida mo‘min bo‘lmaydi» deb ogoh qilganlar (Sahihi Buxoriy).

Imom Buxoriy rahmatullohi alayh Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan buning ma’nosini bunday naql qilganlar:

«Zino sababli insondan iymon nuri sug‘urib olinadi».

Imom Tabaroniydan qilingan boshqa bir rivoyatda bunday deyiladi:

«Kim zino qilsa, undan iymon chiqib ketadi. Keyin agar tavba qilsa, Alloh taolo tavbasini qabul qiladi» (Fathul Boriy).

O‘ylab ko‘radigan o‘rni shuki, iymondan mahrum bo‘lish bir necha lahzalar uchun bo‘lsa-da, juda xatarli! Ayni o‘sha mahrumlik lahzalarida Alloh taolo tarafidan o‘lim kelib qolsa, iymonsiz ketgan bo‘ladi. Bunday xotimadan Alloh taolo saqlasin. Bunday yomon oqibatni inson taammul qilsa, oyoqlari kishanlanib, fahsh tarafga yurishdan to‘xtab qoladi. Biz zino va zinoning barcha sabablari va vajhlaridan o‘zimizni saqlashga batamom harakat qilishimiz lozim.

«Badnazarlik va zinodan saqlanish» kitobi asosida tayyorlandi

Boshqa maqolalar

Hajga ketgan odam qurbonlikni qanday qiladi?

23.05.2025   14797   2 min.
Hajga ketgan odam qurbonlikni qanday qiladi?

Cavol: Men har yili qurbonlik qilar edim, bu yil ham qurbonlik qilishni niyat qilgan edim. Ammo bu yil muborak haj ibodatini ado qilish nasib qilib haj qilish uchun ketayapman. Shu holatda qurbonligimni qanday ado qilaman?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh taolo safaringizni O‘zi oson qilsin. Qurbonlik vojib bo‘lishi uchun kishi muqim bo‘lishi kerak, safarda yurgan musofirlarga qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi.

Musofir kishi qurbonlik qilinadigan kunlar o‘tib ketishidan avval muqim bo‘lib qolsa, bu holatda unga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi.

Zimmasiga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan boy kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olib qurbonlik qilinadigan kunlar kelishidan avval safarga chiqib ketsa, uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘ladi. Ammo boyligi nisobga yetmagan va shu sababli unga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan kishi qurbonlik qilish maqsadida qo‘y sotib olsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olish bilan qurbonlik qilishni nazr qilgan hisoblanadi va bunday kishi qurbonlik qilinadigan kunlari safarga chiqsa ham uning zimmasidan qurbonlik soqit bo‘lmaydi. Nomidan qurbonligini so‘yish uchun biror kishini vakil qilib tayinlaydi (Fatavoi Hindiya).

Demak, agar sizni nisob miqdorida molingiz bo‘lib sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lgan bo‘lsa va hox qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz ham yoki sotib olmagan bo‘lsangiz ham bu kunlarda safarda bo‘lganingiz sabab sizdan qurbonlik soqit bo‘ladi.

Agar sizni nisobga yetgan molingiz bo‘lmasa va sizga qurbonlik qilish vojib bo‘lmagan bo‘lsa, qurbonlik qilish uchun qo‘y ham sotib olmagan bo‘lsangiz sizga qurbonlik vojib emas. Lekin qurbonlik qilish uchun qo‘y sotib olgan bo‘lsangiz nomingizdan qurbonligingizni so‘yish uchun biror kishini vakil qilasiz.

Bu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratishingiz lozim. Agar haj safarida muqimlik holatini topsangiz ya’ni Makkada unga borganingizdan boshlab Minoga chiqadigan kuningizgacha yoki Minodan qaytganingizdan keyin 15 kun tursangiz qurbonlik vojib bo‘ladi. Uni o‘sha yerda yoki vakil orqali o‘z uyingizda so‘ydirishingiz vojib bo‘ladi.

Yana shuni ta’kidlaymizki, mazkur qurbonlik va hajdagi jonliq so‘yish masalalari boshqa-boshqa masalalardir. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.