Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Yanvar, 2025   |   8 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:30
Shom
17:14
Xufton
18:33
Bismillah
08 Yanvar, 2025, 8 Rajab, 1446
Maqolalar

Alloh meni yaxshi ko‘rishini bilishni istayman...

19.12.2024   1660   3 min.
Alloh meni yaxshi ko‘rishini bilishni istayman...

Bismillahir Rohmanir Rohiym


Agar Alloh Sizni yaxshi ko‘rishini bilmoqchi bo‘lsangiz, Alloh taolo yaxshi ko‘rgan bandalarining axloqlari haqidagi oyatlarni o‘qing!

Alloh taolo taqvo qiluvchi bandalarini yaxshi ko‘radi: “Aslida esa, kim (Alloh) ahdiga vafo qilsa va taqvoli bo‘lsa, albatta, Alloh (bu kabi) taqvodorlarni sevadi” (Oli Imron surasi, 76-oyat).

Siz taqvo qilyapsizmi? Tikanzorda yalang oyoq o‘zingizni tikandan saqlab yurganingizdek gunoh va ma’siyatlardan ham ehtiyot, uzoq bo‘lishga urinyapsizm?


Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashuvchi bandalarini yaxshi ko‘radi: Ayting (ey Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir” (Oli Imron surasi, 31-oyat).

Sevikli Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashyapsizmi?

 

Alloh taolo yaxshilik qiluvchi bandalarini yaxshi ko‘radi: “Albatta, Alloh ezgulik qiluvchilarni sevadi” (Moida surasi, 13-oyat).

Siz yaxshilik qilyapsizmi?


Alloh taolo adolatli bandalarini yaxshi ko‘radi: “Agar hukm qilsangiz, o‘rtalarida adolat bilan hukm qiling! Albatta, Alloh odillarni sevadi” (Moida surasi, 42-oyat).

Siz barchaga birdek adolatli bo‘lyapsizmi?

 

Alloh taolo har bir ishni go‘zal bajaruvchi bandalarini yaxshi ko‘radi: (Barcha ishlarni) chiroyli qilingiz. Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Oli Imron surasi, 195-oyat).

Siz har bir ishingizni puxta ado etyapsizmi?


Alloh taolo sabrli bandalarini yaxshi ko‘radi: “Alloh (esa) sabrlilarni sevar” (Oli Imron surasi, 146-oyat).

Siz toat-ibodatlarni ado etishda, gunohlardan tiyilishda hamda musibatu sinovlarga sabr etyapsizmi?

 

Alloh taolo tavakkul qiluvchi bandalarini yaxshi ko‘radi: (Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling, zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni sevar” (Oli Imron surasi, 159-oyat).

Siz har bir ishingizda Allohga tavakkul qilyapsizmi?

 

Agar yuqorida zikr etilgan Alloh taolo yaxshi ko‘rgan bandalarining sifatlaridan birortasi sizda yo‘q bo‘lsa, noumid bo‘lmang! Unutmang! Alloh chin tavba qiluvchi bandalarini ham yaxshi ko‘radi: “Albatta, Alloh (shungacha bilmay yo‘l qo‘ygan xatolaridan) chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi” (Baqara surasi, 222-oyat).

Demak, Alloh taolo O‘zining sevgan bandalaridan bo‘lishmizga imkon bergan ekan, g‘aflatda qolmaylik, fursatni g‘animat bilib, gunohlarimizga tavba qilaylik! Shoyadki, Alloh taolo bizni ham O‘zining yaxshi ko‘rgan bandalari qatoriga qo‘shsa.

Allohim gunohlarimizni mag‘firat et! Sen gunohlarni kechiruvchi, mehribon va rahmli Zotsan. Sendan boshqa gunohlarni avf etuvchi Zot yo‘q!

Astag‘firulloh va atubu ilayh, Astag‘firulloh va atubu ilayh, Astag‘firulloh va atubu ilayh.

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Makkada toshkentlik shayxdan izlagan kitobimni topdim

7.01.2025   2596   8 min.
Makkada toshkentlik shayxdan izlagan kitobimni topdim

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Shayx Abu G‘uddaning birgina kitobni uzoq izlab, nihoyat, Makkai mukarrammada Toshkentlik shayxdan topganlari xususida ajib hikoya

Shayx rahmatullohi alayh «Sahifalar» kitobida o‘zlarining hayotlaridan bir lavhani quyidagicha zikr etadilar: «Ba’zan biron kitobga yetishadigan bo‘lsam, Alloh taolo uchun falon-falon rakat namoz o‘qiyman deb nazr qilar edim. Bir kitobni qo‘lga kiritaman deb, qiziq voqeani boshimdan kechirganman. Uni shu o‘rinda keltirishni maqsadga muvofiq deb bildim:

«Qohiradagi al-Azhar universitetining shariat fakultetida o‘qib yurgan paytlarimda doimo shayximiz, alloma imom Muhammad Zohid Kavsariy rahimahullohning huzurlarida bo‘lardim. U zot alloma Shayx Aliy Qorining «Fathu bobil inoya bisharhi kitobin niqoya» kitobini olishni tavsiya qildilar. Foydali, nodir, durdona kitoblarni qo‘lga kiritishga ishqiboz ekanimligimni bilganliklari sabab, o‘sha kitobni topishga bir necha bor jiddiy tarzda qiziqtirgan edilar.

U kitob Hindistonda chop etilgan bo‘lsa kerak, deb yurardim. Qohirada olti yil yashagan bo‘lsam, to o‘qishni tugatgunimcha o‘sha kitobni izlab yurdim.

Topilishi mumkin deb faraz qilgan barcha kutubxonalarimdan so‘rab-surishtirdim, lekin u haqida biror ma’lumotga ega bo‘la olmadim. O‘z yurtimga qaytganimda ham Halabning qaysi shahrini ziyorat qilmay yoki qaysi kutubxonasiga kirmay, o‘sha kitobni izlashda davom etardim.

Men kitob Hindistonda chop etilgan deb o‘ylaganim va u hanafiy fiqhi borasida yozilgani bois, shoyad maqsadimga erishsam deb, kitobfurushlardan Hindistonda chop etilgan hanafiy mazhabiga oid barcha fiqhiy kitoblar haqida surishtirar edim. Lekin ular bu kitobning hatto nomini ham bilishmas edi. Damashqdagi qadimgi durdona kitoblardan xabardor bo‘lgan eski kitobfurushlar bor edi. Ularda juda ko‘plab qadimgi va qimmatbaho kitoblar bo‘lsa-da, ularni sotish masalasida juda ham qattiq turishar va anchagina qimmat narx belgilashardi.

Ular Sayyid Izzat Qusaybotiy va uning otasi, shuningdek, Shayx Hamdiy Safarjaloniy va Sayyid Ahmad Ubaydlar edi. Bir kuni Sayyid Izzat Qusaybotiydan Hindistonda chop etilgan «Fathul bobil inoya...» kitobi haqida so‘rasam, ul zot kitob unda borligini aytdi va Imom Ayniyning 1293 hijriy yilda Hindistonda chop etilgan juda katta – olti mujalladdan iborat «Al- Binoya bi sharhi Hidoya» kitobini olib chiqdi. Ushbu kitob ham men izlab yurgan qimmatbaho, nodir kitoblardan edi, ammo men u zotdan so‘ragan kitob emasdi.

Shuning uchun bu kitobni uncha qimmat bo‘lmagan narxda sotib oldim. Keyin men Shayx Hamdiy Safarjaloniy rahimahullohdan qidirib yurgan kitobim haqida so‘radim. Bilsam, kitob Rossiyada, Qozonda chop etilgan ekan. Aytishlaricha, kitob qizil gugurtdan ham nodirroq ekan. U kishi umri davomida qancha-qancha kitoblar bilan shug‘ullangan bo‘lsa-da, o‘sha kitobdan faqat bir nusxasi qo‘liga tushgani va uni alloma Imom Kavsariyga aql bovar qilmaydigan darajada qimmat narxga sotib yuborganini aytdi.

Kitob chop etilgan joyni aniq bilib olgan bo‘lsamda, unga yetishishga bo‘lgan umidim susaydi. Alloh taolo meni 1376/1957 yilda birinchi marotaba Baytullohni haj qilishga muvaffaq qilganida Makkai mukarramaga kirib, kitob bosilgan o‘lkalardan Allohning muborak shahriga ko‘chib kelgan kishilardan birontasi o‘zi bilan o‘sha kitobni olib kelgandir, degan umidda Makkadagi kutubxonalardan kitobni surishtira boshladim, lekin topa olmadim. Alloh taoloning inoyati bilan Makkai mukarramadagi bozorlardan birida odamlardan chekkaroqdagi bir eski kitobfurushning oldiga borib qoldim.

U zot shayx Mustafo ibn Muhammad Shinqitiy hafizahulloh ekan. U zotdan bir necha kitoblar sotib oldim. So‘ng noumid bo‘lgan holda haligi kitob haqida so‘rasam, bir haftacha oldin menda bor edi, deb qoldi. Kitobni buxorolik olimlardan birining merosidan sotib olgan ekan. Bir necha kun oldin uni asli buxorolik Toshkent ulamolaridan biriga qimmat narxga sotib yuborgan ekan. Ishonqiramay turgan edim u o‘sha kitobni menga sifatlay boshladi. Haqiqatdan ham o‘sha men anchadan beri izlab yurgan kitob edi. Shundan keyin kitobni sotib olgan toshkentlik olim kimligini so‘radim.

U zot o‘ylab turib shayx Inoyatulloh Toshkandiyning nomini aytdi. Undan o‘sha shayxning yashaydigan, ishlaydigan manzilini, uni qanday topish mumkinligini so‘radim. U bu haqda bilmasligini aytdi. Yana u kishi haqida kimdan so‘rab-surishtirishim mumkinligi haqida so‘ragan edim, buni ham bilmasligini aytdi. Shundan so‘ng o‘sha kitobni qo‘lga kiritish yoki uni sotib olgan kishi bilan uchrashishdan yanada umidim uzildi. Shunday bo‘lsa-da, Masjidul Haram yoki Makka bozorlarida uchratgan barcha buxorolik kishilardan shayx Inoyatulloh haqida surishtirib yuraverdim. Buxoroliklar bor deb aytilgan hech qaysi madrasa yoki karvonsaroy qolmadi, hammasidan o‘sha shayxni surishtirib chiqdim. Hatto Makka tashqarisidagi mahallalargacha bordim. Chunki ayrimlar u yerda ham buxoroliklar bor deyishgandi.

Lekin izlayotgan odamim bilan uchrashish qayoqda deysiz? Axir Makkai mukarramada Inoyatulloh ismli qanchadan-qancha buxoroliklar bordir. To‘xtovsiz so‘rab-surishtirishlar meni shayx Abdulqodir Toshkandiy Buxoriy Saotiyning huzuriga olib bordi. U zot Makka atrofidagi Jarval mahallasida istiqomat qilar ekan. U zotdan shayx Toshkandiy haqida so‘ragan edim, shayxni tanidi va menga uning asl ismini aytdi. Ismi shayx Mir Inoyat Toshkandiy ekan. Lekin u ham shayxning manzilini u bilan uchrashish mumkin bo‘lgan joylarni bilmas ekan.

Yana «Fathul bobil inoya...» kitobini olgan o‘sha shayx bilan uchrashishdan noumid bo‘lib qoldim. Oradan bir oz vaqt o‘tdi. Bir kuni Ka’bai muazzamani tavof qilib Alloh taolodan meni o‘sha insonga yo‘liqtirishini va o‘sha kitobni qo‘lga kiritishga muyassar etishini so‘radim. Ushbu duo va nolani bi necha bor takrorlayverdim. Oradan bir haftacha vaqt o‘tdi. Bu muddat ichida kitob va uning egasini qidiraverib, fikru hayolim parishon bo‘lib qolgan edi. Bu Allohga ayon.

Bir kuni (masjid kengayishidan oldin) Masjidul Haram eshiklaridan biri- «Bobu ziyoda»ning oldidagi bozorda aylanib yursam, Abu Arab degan eski damashqlik tijoratchi meni ko‘rib, ko‘rinishim va kiyimlarimdan shomlikka o‘xshatib oldiga chaqirdi. Shom o‘lkasi va Shom aholisi haqida so‘radi. Kitobga bo‘lgan ishtiyoqim kuchliligidan u kishidan birinchi bo‘lib haligi buxorolik shayx haqida so‘radim. U oldidagi do‘konda o‘sha shayxning kuyovi savdo qilishini, shayxni hammadan ko‘ra u yaxshi bo‘lishini aytdi. Bu gaplarni eshitib, shu qadar xursand bo‘ldimki, quloqlarimga ishonmay qoldim.

Darhol kuyovining oldiga borib, shayx haqida so‘radim. Savdogar hayron bo‘lib, «Nima uchun u kishi haqida so‘rab-surishtirib, u zot bilan uchrashishga harakat qilyapsiz?» – deb so‘radi. Men: «Bir haftadan beri Makka bo‘ylab u kishini tinmay izlayman, Xudo xayringizni bersin, uning qayerdaligini menga ayting», - dedim. U shayx Misfala mahallasida Saqif qahvaxonasida aytib, manzilini aniq tushuntirib berdi.

Shundan so‘ng men tunu kun u yerga qatnab, oxiri u kishi bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ldim. U zot kitobni menga o‘zlari istagan narxda arzonga sotdilar. O‘sha kun umrimda eng xursand bo‘lgan onlarimdan biri edi. Darhaqiqat, Alloh taolo menga o‘sha kitobni birinchi juzini tahqiq qilib, nashr qilishni nasib etdi. Alloh taolodan o‘z fazli va karami ila kitobning qolgan qismlarini ham nashr qilishga muvaffaq bo‘lishini so‘rab qolaman!».


Shayx Abdulfattoh Abu G‘udda rahmatullohi alayhning
«Sahifalar» kitobidan.