Er o‘z ayolidan so‘radi:
«Erkak uylanganda nima yo‘qotadi va nima topadi?»
Ayoli tabassum bilan javob berdi:
«Erkak o‘z yolg‘izligini, kichik qarorlarni mustaqil qabul qilish erkinligini va yangi mas’uliyatlari haqida o‘ylamasdan harakat qilish qobiliyatini yo‘qotadi. Bunga javoban esa, hayotidagi sherikni, farzandlarining onasini va hayotda iliqlik ufurib turgan uyni topadi».
Er kulib so‘radi: «Unda baxt-saodatchi?»
Ayoli tabassum bilan javob berdi: «Baxt-saodat, azizim, bu o‘zimiz yaratadigan narsa. Agar nikoh biz uchun majburiyatlarni, xursandlikni va muvaffaqiyatni bo‘lishishni anglatsa, biz baxtli bo‘lamiz. Ammo agar biz unga yo‘qotish sifatida qarasak, doimo norozilik hissini tuyamiz».
Er uning so‘zlarini mulohaza qilib, yana so‘radi: «Sen meni ko‘proq sevasanmi yoki bolalaringni?».
Ayoli ikkilanmay javob berdi: «Bolalarimni».
Er ajablanib so‘radi: «Nega?».
Ayoli javob berdi: «Chunki ular mening bir bo‘lagim, qonim va jonim».
Er kulib: «Unda men-chi?».
Ayoli kulib javob berdi: «Siz esa bu turmushimdagi sheriksiz, ba’zan meni xursand qilasiz, ba’zan esa asabimni buzasiz!».
Bu suhbatdan so‘ng er o‘ylanib qoldi: «Rostdan ham er-xotin munosabati qurbonliklar ustiga quriladimi va bu qurbonliklar qadrlanadimi?».
Jamiyatimizda ayol oilaning asosiy tirgaklaridan biri hisoblanadi. U kechalari uyqusiz qoladigan ona, ovqat tayyorlaydigan, bolalarini o‘qitadigan, tarbiyalaydigan, uyni tozalaydigan, g‘amxo‘rlik qiladigan va qo‘llab-quvvatlaydigan ayoldir. U hayotning barcha og‘irliklarini jimgina o‘z yelkasida ko‘taradi va charchoqqa qaramay, tabassum qilib yashaydi.
Shunga qaramay, bordiyu oila a’zolaridan biri muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, barmoqlar darhol ayolga qaratiladi:
— Bolaning o‘qishi orqaga qolsa, «Ona qayerda?» deyishadi.
— Bolaning xulqi yomon bo‘lsa, «Ona uni tarbiyalamabdi!» deyishadi.
— Erning hayotidan qoniqmaganligida, «Xotin yetarli e’tibor bermabdi!» deyishadi.
— Uy tartibsiz bo‘lsa, «Ona o‘z vazifasini bajarmabdi!» deyishadi.
Ammo haqiqat shuki, ayol oilada ulkan rol o‘ynaydi. U haqiqiy maktab, hatto undan ham ustundir. U — jarohatni davolovchi shifokor, qadriyatlarni singdiruvchi murabbiy, maslahat beruvchi maslahatchi va kattayu kichikka g‘amxo‘rlik qiluvchi mehribon inson.
U hayot hikmatini saqlaydigan kutubxona, mehr-muhabbatni beg‘araz baxsh etadigan yurak, oilaning suyanchig‘i bo‘lgan qo‘llab-quvvatlovchi ustundir.
Shuning uchun, kattayu kichik mas’uliyatlarni zimmasiga olgan, o‘z tinchligi va baxt-saodatidan boshqalar uchun voz kechadigan, barcha qiyinchiliklarga qaramay atrofidagi insonlarga xursandlik ulashadigan ayolga chuqur hurmat bilan e’tibor qaratmoq lozim.
Ey ayol, tabassum qil va o‘zing bilan faxrlan. Chunki sen avlodlarni tarbiyalovchi, dunyodagi kuch va muhabbat manbaisan.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Munosabat
Insonning qalbi birgina shirin so‘zdan quvonib, to‘lqinlanib ketadi: yayraydi, yashnaydi, boshqalarga ham ezgulik sog‘inadi, shodlik va baxt ulashadi.
Joriy yilning 31 may sanasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Haj ziyorati uchun Makkai mukarramada bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilar holidan xabar olgani qalblarimizga surur, xursandchilik va shukronalik baxsh etdi. Davlatimiz rahbari barcha ziyoratchilarga salom yo‘llab, yurtimizga sog‘-omon kelishlarini tiladi. Unutilmas bu voqelik hojilarimizni behad sevintirdi.
Shukrki, mamlakatimizda tinchlik-totuvlik barqaror. Har bir inson hayotdan rozi bo‘lib, baxtli-saodatli umr kechirishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Mehnat qilgan, harakat qilgan farovon hayot kechirmoqda. O‘z orzu niyatlariga yetmoqda. Albatta, bunda osoyishtalik ne’matining o‘rni beqiyos.
Yangi O‘zbekistonning har tongi taraqqiyot tongi sifatida otmoqda. Barcha sohalarda yangilik va yaxshiliklar bo‘lmoqda. Jumladan, Haj va Umra tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish, mo‘min-musulmonlarning ushbu ibodatlarini chiroyli ado etishlari uchun sharoit va qulayliklar yangi bosqichga olib chiqildi.
Xususan, bu yilgi haj mavsumiga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rildi. Makkai mukarrama hamda Madinai munavvara, qolaversa, Mino vodiysida ziyoratchilar uchun barcha sharoit hozirlandi. Issiq kunlarda yurtdoshlarimizga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida Arafot hududidagi chodirlar yopiq tarzda barpo etildi. Ularning atrofi issiq o‘tkazmaydigan panellar bilan o‘raldi, ichkariga sovutish tizimi o‘rnatildi, gilam va to‘shaklar solindi.
Mamlakatimiz hojilariga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ular uchun yaratilgan qulayliklarni Saudiya Arabistonining haj ishlari mas’ullari va o‘zga yurt hojilari ham e’tirof etib, havas bilan qaramoqda.
Ayni paytda ziyoratchilarga 300 dan oshiq guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, 10 dan ziyod oshpaz va boshqa mutaxassislar xizmat ko‘rsatib, hamrohlik qilmoqda.
Ziyoratchilarimiz berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab duo qilmoqda.
Zotan, yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya barcha islohotlarning asosini tashkil etayotgan ayni pallada hojilarimiz ham ushbu jarayonga o‘z hissalarini qo‘shish, yurtimizga qaytgandan so‘ng bor kuch-g‘ayratlarini yurt tinchligi va taraqqiyoti, oilalar totuvligini ta’minlash, yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullanish, ehtiyojmandlarga ko‘mak berishdek savobli ishlarga safarbar etishlarini ta’kidlamoqdalar.
Zayniddin ESHONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi
o‘rinbosari.