Sayt test holatida ishlamoqda!
25 May, 2025   |   27 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:47
Xufton
21:20
Bismillah
25 May, 2025, 27 Zulqa`da, 1446

....maoshimdan kesib qolinsin...

19.12.2024   6785   1 min.
....maoshimdan kesib qolinsin...

Devbanddagi “Dorul ulum” nomini eshitgan bo‘lsangiz kerak. Oxirgi paytda Alloh taolo bu idorani ummat uchun rahmat qilib qo‘ydi. U yerdan sahobai kiromlarni yodga soladigan odamlar yetishib chiqdilar. 

Men padari buzrukvorim Muftiy Muhammad Shafe’ qoddasallohu sirrohdan eshitganman. Devbanddagi “Dorul ulum”ning avvalgi davrida ustozlarning bir odatlari bor edi: “Dorul ulum”ga biror mehmon birortasi bilan uchrashish uchun kelsa, kelgan vaqtini qayd qilinar, keyin oy oxirida, falon-falon kunlarda mehmon bilan mashg‘ul bo‘ldim, shuncha vaqt “Dorul ulum” ishidan chalg‘idim, shuning uchun mening maoshimdan kesib qolinsin, deb iltimosnoma taqdim qilar edilar...

Hozirgi kunda oylikni oshirishni so‘raganlari haqida ko‘p eshitasiz. Lekin, men idoraga tegishli muddatda shuncha vaqtni shaxsiy ishimga sarf qildim, shu sababli maoshimdan qirqib olinsin, deb iltimos qilgan biror kimsa haqida eshitmaysiz. Bu ishni faqatgina bir kun Alloh taoloning huzurida turishni o‘ylagan shaxsgina qila oladi.

Bugun har bir shaxs uyatdan boshini egib qarasin, ishchilar va xodimlar qancha vaqtni vijdon ila o‘z vazifalarini ado etishga sarf qilyapti? Bugun har joyda fasod tarqagan. Xalq sargardon va idoraning tashqarisida quyoshda turibdi. Mas’ullar esa, o‘zining salqin xonasida gap sotish bilan band, choy ichyapti, nonushta qilyapti. Bu tarzdagi ishlarda bir tarafdan, maosh harom bo‘lyapti va ikkinchi tarafdan xalqni sarson qilish gunohi yozilyapti.

“Nasihatlar guldastasi”dan. 

Boshqa maqolalar

Mening onam ekanliklarini Robbim biladi... (hayotiy voqea)

23.05.2025   4117   3 min.
Mening onam ekanliklarini Robbim biladi... (hayotiy voqea)

Saudiyalik bir shifokor ayol hikoya qiladi: "Muhammad ismli yoshi taxminan o‘ttizlarda bo‘lgan bir yigit qabulimga keldi. Uning yonida onasi bor edi — u undan qochmoqchi bo‘lar, u esa uni bag‘riga bosardi. 
Onasi ro‘molini uloqtirardi, u esa qaytadan joyiga to‘g‘irlab qo‘yardi. Uning qo‘llarini tishlar, tirnardi, yuziga tuflardi — u esa jilmayardi.

Onasi shifoxonaga kirdi-yu, ro‘molini uloqtirib, aqli yo‘q majnun odam kabi kulib, shifokorning stoli atrofida yugurib aylana boshladi.

Shunda men so‘radim:
— Bu kim?
— Onam, — dedi u.
— Unga nima bo‘lgan?
— Ular shu hollarida, aqlsiz tug‘ilganlar, — dedi u.
— Unday bo‘lsa, siz qanday tug‘ilgansiz?
— Bobom ularni otamga olib bergan ekanlar, shoyad farzandli bo‘lar deb. Otam bir yildan so‘ng uni taloq qilgan ekanlar. Onam menga homilador bo‘lgan ekanlar. So‘ng men tug‘ilganman.

— Qachondan beri ularga qaraysiz, parvarish qilasiz?
— O‘n yoshimdan beri. Ularga ovqat tayyorlayman, qarayman. Uxlamoqchi bo‘lsam, chiqib ketib qolsalar qidirib yurmayin deb oyog‘imni oyoqlariga bog‘lab uxlayman...
— Nega bugun bu yerga olib keldingiz?
— Ularning qon bosimlari yuqori, qandli diabet kasallari bor.

Onasi kulib:
— Kartoshka ber, — dedi.
U berdi. Onasi yuziga tufladi. U kulib, yuzini tozaladi.
Shunda men so‘radim:
— U sizga ona ekanini biladilarmi, sizni taniydilarmi?
— Yo‘q, vallohi, men o‘g‘lilari ekanimni bilmaydilar. Lekin Yaratgan Robbim biladiki, u zot mening onamdirlar.

Onasi qarab turib:
— Ey o‘g‘lim, sen yolg‘onchisan! Nega meni Makkaga olib bormayapsan? — dedi.
U esa:
— Payshanba kuni olib boraman deb aytmadimmi, onajon? Payshanba kuni boramiz — dedi.
Men so‘radim:
— Uning zimmasidan (aqli joyida emasligi sabab) soqit bo‘lsa, Makkaga olib borish kerakmi?
U javob berdi:
— Opa, onam bilan Robbimning huzuriga hisobda turganimizda: “Muhammad, nega meni Makkaga olib bormagan eding?” — deyishini xohlamayman.
 Men Robbimga qarata: “Robbim, men onamni yelkamda opichlab ko‘tardim, tavof qildirdim, zamzam ichirdim, Ka’baga qaratib qo‘ydim”, deyishni xohlayman. 
   Yana: “Allohim! Garchi ularning aqllari bo‘lmagan bo‘lsada, mening onam ekanlarini albatta Sen bilguvchisan!”, deyishni istayman”, dedi. 

Men jim bo‘lib qoldim, ko‘zim yoshga to‘ldi. So‘ngra unga:
— Onangga ko‘rsatgan bu ehtiroming uchun Alloh senga ajru mukofotlar ato etsin! Bugungiday ota-onaga yaxshilik qilishni ko‘rmaganman.
U esa javob berdi:
— Men bu ishimni (kuni kelib) farzandlarim ham menga shunday muomala qilishlari umidila qilapman. Chunki birrul volidayn (albatta qaytadigan) qarzdir".