Devbanddagi “Dorul ulum” nomini eshitgan bo‘lsangiz kerak. Oxirgi paytda Alloh taolo bu idorani ummat uchun rahmat qilib qo‘ydi. U yerdan sahobai kiromlarni yodga soladigan odamlar yetishib chiqdilar.
Men padari buzrukvorim Muftiy Muhammad Shafe’ qoddasallohu sirrohdan eshitganman. Devbanddagi “Dorul ulum”ning avvalgi davrida ustozlarning bir odatlari bor edi: “Dorul ulum”ga biror mehmon birortasi bilan uchrashish uchun kelsa, kelgan vaqtini qayd qilinar, keyin oy oxirida, falon-falon kunlarda mehmon bilan mashg‘ul bo‘ldim, shuncha vaqt “Dorul ulum” ishidan chalg‘idim, shuning uchun mening maoshimdan kesib qolinsin, deb iltimosnoma taqdim qilar edilar...
Hozirgi kunda oylikni oshirishni so‘raganlari haqida ko‘p eshitasiz. Lekin, men idoraga tegishli muddatda shuncha vaqtni shaxsiy ishimga sarf qildim, shu sababli maoshimdan qirqib olinsin, deb iltimos qilgan biror kimsa haqida eshitmaysiz. Bu ishni faqatgina bir kun Alloh taoloning huzurida turishni o‘ylagan shaxsgina qila oladi.
“Nasihatlar guldastasi”dan.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ta’lim berayotgan barcha duolarning tub maqsadi shuki, qay holatda, qanday ishda mashg‘ul bo‘lsangiz ham, qalbingiz faqat Alloh tomonga qarasin. Bu qalbni Alloh taolo O‘zi uchun yaratgan. Ko‘z, quloq, til va boshqa a’zolar dunyoviy ishlar uchun, ular orqali dunyoviy maqsadlarga erishiladi. Lekin qalbni Alloh taolo xolis O‘zi uchun yaratgan. Toki, unda Allohning tajalliysi (nuri) bo‘lsin, Allohning muhabbati ila yashnasin, Allohning zikri ila obod bo‘lsin.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Eng afzal amal bandaning tili Allohning zikri ila nam bo‘lishidir», dedilar.
Tilni Alloh taolo qalbga tushadigan zina qilgan. Til bilan zikr qilaversang, inshaAlloh, u zikr qalbga naqshlanib boraveradi. Alloh taoloning yodi va muhabbati shu darajada jo bo‘lsinki, qalb Alloh taoloning tajalliygohi (nuri tushadigan joy) bo‘lsin. Tariqat, tasavvuf va sulukning asl maqsadi ham shudir.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan