Hech qachon o‘ylab ko‘rganmisiz, nima uchun ba’zi kishilar ulkan yutuqlarga erishadi, ba’zilar esa bir xil holatdan chiqa olmaydi? Buning siri biror bir sehr-jodu yoki omadga bog‘liq deb o‘ylaysizmi? Aslo, buning sababi oddiy va ayni paytda hammaga bu imkoniyat berilgan. U ham bo‘lsa - tong!
Tongingiz to‘liq bir kuningizni yo‘nalishlarini aniqlab beradigan kompasdir. Agar kuningiz faol harakat va aniq reja bilan boshlansa, kun davomida oldingizda ulkan imkoniyatlar eshiklari ochiladi. Bordiyu, tongingiz betartib va rejasiz boshlansa, bu kuningizning qolgan qismiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatishi tabiiydir.
Tong vaqti shunchaki yangi kunning boshlanish vaqti emas. Balki bu vaqt kuningizni yutuqlar bilan o‘tkazasizmi yoki samarasiz ketkazasizmi, shularni belgilab olish lahzasidir. Qanday qilib deysizmi?
Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, tong vaqti kun tartibini belgilash, energiyani oshirish va aqlni rivojlantirish uchun eng yaxshi vaqtdir. Asosiysi, tongingizni shoshma-shosharlik bilan yoki betartiblik bilan boshlamang. Tong vaqti bu sizning kichik bo‘lsada sarmoyangiz, u sizning shaxsiy va ijtimoiy hayotingizda katta samara berishi mumkin.
Eng muvaffaqiyatli insonlarning aksariyatida tongda bajaradigan muayyan mashg‘ulotlari mavjudligini bilasizmi? Tonggi mashg‘ulotlarga rioya qilish sizda quyidagi ko‘nikmalar hosil bo‘lishiga yordam beradi:
1. Aniq maqsad bilan uyg‘onish.
2. Chalkashliklardan xalos bo‘lish.
3. Ijobiy maqsadlar sari odimlash, kunni unumli o‘tkazish uchun zamin yaratish.
Payg‘ambarimiz alayhissalomdan vorid bo‘lgan tongda aytiladigan duo va zikrlarning ma’no va mazmunlariga bir e’tibor bering-a. Unda insonni hotirjam qiladigan, hayotdan unumli foydalanishga undaydigan, har bir ishda faqat Uning o‘ziga tavakkul qilishga chaqiradigan ma’nolar bor. Demak, har tongni mana shunday g‘oya va aqida bilan boshlashga odatlangan kishining kunida baraka va rivojlanish bo‘ladi, inshaalloh.
Tongni muvaffaqiyatli boshlashning beshta asosiy unsuri bor:
1. Erta uyg‘onish: bunda siz tafakkur qilish, ishlarni rejalashtirish va sokin vaqtdan bahramand bo‘lish imkoniga ega bo‘lasiz.
2. Jismoniy mashqlar: namoz o‘qish va hatto yengil badantarbiya mashqlarini bajarish ham qon aylanishini yaxshilab, tanaga quvvat (energiya) beradi.
3. Hayot (tiriklik) haqida fikr yuritish, ne’matlarga shukr qilish.
4. Kunlik rejani belgilab olish.
5. Sog‘lom ovqatlanish: erta tongda qilingan nonushta kun davomida faol bo‘lish uchun zarur energiyani beradi.
Ertadan boshlab kuningizni shu tarzda boshlang va hayotingizda qanday ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishini o‘zingiz kuzating.
Har kuningizni tong sahardan boshlashga odatlaning, kuningiz barakali, ishlaringiz muvaffaqiyatli bo‘ladi. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam biz ummatlari haqqiga Allohdan tongimizga baraka so‘rab duo qilganlar.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar, Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin!
Qalbim sururi, ko‘zim quvonchi bo‘lgan aziz farzandim! Siz dunyoga kelganingizda mendanda baxtli inson yo‘q edi. Ilk bor mustaqil qadam bosganingiz, “dadajon” deb, erkalanganingiz, telefon qilib “dada uyga qachon kelasiz?” deganingiz kechagidek yodimda.
Ko‘z ochib yumguncha bir zumda ulg‘aydingiz... Maktabda tengqurlaringiz orasida tarbiyangiz bilan ajralib turardingiz.
Yoshligingizdan orzu qilgan Toshkent Islom institutining talabasi bo‘lish baxtiga erishsin deya kechalari onangizning yig‘lab qilgan duolari, “Allohim farzandimga manfaatli ilm bergin” deb qilgan iltijolarim ijobat bo‘lganini eshitganimda ko‘z yoshlarimni tiyolmagandim. Yuzlab qorako‘zlar ichidan talaba bo‘lish baxti sizga nasib bo‘lgani uchun Robbimga hamdlar aytdim.
Mana oradan 4 yil o‘tdi. Bugun bu fayzli va muborak dargohni tark etmoqdasiz.
Ey Farzandim! Bugun fursatdan foydalanib, Sizga kichik bir nasihatni qilmoqchiman. Unga umringizning oxirgi lahzalarigacha amal qilishingizga Alloh tavfiq berishini so‘rab qolaman.
Aziz dilbandim! Siz endigina 4 bahorni ko‘rgan bolakay edingiz. Jajji qo‘llaringizdan tutib sizni bog‘chaga olib ketardim. Shunda do‘kondagi mashina o‘yinchog‘ini ko‘rib qolib, olib bering deb rosa xarxasha qilgandingiz. Olib berishni juda istardimku, ammo afsuski oldimda shu kichkinagina o‘vinchoqni olib berishga ham pulim yo‘q edi....Jonimni so‘rashsa sizga berishga tayyorman bolam... o‘zimdan afzal inson bo‘lishingiz uchun bor imkoniyatimni ishga solib harakat qilaman. Ba’zan duoda o‘zimni unutsamda, sizni aslo unutmayman.
Oradan yillar o‘tib, Rasulimiz alayhissalomning sunnatlariga muvofiq nikoh to‘yingizni o‘tkazdik. Shu kuni sizni muborak etgani so‘zga chiqqanimda sizga mendan arazlab, hatto gaplashmay qo‘yishingizga sababchi o‘sha kichkina mashinani topshirganimda juda uyalib, yuzlaringiz qizarib ketgandi...
Jonim bolam, niyatim sizni uyaltirish emas... Sizga faqat yaxshiliklarni tilayman. Sizga butun umringiz va oxiratingiz uchun kerak bo‘ladigan muhim bir saboqni amaliy tarzda yetkazgim keldi, xolos...
Unutmangki, kunlar o‘tib Allohning huzuriga qaytarilasiz. Bir kun aniq Robbimizning oldida turamiz. Alloh taolo har birimizning qilgan amalimizni birma-bir hisob-kitob qiladi. Shunday kunda ummati Muhammad bo‘lgan siz dilbandim amallaringizning juda oz va kichkinaligi bilan butun xaloyiqning oldida uyalib qolmang! Buning uchun har bir amalingizni xolis Alloh taolo uchun qiling! Hech kimni g‘iybat qilmang, boshqalarga hasad qilmang!
Unutmangki, siz Alloh taoloning dinini yetkazishdagi omonatdorsiz. Ulug‘ zotlarga ilm beshigi bo‘lgan ma’hadning vakilisiz. Siz ularga so‘zsiz munosib bo‘lishingiz kerak. Zero, xalqimiz muborak Islom dinimizni – imom timsolida ko‘radi.
Bizni zalolatdan hidoyatga, zulmatdan yorug‘likka, jaholatdan ma’rifatga, baxtsizlikdan saodatga olib chiqqan, bu yo‘lda mollarini ham, jonlarini ham ayamagan, hamisha faqat biz bevafo ummatning g‘amida bo‘lgan sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nimaga buyurgan bo‘lsalar shuni mahkam tuting, nimadan qaytargan bo‘lsalar undan tiyiling. Hadislarini yodlashga haris bo‘ling, hayotlari, sifatlari, xulqlari va yo‘llarini ko‘proq o‘rganing va ularga amal qiling.
Aslo erishgan yutug‘ingiz bilan cheklanib qolmang. Kimdir yoki nimadir uchun ilm olmang. Eng muhimi – ilm ibodat ekanini unutmang!
Qur’onni qo‘lingizdan qo‘ymang. Qur’onga muhabbatli bo‘ling!
Jigarporam, musofirchilik, ota-onadan uzoqda yurish, ularga bo‘lgan mehrni ham uzoqlashtirmasin. Unutmangki, biz sizni yaxshi ko‘ramiz, siz bizning hamisha qalbimizda, duolarimizdasiz.
Sizni ko‘rishimiz bolaligingizni, baxtli onlaringizni, quvonch bilan yugurib quchog‘imizga o‘zingizni otishingizni yodimizga soladi.
Siz kelmay qo‘ysangiz bizning yuraklar siqilib, sog‘inchdan va xavotirdan jam bo‘lmaydi.
Sizdan yagona iltimosimiz shuki, duolaringizda doimo eslab, Alloh taolodan bizga rahm-shafqat so‘rang. Qaniydi, Jannatda barcha ota-onalar qatorida turganimizda ismlarimiz bilan chaqirilib, “farzandingiz Qur’on yodlab, qilgan solih amallari uchun sizga mukofot – izzat toji kiydiriladi” deganini eshitsak edi... Bu bizning eng buyuk orzuimiz.
Alloh taolo barchamizni jannatda birga qilsin! Izzat tojini kiyadigan zotlardan qilsin! Omiyn.
Davron NURMUHAMMAD