Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Fevral, 2025   |   5 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:11
Quyosh
07:31
Peshin
12:42
Asr
16:01
Shom
17:46
Xufton
19:01
Bismillah
04 Fevral, 2025, 5 Sha`bon, 1446

Abu Is'hoq Mu’tasim - Horun Vosiq - Ja’far Mutavakkil

20.12.2024   4296   5 min.
Abu Is'hoq Mu’tasim - Horun Vosiq - Ja’far Mutavakkil

Bismillahir Rohmanir Rohiym

8. Abu Is'hoq Mu’tasim
(xalifalik davri: hijriy 218–227; milodiy 833–842)

Abu Is'hoq Mu’tasim Muhammad ibn Horun ar-Rashid akasi Ma’mundan keyin, uning aqliga binoan hijriy 218 yilda xalifalikni egalladi. U jangu jadalga va boshqa ishlarga turk askarlarini jalb qila boshladi. Turklar tomonidan Bag‘dod aholisiga turli ozorlar yetdi. Shundan so‘ng xalifa qarshi chora sifatida ular uchun Samurro shahrini qurdirdi. Bundan ko‘rinadiki, fors va arablarga ishonch qolmaganidan keyin Mu’tasim turklarga e’tibor berib, askarlikka ulardan olishga qaror qilgan.

Forslar hokimiyatni yolg‘iz o‘zlari olishni qasd qilganlari tajribadan ravshan bo‘lgach, abbosiy xalifalar ularga qarshi juda qattiq choralar ko‘rdilar. Abu Salama Halloldan boshlab, Abu Muslim Xurosoniy, barmakiylar, Fazl ibn Sahl va boshqalar munosib jazolarini olishdi. Arablarning hukmronligi Aminning davlatiga qo‘shilib, forslarning qilichlari ostida zavolga uchradi. Ushbu sabablarga ko‘ra Mu’tasim boshqa diyorlardan askar izladi va ular turklar bo‘ldi.

U o‘zining bu ishi bilan Islom davlatiga katta zarar yetkazayotganini anglamayotgan edi. U davlatning barcha ishlarini ana shu tug‘yonga ketgan turklarning qo‘liga topshirib qo‘ydi.

Mu’tasim “Qur’oni Karim maxluqdir” degan aqiydani davom ettirdi. Odamlarni, xususan imom Ahmad ibn Hanbalni azoblashda davom etdi. U Ma’munning siyosiy sohadagi juda ko‘p ishlarining davomchisi bo‘ldi.


Hodisalar
Bobak Xurramiy harakati

Mu’tasim Bobak Hurramiyga qarshi bir necha marta urush qildi, oxiri hijriy 223 (milodiy 838) yilda uni yo‘q qildi. Bobak ustidan qozonilgan g‘alaba musulmonlar guvoh bo‘lgan g‘alabalarning eng yaxshilaridan bo‘ldi. Bobak Hurramiy o‘ldirilgan kuni hurramiyya mazhabi tugadi. Bu 20 yil davom etgan kurashlarning natijasi edi.


Fathlar
Amuriyya fathi

Rum podshohi va xurramiylar birgalikda Zibtara va Malotiya degan joylarga kirishdi. U yerlarda musulmonlarga qarshi xohlagan ishlarini qildilar. Aytishlaricha,

Zibtara degan joyda bir muslima ayolga qarshi tajovuz qilinganida “Voy, Mu’tasimim!” deb dod solgan, shunda Mu’tasim haligi ayolning nidosiga javoban o‘zi Rum shaharlari tomon yurish qilgan. U Amuriyya degan joydan shaharga kirib borib, katta jangdan so‘ng uni fath qildi. Bu ishlar hijriy 223 yilda sodir bo‘ldi.

Shoir Abu Tamim ushbu voqeani o‘zining mashhur qasidasida bayon qilgan.

 

Mu’tasimning vafoti

Mu’tasim hijriy 227 (milodiy 842) yilda vafot etdi. Uning xalifalik davri to‘qqiz yil davom etdi.

 

9. Horun Vosiq
(xalifalik davri: hijriy 227–232; milodiy 842–847)

Horun ibn Muhammad Mu’tasim xalifalikni hijriy 227 yilda otasi Mu’tasimdan keyin egalladi. Uning davrida ahamiyatga molik hodisalar deyarli bo‘lmadi.

 

Turklar

Vosiqning davrida turklarning lashkarboshilari juda yuqori martabalarga erishdilar. Vosiq ularga juda ko‘p narsalarni berdi. Asli turk bo‘lgan lashkarboshi Ashnosga “Sulton” laqabini berdi. Unga juda ko‘p imtiyozlar taqdim etdi.

 

Horun Vosiqning vafoti

Horun Vosiq hijriy 232 (milodiy 847) yilda vafot etdi. Uning xalifaligi 5 yil davom etdi.

 

10. Ja’far Mutavakkil
(hijriy 232–247; milodiy 847–861)

Ja’far ibn Muhammad Mu’tasim xalifalikni akasidan keyin egalladi. Uni hokimiyatning barcha jilovlarini o‘z qo‘liga olgan turk lashkarboshilari xalifa qilib sayladilar. Mutavakkil turklardan xalos bo‘lish uchun ko‘p harakat qildi, lekin uddasidan chiqmadi. Uning hayoti ularning ko‘pida nihoyasiga yetdi. Ja’far Mutavakkil davrida “Qur’oni Karim – maxluq” degan gapga barham berildi. U imom Ahmad ibn Hanbalni ikrom qilib, hurmatini joyiga qo‘ydi.

 

Hodisalar

Hijriy 238 (milodiy 853) yilda, Mutavakkilning davrida Misrning Dimyot degan joyiga rumliklar g‘orat qilib kelib, u yerni vayron etishdi. Odamlarini qatl qilgach, o‘z yurtlariga qaytib ketishdi. Biror kishi ularga qarshi chiqa olmadi. Ularning musulmon yurtlariga qarshi tajovuzkorliklari davom etdi. Ularga bir necha marta hamlalar qilindi, lekin biror marta ham jiddiy natijaga erishilmadi.

Ja’far Mutavakkilga qarshi uning o‘g‘li Muntasir fitna uyushtirdi. U ba’zi bir turk qo‘mondonlari bilan til biriktirib, uni qatl qildirdi. Turklarning ishi juda ham kuchaygan, sha’nlari yuqorilashgan edi. Hijriy 247 yilda xalifa qatl qilindi. Mutavakkil 15 yil halifalik qildi. Ja’far Mutavakkilning qatl qilinishi bilan abbosiylarning birinchi davri – quvvatli xalifalar davri poyoniga yetdi.


Keyingi mavzular:
Hijriy II asrda ajrab chiqqan davlatlar.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Rasululloh ﷺning duolarini olgan sahoba

4.02.2025   77   7 min.
Rasululloh ﷺning duolarini olgan sahoba

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Muoviya ibn Abu Sufyon xalifaligi
(hijriy 41–60; milodiy 661–680)

Abdurrahmon ibn Abu Umayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi (u kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan edilar):

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Muoviya haqida: «Allohim, uni hidoyat qiluvchilardan, hidoyat topganlardan qilgin va u ila hidoyat qilgin», dedilar» (Termiziy rivoyat qilgan).

Ushbu hadisi sharif Muoviya ibn Abu Sufyon uchun katta fazldir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning duolari ijobat bo‘lishida shubha yo‘q.


Muoviya ibn Abu Sufyonning nasabi

Muoviya ibn Abu Sufyon ibn Harb ibn Umayya ibn Abdushshams. U kishining kunyalari Abu Abdurrahmon bo‘lgan.

Muoviya ibn Abu Sufyonning otalari Abu Sufyon ibn Harb bo‘lgan. Quraysh­ning boshlig‘i bo‘lishidan oldin Abu Sufyon Islomning ashaddiy dushmani bo‘lgani ma’lum va mashhur.

Muoviya ibn Abu Sufyonning onasi Hind bint Utba ibn Rabi’adir. Bu ayolning ham Makka fathidan so‘ng Islomga kelgani, undan oldin Allohning dinining eng ashaddiy dushmanlaridan biri bo‘lgani ko‘pchilikka ma’lum. Uhud urushi kuni hazrati Hamza roziyallohu anhuning o‘limlariga va qiymalanishlariga aynan Hind bint Utba bosh bo‘lgani ham sir emas.

Muoviya ibn Abu Sufyon mazkur ota va onadan Makkai mukarramada hijratdan o‘n besh yil oldin tavallud topdi.

U kishi novcha, oppoq, kelishgan va haybatli odam bo‘lgan.


Muoviya ibn Abu Sufyonning hayoti

Ana shunday ota-onaning tarbiyasini olgan, shunday oilada unib-o‘sgan farzandning darhol musulmon bo‘lishi qiyin edi.

Muoviya ibn Abu Sufyon Xandaq g‘azotida mushriklar safida bo‘lgan, qattiq shamoldan qo‘rqib, ular bilan birga qochib ketgan.

Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu Hudaybiya yili – hijriy 6 (milodiy 627) yilda musulmon bo‘lgan, lekin buni maxfiy saqlagan. Fath yili – hijriy 8 (milodiy 629) yilda Quraysh qabilasi Islomga kirgan paytda musulmonligini e’lon qilgan. O‘shanda u kishining yoshi yigirma uchda edi.

Keyinchalik Muoviya ibn Abu Sufyon Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Hunayn va Toif g‘azotlarida ishtirok etgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga juda ko‘p o‘ljalar berganlar. O‘sha kuni qalbi ulfat qilingan shaxslardan hisoblangan va islomi go‘zal bo‘lgan.

Muoviya ibn Abu Sufyon Madinai munavvarada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vahiy kotiblaridan bo‘lgan.

Muoviya roziyallohu anhu hammasi bo‘lib 163 ta hadis rivoyat qilgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishidan rozi bo‘lgan hollarida vafot etganlar. Muoviya roziyallohu anhu Yarmuk jangida ishtirok etgan, shuningdek, Damashqni fath qilishda akasi Yazidning askarlari ichida bo‘lgan, Qayosira shahri va Shomning dengiz bo‘yida joylashgan ba’zi yurtlarini fath qilishda qatnashgan.

Amvosdagi vaboda ko‘pgina sahobai kiromlar, jumladan, Damashqning amiri Yazid ibn Abu Sufyon ham vafot etib, uning o‘rniga ukasi Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu amirlik qila boshladi.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning vafotlaridan keyin hazrati Umar roziyallohu anhu ham Muoviya ibn Abu Sufyonning amirligini tasdiqladilar.

Umar roziyallohu anhu u kishini barcha Shom yurtlariga voliy qilib tayinladilar. Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu hazrati Umar roziyallohu anhudan Rumga qarshi dengiz orqali g‘azot qilishga ruxsat so‘ragan, lekin hazrati Umar roziyallohu anhu ko‘nmaganlar, lekin keyinchalik u baribir Rum yerlariga qarshi g‘azot qilgan.

Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu xalifaning amriga binoan armanlar yurtini fath qilish maqsadida Shom tomondan Habib ibn Maslama Fihriy boshchiligida lashkar yubordi. Ma’lum muddat jang bo‘lganidan so‘ng armanlar sulh so‘radilar va orada sulh tuzildi.

Hijriy 25 yilda hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu tomonlaridan Shomga bosh voliy etib tayinlangan Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu u kishining amrlari ila Rumning Amuriyya, Tartus va Antokiya degan joylarini fath qildi.

Muoviya roziyallohu anhu hazrati Usmon roziyallohu anhudan dengiz orqali g‘azot qilishga ruxsat so‘rab qattiq turib olgan va xalifaning ruxsati bilan u kishi boshchiligidagi askarlar Qibris – Kiprga g‘azot qilib, hijriy 28 (milodiy 648) yilda u yerni fath etganlar.

Hazrati Muoviya roziyallohu anhu musulmonlar ishtirok etgan eng katta dengiz jangida Rum askari ustidan g‘alabaga erishgan. Hijriy 31 (milodiy 651) yilda bo‘lib o‘tgan bu jang «Zotus-savoriy» jangi deb ataladi.

Xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning iznlari ila musulmonlarning dengiz kuchlarini tashkil qilgan Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu har yili yoz faslida dengiz fathlarini o‘tkazib turar, bu ish rumliklarning tinchini buzar edi. Nihoyat, ular Hiraqlning o‘g‘li Konstantin boshchiligida katta kuch to‘plab, ana shu misli ko‘rilmagan katta kuch bilan musulmonlar ustiga g‘orat qilish uchun otlanishdi.

Ular o‘zlarining besh yuz nafar kemalari bilan musulmonlarning g‘arbiy tomonini himoya qilib turgan Abdulloh ibn Sa’d va uning sheriklari tomon yopirilib borishdi. Ikki tomon yuzlashdi, rumliklar cho‘qinib, duolarini qilishdi, musulmonlar esa tilovat qilib, namoz o‘qidilar.

Tong otganda, Abdulloh ibn Sa’d o‘z askarlarining kemalarini safga tizdi. Ularga Allohni zikr etishni va Qur’on tilovat qilishni buyurdi. Ana shu holni ko‘rgan musulmon askarlardan biri shunday hikoya qiladi:

«Ular biz tomon misli ko‘rilmagan ko‘p kemalar bilan, ularning yelkanlarini ko‘targan holda yurish boshlashdi. Shamol ularning foydasiga, bizning zararimizga (teskari) esar edi. Biz langar tashladik. Shamol biz uchun o‘ng‘aysizlik tug‘dirmay qo‘ydi. Ular quruqlikka chiqishdan bosh tortishdi. Biz ularga yaqinlashib bordik. Kemalarimizni ularning kemalariga bog‘lab, ular bilan qilichbozlikni boshladik. Odamlar qilich va xanjarlar bilan o‘zaro jang qilishardi. To‘lqin kemalarni qirg‘oq tomon surib chiqardi. Odamlarning jonsiz tanalarini ham sohilga chiqarib tashladi. Jasadlar katta toqqa o‘xshab uyulib ketgan edi. Qon rangi suvni qizilga bo‘yadi. O‘sha kuni musulmonlar misli ko‘rilmagan sabr-matonat ko‘rsatdilar. Ulardan ko‘plari shahid bo‘ldilar. Rumliklardan esa ularga qaraganda bir necha barobar ko‘p odam halok bo‘ldi. So‘ng Alloh musulmonlarga nusratni nozil qildi».

Bu jangning «Zotus-savoriy» – «Yelkan egalari» yoki «Yelkanlar jangi» deb nomlanishi ham shundan.

«Islom tarixi» ikkinchi juzi asosida tayyorlandi

Maqolalar