Bismillahir Rohmanir Rohiym
E’tibor bergan kishini mahzun qiladigan uchta narsa bor. Ularning har biri alohida jihat bo‘lib, ularga qaragan qiz albatta mahzun bo‘ladi. Mana shu uch narsaga qarashni bas qilsak, hayotimiz rozilik, saodat va sakinatga to‘ladi.
Mahzun qiluvchi birinchi narsa: Atrofdagi odamlarning qo‘lidagi ne’matlarga qarash.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "Sinov uchun dunyo hayotining ko‘rki qilib, ayrimlarni bahramand qilgan narsalarimizga ko‘z tikma. Robbingning rizqi yaxshidir, boqiydir"(Toho surasi, 131-oyat).
Ko‘z tikish – birovlarning qo‘lidagi dunyo matohlariga hasad, tamagirlik bilan qarashdir.
Birovning qo‘lidagi narsalarga qarash ham ikki xil bo‘ladi:
Birinchisi – tabiiy, beixtiyor qarash. Bunda ataylab, qasd qilib qaralmaydi. Odamlarning qo‘lidagi narsalarga, ularga Alloh bergan ne’matlarga beixtiyor ko‘z tushib qoladi. Bunday paytda ko‘zini chetga olgan odamning qalbi tamagirlikdan uzilib, xotirjam bo‘ladi. Aslida bunaqangi paytlarda chin dildan havas qilish, bu ne’mat o‘sha kishiga buyursin, bardavom bo‘lsin deb duo qilish, bu kishiga ne’mat berilganiga xursand bo‘lish kerak. Lekin ko‘z tikib turaversa, «Nega shu narsa menda yo‘q? Nega nuqul uning omadi kelaveradiyu, mening hech ishim yurishmaydi?» deb, hasad qilsa, o‘sha kishidagi bu ne’mat yo‘q bo‘lishini istasa, bunday pastkash odam o‘ziga g‘am-g‘ussani tilab olgan bo‘ladi.
Ikkinchisi – ataylab ko‘z tikish. Bu – birovlarning mol-mulkiga, ularga berilgan ne’matlarga ataylab, biror yomon maqsad bilan qarash va bu ishni qayta-qayta qilishdir. Alloh taolo qalbimizni mahzunlikdan asrash uchun bizni bu narsadan qaytargan. Shunday ekan, qalbingiz xotirjam bo‘lib, qayg‘usiz yashashni istasangiz, boshqalarga berilgan ne’matlarga ko‘z tikmang!
Bir qiz aytadi: «Bir kuni onam meni hayron qoldirib, "Kel, qizim, bugun senga 37 yildan buyon qalbimning tub-tubida saqlanib kelayotgan bir sirni aytaman", deb qoldilar. Borib, yonlariga o‘tirgan edim, bunday dedilar:
«Yoshligimda birovlarning qo‘lidagi ne’matlarga ko‘p ko‘z tikardim. Alloh ularga bergan narsalarni ko‘rib, hasad qilardim. Ularni o‘zimdan ustun deb, o‘zimni esa juda nochor deb bilardim. Alloh menga bergan ne’matlar esa ko‘zimga ko‘rinmasdi. Shuning uchun biror kun rozilik degan narsani his qilmay yashadim, qayg‘u meni bir soniya ham tark etmadi. Oxiri borib, tushkunlikka – depressiyaga tushib qoldim.
Mahzunligimning siri mana shu edi. Lekin men sening bunday baxtsiz bo‘lishingni istamayman. Shuning uchun, boylikda ham, chiroyda ham doim o‘zingdan pastroqlarga qaragin, qizim. Shunda dunyoyu oxiratda baxtli bo‘lasan. Odamlarning qo‘lidagi ne’matlarga qarasang, qayg‘u-hasratdan boshing chiqmaydi, bundan o‘zingni himoya qilgin, bolam!»
Ikkinchi qiz aytadi:
«Yashirmayman, onam birovlarga ko‘p hasad qilardi. Gapining asosiy mavzusi kimningdir nimagadir erishgan bo‘lar edi. O‘zining ahvolidan esa faqat nolir edi. Yaxshiyam dadajonim donolik bilan ish tutdilar. Bo‘lmasa men ham onamning ahvoliga tushib qolishimga bir bahya qolgan edi. Otam onamning bu xunuk odatiga ajoyib uslubda yondasha boshladilar. Har gal onam: "Falonchining falon-falon narsalari bor, bizda esa hech narsa yo‘q" desa, otam: "Odamlarning qo‘lidagi narsalarni ko‘p gapirsang, obro‘ying tushib ketadi. Eng yomoni – Allohning adolatiga shubha qilgan, bergan rizqiga norozi bo‘lgan bo‘lib qolasan", der edi.
Onam o‘zining ahvolidan nolib, "Falonchixon boy-badavlat, men bechora esa…" deb qolsa, otam yana o‘sha hikmatli so‘zlarini takrorlar edi.
Otam bu so‘zlarni sokinlik bilan, tabassum bilan aytar edi. Otamning butun jismi-jonida, onamning aksi o‘laroq, har doim rozilik, xotirjamlik ufurib turardi, «Allohga hamdlar bo‘lsin, bizda ne’matlar juda ko‘p!» degan so‘zlarni bot-bot takrorlar, ortidan esa Alloh bizga bergan, boshqalarda yo‘q ne’matlarni sanab berardi.
Ko‘pincha otamning saodati bilan onamning mahzunligini taqqoslab ko‘rardim. Onamning odamlar qo‘lidagi narsalarga qarab, xursand bo‘lmasligi, otamning esa o‘ziga berilgan ne’matlarga shukr qilib, xotirjam yashashi haqida ko‘p o‘ylardim. Nihoyat, ikki tomonni solishtirib ko‘rib, otamga o‘xshashga ont ichdim, biror soniya ham onamga o‘xshab qolmaslikni Allohdan so‘ray boshladim. Chunki onam birovga berilgan mol-dunyoga qarab, o‘zining ahvolidan nolib, hayotini barbod qildi, obro‘sini tushirib, Robbining adolatiga shubha bilan qaraydigan bo‘lib qolgan edi».
Ramazon oyida xufton namozidan so‘ng ado qilinadigan taroveh namozi sunnati muakkadadir. Erkaklar masjidda jamoat bilan o‘qisa, ayollar uyida ado qiladi. Ba’zi fuqaholar: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisda aytgan Ramazondagi tungi ibodatdan maqsad taroveh namozidir», deyishgan.
Taroveh namozi yigirma rakatdir. Ushbu yigirma rakatni o‘nta salom va beshta tarviha (dam olish)da ado qilinadi. Har ikki salomdan so‘ng dam olinadi.
To‘rt mazhab ulamolari tarovehning yigirma rakat ekanligiga bu hadislarni dalil qilishgan: Soib ibn Yazid roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Umar roziyallohu anhuning davrlarida Ramazon oyida sahobalar tarovehni yigirma rakat o‘qishardi» (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Abdulaziz ibn Rofe’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Madinada Ubay ibn Ka’b Ramazon oyida odamlarga yigirma rakat (taroveh) namozini o‘qib berardi va vitrni uch rakat o‘qirdi».
Ibn Qudoma rahmatullohi alayh «Mug‘niy» nomli kitoblarida taroveh namozini yigirma rakatligiga ijmo qilinganini keltiradi va Imom Molikning «Taroveh o‘ttiz olti rakatdir», degan so‘zlariga raddiya sifatida bunday yozadi: «Ramazon oyida qoim bo‘lib o‘qiladigan taroveh namozi yigirma rakatdir. Ushbu namozni birinchi o‘qigan odam Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdirlar. Ushbu namozni Umar roziyallohu anhu joriy qilgan, deyilishining sababi esa, u kishi Ubay ibn Ka’bni imom qilib, bu namozni jamoat bo‘lib o‘qishni joriy qilgan birinchi shaxs hisoblanadilar.
Ali roziyallohu anhu xalifalik davrlarida Ramazon oyida masjidlar oldidan o‘tib ketayotganlarida ularning shamchiroqlar ila yoritilganini ko‘rib: «Bizning masjidlarimizni yoritgan Umarning qabrini Alloh yoritsin», deb duo qilganlar. (Ya’ni Umar (roziyallohu anhu)ning qilgan ishlarini ma’qullaganlar.)»1
Misr, Mag‘rib, Liviya, Quvayt, Qatar, Suriya, Pokiston, Hindiston kabi o‘lkalardagi deyarli barcha masjidlarda taroveh namozini yigirma rakat o‘qishadi.
Yuqorida aytib o‘tilgan ma’lumotlardan yer yuzidagi barcha musulmonlar tarovehni yigirma rakat o‘qishlari ayon bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadislarida: «Mening ummatim zalolatda jamlanmaydi», deganlar. Demak, tarovehni yigirma rakat o‘qish sunnat hisoblanadi.
Odilxon qori YUNUSXON o‘g‘li
1 Ibn Qudoma. “Mug‘niy fi fiqhil Hanbaliy”. 2-juz. 167-bet.