Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyun, 2025   |   20 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:40
Bismillah
16 Iyun, 2025, 20 Zulhijja, 1446

Odamlarning qo‘lidagi ne’matlarga qarash

20.12.2024   3736   4 min.
Odamlarning qo‘lidagi ne’matlarga qarash

E’tibor bergan kishini mahzun qiladigan uchta narsa bor. Ularning har biri alohida jihat bo‘lib, ularga qaragan qiz albatta mahzun bo‘ladi. Mana shu uch narsaga qarashni bas qilsak, hayotimiz rozilik, saodat va sakinatga to‘ladi.

Mahzun qiluvchi birinchi narsa: Atrofdagi odamlarning qo‘lidagi ne’matlarga qarash.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "Sinov uchun dunyo hayotining ko‘rki qilib, ayrimlarni bahramand qilgan narsalarimizga ko‘z tikma. Robbingning rizqi yaxshidir, boqiydir"(Toho surasi, 131-oyat).

Ko‘z tikish – birovlarning qo‘lidagi dunyo matohlariga hasad, tamagirlik bilan qarashdir.

Birovning qo‘lidagi narsalarga qarash ham ikki xil bo‘ladi:

Birinchisitabiiy, beixtiyor qarash. Bunda ataylab, qasd qilib qaralmaydi. Odamlarning qo‘lidagi narsalarga, ularga Alloh bergan ne’matlarga beixtiyor ko‘z tushib qoladi. Bunday paytda ko‘zini chetga olgan odamning qalbi tamagirlikdan uzilib, xotirjam bo‘ladi. Aslida bunaqangi paytlarda chin dildan havas qilish, bu ne’mat o‘sha kishiga buyursin, bardavom bo‘lsin deb duo qilish, bu kishiga ne’mat berilganiga xursand bo‘lish kerak. Lekin ko‘z tikib turaversa, «Nega shu narsa menda yo‘q? Nega nuqul uning omadi kelaveradiyu, mening hech ishim yurishmaydi?» deb, hasad qilsa, o‘sha kishidagi bu ne’mat yo‘q bo‘lishini istasa, bunday pastkash odam o‘ziga g‘am-g‘ussani tilab olgan bo‘ladi.

Ikkinchisiataylab ko‘z tikish. Bu – birovlarning mol-mulkiga, ularga berilgan ne’matlarga ataylab, biror yomon maqsad bilan qarash va bu ishni qayta-qayta qilishdir. Alloh taolo qalbimizni mahzunlikdan asrash uchun bizni bu narsadan qaytargan. Shunday ekan, qalbingiz xotirjam bo‘lib, qayg‘usiz yashashni istasangiz, boshqalarga berilgan ne’matlarga ko‘z tikmang!

Bir qiz aytadi: «Bir kuni onam meni hayron qoldirib, "Kel, qizim, bugun senga 37 yildan buyon qalbimning tub-tubida saqlanib kelayotgan bir sirni aytaman", deb qoldilar. Borib, yonlariga o‘tirgan edim, bunday dedilar:

«Yoshligimda birovlarning qo‘lidagi ne’matlarga ko‘p ko‘z tikardim. Alloh ularga bergan narsalarni ko‘rib, hasad qilardim. Ularni o‘zimdan ustun deb, o‘zimni esa juda nochor deb bilardim. Alloh menga bergan ne’matlar esa ko‘zimga ko‘rinmasdi. Shuning uchun biror kun rozilik degan narsani his qilmay yashadim, qayg‘u meni bir soniya ham tark etmadi. Oxiri borib, tushkunlikka – depressiyaga tushib qoldim.

Mahzunligimning siri mana shu edi. Lekin men sening bunday baxtsiz bo‘lishingni istamayman. Shuning uchun, boylikda ham, chiroyda ham doim o‘zingdan pastroqlarga qaragin, qizim. Shunda dunyoyu oxiratda baxtli bo‘lasan. Odamlarning qo‘lidagi ne’matlarga qarasang, qayg‘u-hasratdan boshing chiqmaydi, bundan o‘zingni himoya qilgin, bolam!»

 

Ikkinchi qiz aytadi:

«Yashirmayman, onam birovlarga ko‘p hasad qilardi. Gapining asosiy mavzusi kimningdir nimagadir erishgan bo‘lar edi. O‘zining ahvolidan esa faqat nolir edi. Yaxshiyam dadajonim donolik bilan ish tutdilar. Bo‘lmasa men ham onamning ahvoliga tushib qolishimga bir bahya qolgan edi. Otam onamning bu xunuk odatiga ajoyib uslubda yondasha boshladilar. Har gal onam: "Falonchining falon-falon narsalari bor, bizda esa hech narsa yo‘q" desa, otam: "Odamlarning qo‘lidagi narsalarni ko‘p gapirsang, obro‘ying tushib ketadi. Eng yomoni – Allohning adolatiga shubha qilgan, bergan rizqiga norozi bo‘lgan bo‘lib qolasan", der edi.

Onam o‘zining ahvolidan nolib, "Falonchixon boy-badavlat, men bechora esa…" deb qolsa, otam yana o‘sha hikmatli so‘zlarini takrorlar edi.

Otam bu so‘zlarni sokinlik bilan, tabassum bilan aytar edi. Otamning butun jismi-jonida, onamning aksi o‘laroq, har doim rozilik, xotirjamlik ufurib turardi, «Allohga hamdlar bo‘lsin, bizda ne’matlar juda ko‘p!» degan so‘zlarni bot-bot takrorlar, ortidan esa Alloh bizga bergan, boshqalarda yo‘q ne’matlarni sanab berardi.

Ko‘pincha otamning saodati bilan onamning mahzunligini taqqoslab ko‘rardim. Onamning odamlar qo‘lidagi narsalarga qarab, xursand bo‘lmasligi, otamning esa o‘ziga berilgan ne’matlarga shukr qilib, xotirjam yashashi haqida ko‘p o‘ylardim. Nihoyat, ikki tomonni solishtirib ko‘rib, otamga o‘xshashga ont ichdim, biror soniya ham onamga o‘xshab qolmaslikni Allohdan so‘ray boshladim. Chunki onam birovga berilgan mol-dunyoga qarab, o‘zining ahvolidan nolib, hayotini barbod qildi, obro‘sini tushirib, Robbining adolatiga shubha bilan qaraydigan bo‘lib qolgan edi».

 

Boshqa maqolalar

Olimga nimani nasihat qilaman?

09.06.2025   7101   2 min.
Olimga nimani nasihat qilaman?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhning ilm va fazllari mashhur bo‘layotgan va shuhrat qozonayotgan edi. U kishi o‘zlarining voqealarini quyidagicha so‘zlab beradilar: «Men «Siyratun-Nabiy sollallohu alayhi vasallam» kitobini olti jild qilib tamomladim. «Muhtaram Zotning siyratlaridagi biror jilva yoki ko‘rinish mening hayotimda ham bo‘lganmi yoki yo‘q? Agar bo‘lmagan bo‘lsa, u holda qanday bo‘ladi?» degan o‘y qayta-qayta qalbimda tinchlik bermas edi. Shu maqsad uchun Allohning biror valiysini qidirdim.

Thana Bhavandagi xonaqohda yashaydigan va Alloh taolo fayzlarini taratib qo‘ygan Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy hazratlari haqida eshitgan edim. Shunday qilib, bir kuni Thana Bhavanga borishni niyat qildim va safarga chiqdim. Borib, hazrat bilan ko‘rishdim va bir necha kun u yerda turdim. Ortga qaytayotganimda hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhga: «Hazrat! Biror nasihat qiling», dedim. U zotning xayollariga o‘sha payt: «Shunday katta allomaga nima nasihat qilaman? Ilm va fazli butun dunyoga mashhur bo‘lsa», degan o‘y kelibdi. Keyin: «Ey Alloh! Qalbimga uning uchun ham foydali bo‘lgan va mening uchun ham foydali bo‘lgan narsani sol», deb duo qilibdi. Shundan keyin hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhga xitob qilib: «Ey birodar! Bizning yo‘limizda boshidan oxirigacha o‘zingizni xokisor tutishingiz kerak», debdilar.

Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh aytadilar: «Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh bu so‘zlarni aytayotganlarida qo‘llarini ko‘ksilariga olib borib, past tarafiga bir zarba berdilar, zarba xuddi mening qalbimga tushgandek bo‘ldi».

Hazratimiz Doktor Abdulhay rahmatullohi alayh aytadilar: «Bu voqeadan keyin Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh o‘zlarini shunday xokisor tutdilarki, uning misli topilishi qiyin edi. Bir kuni qarasam, xonaqohning tashqarisida hazrat Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh majlisga kelganlarning oyoq kiyimlarini tartiblayotgan ekanlar. Shunday tavoze’ va muhabbatni Alloh taolo u kishining qalbida paydo qildi va keyin yuksak darajalarga ko‘tarib qo‘ydi».

«Nasihatlar guldastasi» kitobidan