Sayt test holatida ishlamoqda!
26 May, 2025   |   28 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:16
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:48
Xufton
21:21
Bismillah
26 May, 2025, 28 Zulqa`da, 1446

Gunohlardan o‘zimni tiya olmayapman

20.12.2024   7440   4 min.
Gunohlardan o‘zimni tiya olmayapman

Bir kuni ko‘p gunohlar qilib yurgan bir yigit solih bir zotning huzuriga kelib, o‘z ahvolidan shikoyat qilibdi.
— E solih zot! Men qilmagan gunohlar qolmadi. Menga nasihat qilib qo‘ysangiz. Har qancha urinsam ham gunohlardan o‘zimni tiya olmayapman. Shoyat pandu nasihatlaringiz ta’sir qilib gunoh qilishdan to‘xtasam, qilgan gunohlarimga tavba qilsam, - debdi.
Solih kishi:
— Ey o‘g‘lim, agar Allohga osiylik qilishni xohlasang, qilaver, ammo avvalo beshta shartga rioya qilishing kerak. Agar bularni bajara olsang, istagancha gunoh qil, - dedi.
Yigit xursand bo‘lib:
— Ey solih zot, ayting, ularni albatta bajaraman. Tezroq ayting, - dedi.
Solih kishi:
Birinchi shart: agar Allohga osiylik qilmoqchi bo‘lsang, avvalo Uning yeridan chiqib ket va gunohni boshqa yerda qil, - dedi.
Yigit hayron bo‘lib:
— Ey ulug‘ zot, rahmat sizga! Ammo, qayerda gunoh qilaman? Ahir Yerning barchasi Allohning mulki emasmi? - dedi.
Solih zot javob berdi:
— Ha, albatta. Endi sen Allohdan uyalmaysanmi? Uning yerida yashab, yana Unga osiylik qilasanmi?!
Yigit:
Ikkinchi shartni ayting, ey ustoz, - dedi.
Solih kishi:
— Agar Allohga osiylik qilmoqchi bo‘lsang, qilaver, ammo Uning rizqidan yemagin, - dedi.
Yigit yana hayratlanib:
— Ey ulug‘ zot, sizga Allohning rahmati bo‘lsin! Ahir rizq beruvchi Uning o‘zi bo‘lsa, unda men qayerdan rizqlanaman? - dedi.
Solih kishi:
— Allohning rizqidan yeb turib, yana Unga osiylik qilishdan uyalmaysanmi?!-  dedi.
Yigit:
Uchinchi shartni ayting, - dedi.
Solih kishi:
— Agar Allohga osiylik qilmoqchi bo‘lsang, U ko‘rmaydigan joyga borib qil, - dedi.
Yigitning hayrati yana oshdi:
— Ey ustoz!  Bu nima deganingiz? Ahir qayerga bormay Uning ko‘z o‘ngidamanku. Alloh hatto qorong‘u kechada qora tosh ustida yurgan qora chumolining harakatini ham ko‘radi-ku! Qayerga bormay, qayerga yashirinmay meni ko‘rib, bilib turadiku? - dedi.
Solih zot:
— Shundayligini bilar ekansan, boshqalarning ko‘rib qolishidan uyalasanu, nahotki Allohning ko‘z o‘ngida gunoh qilishdan uyalmaysan? Nahotki, Alloh sen uchun boshqalardan ko‘ra qardsiz va hurmatsiz bo‘lsa. U hamma narsani bilib, ko‘rib turganida Unga osiylik qilasanmi?! - dedi.
Yigit:
To‘rtinchi shartni aytib bering, - dedi.
Solih kishi dedi:
— Agar Allohga osiylik qilar ekansan, unday bo‘lsa qachonki ajal farishtasi kelib, joningni olmoqchi bo‘lganida unga ayt: “Menga ozgina muhlat ber, gunohlarimdan tavba qilib olay”, degin.
Yigit qattiq yig‘lab:
— Ey solih zot, men kimmanki o‘lim farishtasiga buyruq bera olsam, buni hech kim qila olmaydi? O‘lim kelganda uni bir soniyaga ham ortga surib bo‘lmaydi-ku! — dedi.
Solih kishi:
Beshinchi shart shuki, agar Allohga osiylik qilmoqchi bo‘lsang, qilaver, biroq qachonki do‘zaxning farishtalari kelib, seni do‘zaxga tortmoqchi bo‘lganlarida ularning changalidan qutulib qochgin va jannatga kirib olgin, - dedi.
Yigit dod solib yig‘ladi va baland ovozda:
— Bas, yetar ey ulug‘ ustoz! Allohni nomi bilan qasam ichib aytaman, bugundan boshlab gunoh qilmayman, men Allohga chin dilimdan tavba qildim, Laa ilaha illallohu Muhammadur Rasululloh - dedi.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV

Boshqa maqolalar

Siz shunday kasallikka chalinganmisiz?

23.05.2025   3637   1 min.
Siz shunday kasallikka chalinganmisiz?

Dunyoda bir kasallik bor. Uning nomi "ne’matga o‘rganib qolish"dir.

Bunda ne’matlarga shu qadar o‘rganib qolasizki, go‘yo ular ne’mat emasdek.

Uyingizga kirasiz. Ahlingiz sog‘-salomat. Buning uchun shukr qilmaysiz. Chunki bu ne’matga o‘rganib qolgansiz.

Istagan narsangizni sotib olasiz. Buni sizga in’om qilgan Zotga shukr qilmaysiz. Chunki sotib olishga o‘rganib qolgansiz.

Uyqudan uyg‘onasiz. Sog‘-salomatsiz. Hamd aytmaysiz. Chunki a’zolaringiz shu qadar yaxshi ishlayaptiki, ularning ichingizda borligini hatto unutib yuborgansiz.

Endi bildingiz. Hamd hamrohingiz bo‘lsin!

Alhamdulillah....

Abdulqodir Polvonov