Bir kuni ko‘p gunohlar qilib yurgan bir yigit solih bir zotning huzuriga kelib, o‘z ahvolidan shikoyat qilibdi.
— E solih zot! Men qilmagan gunohlar qolmadi. Menga nasihat qilib qo‘ysangiz. Har qancha urinsam ham gunohlardan o‘zimni tiya olmayapman. Shoyat pandu nasihatlaringiz ta’sir qilib gunoh qilishdan to‘xtasam, qilgan gunohlarimga tavba qilsam, - debdi.
Solih kishi:
— Ey o‘g‘lim, agar Allohga osiylik qilishni xohlasang, qilaver, ammo avvalo beshta shartga rioya qilishing kerak. Agar bularni bajara olsang, istagancha gunoh qil, - dedi.
Yigit xursand bo‘lib:
— Ey solih zot, ayting, ularni albatta bajaraman. Tezroq ayting, - dedi.
Solih kishi:
— Birinchi shart: agar Allohga osiylik qilmoqchi bo‘lsang, avvalo Uning yeridan chiqib ket va gunohni boshqa yerda qil, - dedi.
Yigit hayron bo‘lib:
— Ey ulug‘ zot, rahmat sizga! Ammo, qayerda gunoh qilaman? Ahir Yerning barchasi Allohning mulki emasmi? - dedi.
Solih zot javob berdi:
— Ha, albatta. Endi sen Allohdan uyalmaysanmi? Uning yerida yashab, yana Unga osiylik qilasanmi?!
Yigit:
— Ikkinchi shartni ayting, ey ustoz, - dedi.
Solih kishi:
— Agar Allohga osiylik qilmoqchi bo‘lsang, qilaver, ammo Uning rizqidan yemagin, - dedi.
Yigit yana hayratlanib:
— Ey ulug‘ zot, sizga Allohning rahmati bo‘lsin! Ahir rizq beruvchi Uning o‘zi bo‘lsa, unda men qayerdan rizqlanaman? - dedi.
Solih kishi:
— Allohning rizqidan yeb turib, yana Unga osiylik qilishdan uyalmaysanmi?!- dedi.
Yigit:
— Uchinchi shartni ayting, - dedi.
Solih kishi:
— Agar Allohga osiylik qilmoqchi bo‘lsang, U ko‘rmaydigan joyga borib qil, - dedi.
Yigitning hayrati yana oshdi:
— Ey ustoz! Bu nima deganingiz? Ahir qayerga bormay Uning ko‘z o‘ngidamanku. Alloh hatto qorong‘u kechada qora tosh ustida yurgan qora chumolining harakatini ham ko‘radi-ku! Qayerga bormay, qayerga yashirinmay meni ko‘rib, bilib turadiku? - dedi.
Solih zot:
— Shundayligini bilar ekansan, boshqalarning ko‘rib qolishidan uyalasanu, nahotki Allohning ko‘z o‘ngida gunoh qilishdan uyalmaysan? Nahotki, Alloh sen uchun boshqalardan ko‘ra qardsiz va hurmatsiz bo‘lsa. U hamma narsani bilib, ko‘rib turganida Unga osiylik qilasanmi?! - dedi.
Yigit:
— To‘rtinchi shartni aytib bering, - dedi.
Solih kishi dedi:
— Agar Allohga osiylik qilar ekansan, unday bo‘lsa qachonki ajal farishtasi kelib, joningni olmoqchi bo‘lganida unga ayt: “Menga ozgina muhlat ber, gunohlarimdan tavba qilib olay”, degin.
Yigit qattiq yig‘lab:
— Ey solih zot, men kimmanki o‘lim farishtasiga buyruq bera olsam, buni hech kim qila olmaydi? O‘lim kelganda uni bir soniyaga ham ortga surib bo‘lmaydi-ku! — dedi.
Solih kishi:
— Beshinchi shart shuki, agar Allohga osiylik qilmoqchi bo‘lsang, qilaver, biroq qachonki do‘zaxning farishtalari kelib, seni do‘zaxga tortmoqchi bo‘lganlarida ularning changalidan qutulib qochgin va jannatga kirib olgin, - dedi.
Yigit dod solib yig‘ladi va baland ovozda:
— Bas, yetar ey ulug‘ ustoz! Allohni nomi bilan qasam ichib aytaman, bugundan boshlab gunoh qilmayman, men Allohga chin dilimdan tavba qildim, Laa ilaha illallohu Muhammadur Rasululloh - dedi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiroat qilganlarida oyatlarni ajratib-ajratib o‘qirdilar” (Imom Abu Dovud, Imom Ahmad rivoyati).
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam qiroatalarini oyat-oyat qilib ajratardilar: «Alhamdu lillahi Robbil-’alamin» deb, so‘ng vaqf qilardilar, «Arrohmanir-Rohiym» deb, so‘ng vaqf qilardilar» (Imom Termiziy, Imom Hokim rivoyati).
Ya’lo ibn Mamlakdan rivoyat qilinadi: «U Ummu Salama roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning namozlari haqida so‘radi. Shunda u kishi: «Sizlar qayoqdayu, u zotning namozlari qayoqda?! U zot namoz o‘qir, so‘ng namoz o‘qiganchalk uxlar, so‘ng uxlaganlaricha namoz o‘qir, so‘ng namoz o‘qiganlaricha uxlar edilar. To tongacha shunday bo‘lar edi», dedi-da, u zotning qiroatlarini maqtay ketdi. U zotning qiroatlarini maqtay turib: «Harfma-harf, aniq-aniq o‘qirdilar», dedi» Abu Dovud, Termiziy va Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan.
Qatodadan rivoyat qilinadi: «Anasdan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari qanday edi?» deb so‘raldi. Shunda u: «Cho‘ziq edi», dedi-da, keyin «Bismillahir-Rohmanir-Rohiym»ni «Bismillah»ni cho‘zib, «Ar-Rohman»ni cho‘zib, «Ar-Rohiym»ni cho‘zib o‘qib berdi». Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mad – cho‘ziq unli bor o‘rinlarda madni aniq cho‘zib o‘qir edilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Abdulloh ibn Abu Qaysdan rivoyat qilinadi: «Men Oisha roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari haqida: «U zot qiroatni ichlarida qilarmidilar yoki jahriy (oshkora) qilarmidilar?» deb so‘radim. U: «Har qaysisini ham qilardilar. U zot (qiroatni) gohida ichlarida, gohida oshkora qilardilar», dedi» (Muttafaqun alayh).
Ummu Honiydan rivoyat qilinadi: «Men tunda yopig‘im ustida turib olib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ka’ba oldidagi qiroatlarini eshitar edim» (Nasoiy va Ibn Moja rivoyat qilgan).
Jubayr ibn Mut’im roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamnig shom namozida Tur surasini o‘qiyotganlarini eshitdim. «Yoki ular, hech narsadan hech narsa yo‘q, o‘zlari yaralganlarmi?! Yoki ular yaratuvchilarmi?» oyatiga kelganda qalbim uchib ketay dedi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning xuftonda «Vattiyni vaz-zaytun»ni o‘qiyotganlarini eshitdim. Biror kishidan u zotning ovozlaridan ko‘ra chiroyli ovoz eshitmaganman» Muttafaqun alayh.
Abdulloh ibn Mug‘affaldan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning tuyalarida Qur’on o‘qib ketayotganlarini ko‘rdim. Fath surasini mayin qilib o‘qib ketayotgan ekanlar. Ohang qilib o‘qib ketayotgandilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Avs ibn Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimizga kech qolib chiqdilar. Biz: «Yo Allohning Rasuli, kech qolib ketdingizmi?» dedik. Shunda u zot: «Qur’ondan hizbim[1] qolib ketgan edi, o‘shani tugatmasdan chiqishni istamadim», dedilar. Keyin biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning as'hoblaridan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’onni qanday hizbga ajratar edilar?» deb so‘radik. Ular: «Uchta, beshta, yettita, to‘qqizta, o‘n bitta, o‘n uchta (sura) va «Mufassal» hizbi», deyishdi» (Tabaroniy va Tahoviy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
[1] Hizb – bo‘lak degani bo‘lib, Qur’ondan har kun uchun vazifa sifatida ajratib olingan bo‘lakka nisbatan ishlatilgan. Mufassal – Qur’onning Hujurot surasidan boshlab oxirigacha bo‘lgan qismi.