Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
1. Kishini chap qo‘lda yeyishidan qaytardilar.
2. Suyanib yeyishdan qaytardilar.
3. Qabrlarni (gips bilan) suvashdan va ularning ustida namoz o‘qishdan qaytardilar.
4. Turib qolgan suvga bavl qilishdan qaytardilar.
5. Kishini bitta kavushda yurishdan qaytardilar.
6. Hojat chiqarish yoki bavl qilishda qiblaga yuzlanishdan qaytardilar.
7. (Azada baland ovozda) yig‘lashdan qaytardilar.
8. Tasvirlar, suratlar(ni uyga osish, uni chizish)dan qaytardilar.
9. O‘tda kuydirishdan qaytardilar.
10. Xo‘rozni so‘kishdan qaytardilar.
11. Ayol kishi boshqa ayol bilan bir to‘shakda kiyimsiz yotishdan qaytardilar.
12. Kishining boshqa kishiga “ayolim singlingdir”, deyishdan qaytardilar. Bu yerda maqsud: mahrsiz.
13. Arrofga (kohin, folbin) ga borishdan qaytardilar.
14. Nard o‘ynashdan qaytardilar.
15. G‘iybat va chaqimchilikdan qaytardilar.
O‘qilishi: Shahidallohu annahu laa ilaha illa huva val malaaikatu va ulul ilmi qooiman bilqisti laa ilaha illa huval ’aziyzul hakiym.
Ma’nosi: "Alloh adolat ila turib, albatta, Undan o‘zga iloh yo‘qligiga shohidlik berdi. Farishtalar va ilm egalari ham guvohlik berdilar. Undan o‘zga iloh yo‘q. U aziz va hakim Zotdir" (Oli Imron surasi, 18-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Kim ushbu oyatni o‘qib, oxirida "Allohdan boshqa iloh yo‘q ekanligiga men ham guvohman" desa, Alloh taolo ushbu oyatning harflari adadicha farishtalarni qiyomat kunigacha o‘sha kishining haqqiga istig‘for ayttirib qo‘yadi".
U zot alayhissalom boshqa hadisda bunday deganlar: "Kim uyquga yotishidan oldin ushbu oyatni o‘qisa, Alloh taolo yetmish mingta farishtani yaratadi va ular qiyomat kunigacha o‘sha kishining haqqiga istig‘for aytib turadilar".
Abu G‘olib aytadilar: "Men Kufaga tijorat qilish uchun borganimda A’mashga qo‘shni bo‘lib turdim. Shunda u kishini har kecha ushbu oyatni takror va takror o‘qigani va undan keyin: "Men ham Alloh guvohlik bergan narsaga guvohman, men ushbu guvohligimni Allohga omonat qilib topshiraman. Qiyomat kunida Alloh taolo menga omonatimni qaytargay" deganlarini eshitar edim.
Shunda u kishidan buning sababini so‘raganimda, aytgan edilar: "Abu Voil menga Ibn Mas’uddan rivoyat qilib aytgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Kim ushbu oyatni o‘qib, oxirida ushbu kalimalarni aytsa, qiyomat kunida Alloh taolo unga xitob qilib bunday deydi: "Bandam menga bergan va’dangda turding, ya’ni tavhidda, Men ham O‘z va’damda turaman. Ey, maloikalarim! Jannatning hamma eshiklarini ochinglar, bu bandam xohlagan eshigidan kirsin", deydi".