Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Oxiratni o‘ylab o‘tiribman
Yusuf ibn Asbot aytadi: «Masjidda edim. Sufyon Savriy menga: «Ey Yusuf, tahorat qilishga toza suv olib kelgin», dedilar. Suvni mendan o‘ng qo‘l bilan olib, chap qo‘llarini yuzlariga qo‘yib, o‘yga tolib qoldilar. Shu orada uxlab qolibman. Tursam, tong otib qolibdi. Sufyon Savriy rahmatullohi alayhga qarasam, qo‘llaridagi suv o‘sha holicha turibdi. Shunda u zotga: «Ey Abu Abdulloh, tong otdi», dedim. U zot: «Menga suvni olib kelganingdan beri oxiratni o‘ylab o‘tiribman», dedilar».
Shundan boshqa narsam yo‘q
Hajjojdan rivoyat qilinadi: «Sho‘ba eshagini minib ketayotgan edi, Sulaymon ibn Mug‘irani uchratib qoldi. U Sho‘baga (muhtojligidan) shikoyat qildi. Sho‘ba esa: «Allohga qasamki, shu eshakdan boshqa narsam yo‘q», dedi. Keyin eshakdan tushib, uni Sulaymonga berib yubordi».
Onaga ehtirom
Ashjaiy aytadi: «Bir kuni kechasi Mis’ar ibn Kidomning onasi suv so‘radi. Lekin Mis’ar idishda suv olib kelgunicha onasi uxlab qolibdi. U tonggacha idishni qo‘lida ko‘tarib turdi».
Ahmad Muhammad Tursun rahimahulloh
#Maqola #Ixtilof #G‘uluv
Islomda "g‘uluv" din ilmini anglashda haddan oshishdir. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: "Ayting: "Ey ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!" (Moida surasi, 77-oyat).
Rasululloh alayhissalom "Alloh taolo shariatda ziyoda chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar", deb uch marta aytishlarida, dinda haddan tashqari ziyodalik qilish insonni halok qilish bilan teng ekanligidan ogohlantirmoqdalar.
Dinda g‘uluvga ketish musulmon jamiyatlarida ixtilof va guruhbozlikka, fitnaga va oxir-oqibat aqidaning buzilishiga olib keladi. Islom tarixida xavorij, mo‘tazila va boshqa oqim va toifalarning vujudga kelishi ham, asosan, dinda g‘uluvga ketish natijasida sodir bo‘lgan.
Ayni vaqtda, g‘uluvga berilganlar dinni o‘ta og‘ir va mashaqqatli tushuntirganlari bois odamlar to‘g‘ri yo‘ldan adashib, undan bezib qoladilar. Dinda g‘uluvga ketish haqida so‘z yuritilganda aqidaparast oqimlarning aqidaviy masalalarda g‘uluvga ketganlari va ularning xatolari hamda bu e’tiqodlari sof islomiy ta’limotlarga naqadar zid ekanini eslamasdan iloji yo‘q.
G‘uluvga ketish, sarkashlik, itoatsizlik, manmansirash kabi illatlardan xoli bo‘lgan o‘tmish ajdodlarimiz dinimizni asrab-avaylab, bizgacha yetkazdilar. Shunday ekan, dinning musaffoligini asrash va uni kelajak avlodga asl xolicha yetkazish bizning vazifamizdir.
Abdug‘offor Hakimov, Mingbuloq tumani "Qo‘sh qishloq" jome masjidi imom-xatibi