Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Iyul, 2025   |   11 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
06 Iyul, 2025, 11 Muharram, 1447

Ramazonda duo ijobat bo'ladigan vaqtlar

18.03.2024   2812   6 min.
Ramazonda duo ijobat bo'ladigan vaqtlar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ramazon — cheksiz ne'matlar ato etuvchi va gunohlardan poklanish oyidir. Ramazon oyida Alloh taologa duolar ila iltijo qilish mo'minning muhim ibodatlaridan biridir. Ramazon oyida Allohga yaqinlashtiradigan ibodatlarni qilganlar bandalarining gunohlarini Yaratgan albatta kechiradi.

Bu oyda eng afzal va eng samarali amallardan biri bu duo qilishdir. Shunday ekan, Ramazon oyida imkon qadar Alloh taologa duo qilish lozim.

Mo'min duo qilganida boshqa foydalar bilan birga, o'z duosi uchun katta ajr oladi, chunki muborak Ramazonda Alloh taolo ro'za tutganlarning ibodatlarini rad etmaydi. Shuning uchun bu oyda har birimiz tez-tez duolar bilan Alloh taologa yuzlanishimiz kerak bo'ladi.

Ramazon oyining istalgan vaqtida duo qilish mumkin va Alloh taolo ularni qabul qiladi. Biroq bu oyda ham shunday paytlar borki, bu vaqtda ibodatlar bilan Yaratganga murojaat qilinganda duolar qabul bo'lish ehtimoli ancha ortadi:

1. Og'iz yopiq vaqtda

Duo kechayu kunduz o'qilishi kerak, zero, butun Ramazon oyi aynan duo oyidir. Biroq, Alloh taolo uchun ro'za tutganlarning duosi qabul bo'ladi, chunki ro'za duosi rad etilmaydi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

“Uch kishining duosi qaytarilmaydi: ro'zadorning iftor qilguniga qadar qilgan duosi, adolatli hukmdorning duosi va mazlumning duosi”. (Imom Ahmad, 8043; Ibn Moja, 1752; Termiziy, 3598; Ibn Hibbon, 3428).

Imom Navaviy bu haqda o'zining “Al-Majmu' Sharhul Muhazzab” kitobida shunday yozadi:

“Ro'zador ro'za tutgan vaqtida duo qilishi, oxirat va dunyoning muhim ishlarini Alloh taolodan so'rashi tavsiya etiladi. Hatto o'zidan tashqari barcha yaxshi ko'rgan kishilari va barcha musulmonlar ehtiyoji uchun ham so'rashi mumkin. Darhaqiqat, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam:

“Uch kishining duosi qaytarilmaydi: ro'za tutganning duosi, toki u ro'zasini buzmagunicha…», dedilar. Bu hadisni Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilgan va Termiziy uni hasan hadis, degan.

Hadisdan anglashiladiki, ro'zador kunning boshidan oxirigacha duo qilishi maqsadga muvofiq, chunki odam shu vaqt davomida (kunduzi butun kun davomida) ro'za tutgan hisoblanadi.

2. Tong otgunga qadar

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

«Robbimiz tabaroka va taolo har kecha tunning oxirgi uchdan biri qolganda bu dunyo osmoniga tushadi. So'ngra: “Kim Menga duo qiladi, Men uni ijobat qilsam? Kim Mendan so'raydi, Men unga so'raganini bersam? Kim Menga istig'for aytadi, Men uning gunohlarini kechirsam», deydi». (Buxoriy, 7494; Muslim, 758).

Bu hadisning faqat Muslim tomonidan berilgan shaklida:

“… va bu tong otguncha davom etadi”, deyilgan.

3. Iftorlik vaqti

Abdulloh ibn Amr ibn Al-Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim:

“Albatta shunday duo borki, agar ro'zador iftor paytida u bilan Allohga tavba qilsa, rad etilmaydi”. Bu hadisni Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilgan Ibn Abu Mulayka Abdullohning iftorlik paytida shunday deganini eshitganligini qo'shimcha qiladi:

«Allohim, men Sendan hamma narsani qamrab olgan rahmating ila meni mag'firat qilishingni so'rayman». (Ibn Moja, 1753; Ibn as-Sunniy, “Amal al-yavmi va al-layla”, 481)

Iftor chog'ida mo'min och, tashna va ojiz bo'lib, o'zining naqadar ojizligini anglab etadi va qalbida tavoze' bilan qilgan duosi qabul bo'lishi ehtimoli ko'proq.

4. Qadr kechasida

Har qanday ibodat kabi, bu kechada Alloh taologa duolar bilan murojaat qilish ming oy duo qilish bilan barobardir. Bunday duoning kuchini tasavvur qilib ko'ring! Bu muborak kechada farishtalar erga tushib, mo'minlarni o'rab oladilar va ularning har bir namozidan keyin «amin»ni takrorlaydilar.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Yo Allohning Rasuli! Ayting-chi, agar Laylatul qadr kechasi qaysi kecha ekanini bilsam, unda nima deyman?» dedim.

«Allohim! Albatta Sen afv qiluvchi va karamlisan. Afvni yaxshi ko'rasan. Bas, meni afv qilgin», degin», dedilar». (Imom Ahmad, 35497; Ibn Moja, 3850; Termiziy, 3513; An-Nasoiy, “Amal al-yavmi va al-layla”, 876).

5. Qur'on o'qishni tugatgandan keyin

Ramazon — Qur'on oyidir. Solih salaflar bu oyda Qur'on o'qishga urg'u berib, boshqa vaqtlarga qaraganda bu ibodatga ko'proq e'tibor qaratganlar.

Shuning uchun Ramazon oyida imkon qadar tez-tez Qur'on o'qishimiz tavsiya etiladi va Qur'on o'qish (xatm) oxirida biz Alloh taologa o'zimiz va oilamiz, qarindoshlarimiz va do'stlarimiz uchun barcha yaxshiliklarni tilab duolar bilan murojaat qilishimiz mumkin.

Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Anas ibn Molik roziyallohu anhu Qur'on o'qishni tugatmoqchi bo'lganlarida, oila a'zolarini yig'ib, ular uchun duo qildilar». (Tabaroniy, «Al-Mu'jam al-kabir», 674; Ad-Dorimiy, 3517).

Ayni damda mo'minning duosi bilan Alloh taoloning rahmati o'rtasida hech qanday to'siq yo'q. Irboz ibn Sariya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

«Qur'onni to'liq o'qigan (xatm qilgan)ning duosi qabul bo'ladi». (Tabaroniy, “Mujm al-kabir”, 647).

Ramazon oyida Allohga taologa ibodat qilishda mo'min kishi jiddu jahd qilishi, ko'proq duo qilib, siz eng muhim narsalarni so'rashi lozim. Albatta so'ralgan narsalarning barchasi oxiratimiz uchun foydali amallar bo'lishi lozim.

Boshqa maqolalar

Ashuro kuni — muharram oyining o‘ninchi kunidir

04.07.2025   2316   7 min.
Ashuro kuni — muharram oyining o‘ninchi kunidir

Islom tarixidagi eng ulug‘, ma’naviy jihatdan eng ibratli kunlardan biri Ashuro kunnidir. Har yili muharram oyining o‘ninchi kuni nishonlanadigan bu sana nafaqat ro‘za tutish fazilati bilan, balki Alloh taoloning bandalariga ko‘rsatgan marhamati, Muso alayhissalom va uning qavmini najot etganligi bilan ham ahamiyatlidir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ushbu kunga alohida e’tibor berganlar va ummatlarini ham uning fazilatlaridan bahramand bo‘lishga chorlaganlar. Ashuro kuni musulmonlar uchun ma’naviy poklanish, gunohlarga kafforat va sunnatni hayotga tatbiq etish imkonidir.

 Bu kun musulmonlar uchun ro‘za tutish tavsiya etilgan kunlardan biri bo‘lib, ulamolarning ko‘pchiligi bu kunni ro‘za bilan o‘tkazishni mustahab deb hisoblaydi. Ashuro kuni ro‘za tutish sunnat amallardan biri bo‘lib, uning fazilati juda katta. Tasu’o (to‘qqizinchi) va Ashuro (o‘ninchi) kunlarida ro‘za tutish payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan qolgan sunnatlardandir. Bu Allohning kunlaridan biri bo‘lib, U Zot o‘z bandalariga marhamat ko‘rsatgan, ya’ni U zot Kalimulloh Muso alayhissalom va Uning qavmi Bani Isroilni Fir’avn va uning qo‘shinining zulmidan najot etgan kundir.

Ashuro kunini ro‘za bilan o‘tkazishning asosiy sababi bu kunda Alloh taolo Muso alayhissalom va Bani Isroilni Fir’avn va uning qo‘shinidan najot etganidir. Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini juda ahamiyatli deb bilar edilar. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni biror kunni boshqalardan afzal deb ro‘za tutishga uringanlarini ko‘rmaganman, faqat ushbu kun — Ashuro kuni va ushbu oy — Ramazon oyidan tashqari” (Imom Buxoriy rivoyati).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni Ashuro kuni ro‘za tutishga rag‘batlantirar va: “Ashuro kuni ro‘zasi o‘tgan bir yilning gunohlariga kafforat bo‘lishini Allohdan umid qilaman”,  der edilar (Imom Muslim rivoyati).

Musulmonlar bu sunnatni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng amaliyotga tadbiq eta boshladilar. U kishi yahudiylarni Ashuro kuni ro‘za tutayotganini ko‘rdilar va buning sababini so‘raganlarida, ular: “Bu yaxshi kun bo‘lib, Alloh ushbu kunda Bani Isroilni dushmanlaridan najot etgan, shuning uchun Muso alayhissalom ushbu kunni ro‘za bilan o‘tkazgan”, deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Men Musoga sizlardan ko‘ra yaqinroqman”, deb, o‘sha kuni ro‘za tutdilar va boshqalarga ham ro‘za tutishni buyurdilar.

Shu kundan boshlab bu amal sunnat sifatida amalga oshirila boshlandi va musulmonlar uchun o‘tgan yilning gunohlaridan poklanish, katta savob va fazilatga erishish imkoni sifatida qaraladi.

Ashuro kuni bu barcha musulmonlar uchun muhim sana hisoblanadi. Ko‘plab insonlar bu kunda ro‘za tutishga va ibodat qilishga intiladi.

Ko‘pchilik Ashuro kunini yagona holda ro‘za tutish mumkin emas, deb hisoblaydi. Ammo Azhar muassasasi o‘z fatvolaridan birida bu fikrni rad etgan. Unda ta’kidlanganidek, juma yoki shanba kuni Ashuro kuniga to‘g‘ri kelsa ham, uni alohida holda ro‘za tutish man qilingan emas.

Azhar ulamolarining ta’kidlashlaricha, imom Tahoviy rahmatullohi alayhdan rivoyat qilingan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasiga izn berganlar va unga targ‘ib qilganlar. Lekin bu kun shanbaga to‘g‘ri kelsa, tutmanglar, demaganlar. Buning o‘ziyoq, Ashuro har qanday kunga to‘g‘ri kelsa ham ro‘za tutish mumkinligini ko‘rsatadi”.

Shuningdek, agar Ashuro yoki Arafa kuni juma yoki shanba kuniga to‘g‘ri kelsa yoki insonning odatdagi ro‘zali kuni bo‘lsa, bu holda ro‘za tutishda hech qanday mone’lik yo‘q.

Dorul-Ifto (Misr Fatvo hay’atining 2023 yil 26 iyuldagi 7756 raqamli Professor Doktor Shavqiy Ibrohim Allom fatvosida) ham Ashuro kunini ya’ni muharramning 10-kunini yagona holda ro‘za tutish joizligini tasdiqlagan. Shu bilan birga, ixtilofdan qochish maqsadida, u bilan birga bir kun avval 9-kun yoki bir kun keyin 11-kun ro‘za tutish tavsiya etildi.

Misr Dorul-Ifto muassasasi ta’kidlashicha, muharramning 9-kunini ro‘za tutish  qat’iy sunnatdir. Bu borada Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda keladi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘za tutganlarida, Payg‘ambarimizga yahudiy va nasroniylar bu kunni ulug‘lashlarini aytishgan. Shunda u zot: “Kelgusi yili, agar Alloh xohlasa, to‘qqizinchi kuni ham ro‘za tutaman”, deganlar. Ibn Abbos aytadilar: kelgusi yil kelmasdan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar. Bu hadisni Imom Muslim o‘z “Sahihlarida” keltirganlar.

Sunnatda Ashuro kuni ro‘zasi tutishning fazilati haqida bir qator rivoyatlar keltirilgan. Unga ko‘ra, muharram oyida ro‘za tutish tavsiya etilgan amallardan sanaladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

“Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi muharram oyida tutiladigan ro‘zadir. Farz namozlardan keyingi eng afzal namoz kechasi o‘qiladigan (tahajjud) namozdir”.

Ashuro kunining fazilati shundaki, bu kun tutiladigan ro‘za o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi. Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi:

Arafa kuni ro‘zasi haqida nima deysiz?

U zot: “Allohdan umid qilamanki, o‘tgan va kelgusi yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi”, dedilar.

Ashuro kuni ro‘zasi haqida nima deysiz? deb so‘radilar.

U zot: “Allohdan umid qilamanki, o‘tgan yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi”, deb javob berdilar.

Shuningdek, Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni biron kunni boshqalardan ko‘ra afzal deb ro‘za tutishga shunchalik intiqlik bilan intiqlik qilganlarini ko‘rmaganman, faqat ushbu kun Ashuro kuni va ushbu oy Ramazon oyi bundan mustasno”.

Ulamolarimiz Ashuro kunida ahli oilaga ko‘proq sarf qilish, ya’ni ularni quvonchli qilish, rizqda kenglik qilishning tavsiya etilgan amallardan ekanini ta’kidlaydilar. Bu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislariga asoslanadi:

“Kimki Ashuro kunida o‘z ahliga (oila a’zolariga) kenglik qilsa, Alloh taolo unga butun yili kenglik beradi”.

Xulosa o‘rnida shuni eslash joizki, Ashuro kuni bu bir kunlik ro‘za orqali butun bir yillik gunohlardan poklanish umidi berilgan, Allohning maxsus marhamati to‘kilgan muqaddas kundir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan biri bo‘lgan ushbu ro‘zani tutmoq, uni 9-kuni yoki 11-kun bilan birga ado etmoq  musulmon kishi uchun katta ajru savob manbaidir.
Shuningdek, bu kunda ahli oilaga shodlik ulashish, rizqda kenglik qilish ham sunnatga uyg‘un amallardan hisoblanadi. Demak, Ashuro kuni ibodat, muhabbat va ma’naviy yangilanish kunidir. Undan oqilona foydalangan kishi na dunyoda, na oxiratda ziyon ko‘rmaydi.

 

Dilshod Aliyev,
"Boloi Hovuz" masjidi imomi.