HIDOYAT
Isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik oiladan boshlanadi
Har qanday ishda o‘rtahollik, mo‘tadillik va me’yor hamisha ma’qullanib kelingan. Haddan oshishlik, isrofgarchilik, manmanlik va riyokorlik kabi illatlar ham aqlan, ham shar’an qoralanib, ulardan hazar qilishga buyurilgan.
Taassuflar bo‘lsinki, bugun aksariyat hollarda isrofdan saqlanishga e’tibor bermaymiz, isrofgarga aylanib qolayotganimizni sezmaymiz. Deyarli ko‘p narsa, u qimmatmi yoki arzon, ahamiyatlimi yoki ahamiyatsiz, nodirmi yoki serob, oldi-ketiga qaramay, birvarakayiga isrof qilinishini kuzatish mumkin.
Xo‘sh, isrof nima? Bugun har bir inson isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik uchun tejamkorlikni nimadan boshlashi kerak? Bu borada dinimizda nima deyilgan?
Alloh taolo isrofning yomon illat ekanligi haqida Qur’oni karimda marhamat qilgan. Jumladan, “A’rof” surasi, 31-oyat mazmunida: “...Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U zot isrof qiluvchilarni sevmas”, deyiladi.
Isrof dinimizda qattiq qoralangan. “Isrof” deganda keraksiz narsalarga behuda pul sarf etish, foydasiz sarf-xarajatlar va harakatlar tushuniladi. Isrofning katta-kichigi yo‘q. Nom chiqarish, obro‘ qozonish, boshqalardan ustun yoki puldor ekanini ko‘rsatish, ziyofat va marosimlarni boshqalarnikidan bir necha barobar dabdabali, serchiqim qilish ham maqtanishning yuqori ko‘rinishlaridandir. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida ham, jumladan, bunday deyilgan: “Allohning nozu ne’matlaridan xohlagancha yeb-ichinglar, xayru ehson qilinglar, kiyinib yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo‘l qo‘ymangizlar!” (Imom Ahmad rivoyati).
OQAR DARYO BO‘LSA HAMKI, SUVNI TЕJANG
Har bir inson isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikni o‘z oilasidan boshlashi kerak. Bu borada o‘zlari namuna bo‘lib, farzandlariga to‘g‘ri tarbiya berishi lozim. Dastlabki tejamkorlikni suvdan boshlash zarur. Alloh bandalariga bergan ne’matlaridan unumli foydalanib, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka buyuradi. Biroq ko‘pchilik ertalab suv jo‘mragini to‘liq ochgan holda yuz-qo‘lni yuvishadi.
Afsuski, ayrim yurtdoshlarimiz qovun-tarvuz, ichimliklarni salqinlatish yoki mashinalarni yuvish uchun ko‘p miqdorda toza ichimlik suvini ishlatadi. Bu – isrofdir. O‘sha meva yoki ichimliklarni boshqa yo‘l bilan ham sovutish, mashina yuvayotganda bir chelakka suv olib, uvol qilmasdan yuvish mumkin-ku, axir. Alloh taolo Qur’oni karimda butun insoniyatga qarata shunday marhamat qiladi: “Sizlar o‘zlaringiz ichadigan suv haqida hech o‘ylab ko‘rdingizmi? Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdingizmi yoki Biz yog‘dirguvchimizmi? Agar Biz xohlasak, uni sho‘r qilib qo‘ygan bo‘lar edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?” (“Voqea”, 68-70).
Suv nafaqat iste’mol, balki poklanishimiz uchun ham muhimdir. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda aytilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir so’dan besh muddgacha bo‘lgan suv bilan g‘usl qilar va bir mudd suv bilan tahorat olar edilar (Muttafaqun alayh). Ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taxminan, 0,688 litr suv bilan tahorat qilardilar. Bu narsa hammamizga o‘rnak bo‘lishi lozim.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Bir kuni Sa’d tahorat qilayotgan chog‘ida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning oldidan o‘tib qoldilar va unga qarata: “Bu qanday isrofgarchilik, ey Sa’d?!”, dedilar. Shunda Sa’d roziyallohu anhu: “Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?” deya ajablandi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Garchi oqar daryoda bo‘lsang ham, tahoratda suvni ortiqcha ishlatish isrofdir”, deya unga tanbeh berdilar (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyati).
Avvalgi paytlarda tahorat uchun suv alohida idishga olinib, oz-ozdan quyib amalga oshirilgan. Hozirda maxsus quvur va jo‘mraklari orqali suv o‘tkazilib, suvdan foydalanishda qulaylik paydo bo‘lgan. Ammo bu, suvdan xohlaganicha foydalanish, uni isrof qilish mumkin, degani emas. Balki, bu ne’mat uchun Allohga shukr qilib, tejamkorlik yo‘liga o‘tishimiz hammamiz uchun birdek zarur.
Qolaversa, bugun aholini ichimlik suv bilan ta’minlash dunyoviy muammo darajasiga ko‘tarilgan bir pallada qo‘ni-qo‘shni, yoru do‘stlarimizni suvni tejashga chaqirsak, dunyoda yutuqlarga, oxiratda esa Allohning roziligiga sazovor bo‘lamiz.
Shunday ekan, har birimiz suvni isrof qilmasdan, tejamkorlik bilan ishlatishni o‘rganaylik!
QANCHA TAOM TANOVUL QILMOQ KЕRAK?
Kim isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadi? Albatta, uvol-savobning farqiga bormagan odam. Shunday oilalar bor, vaqti kelsa qolipli nonga pul topolmaydi. Shunday oilalar bor, faqat biron yig‘in sabab yopgan non sotib oladi.
Taassufki, bugun ayrim chiqindixonalarda turli nonlar, shirinliklarni, hatto ovqat qoldiqlarining tashlab yuborilayotganini ko‘rib, aqlingiz shoshadi. Uni bir odam isrof qilmagani aniq. “Tanasi boshqa dard bilmas”, deganlaridek, atrofdagilarning hayoti unday odamlarni qiziqtirmasligi aniq. Agar qiziqtirganida, qo‘shnisining yashash sharoiti o‘ylantirganida edi, bugun bunday nonlar, turli taomlar chiqindixonalardan joy olmas edi.
Aytishingiz mumkin, ko‘p qavatli uylarda turadigan odamlarning moli bo‘lmagach nima qilsin, deb. Ammo me’yor degan narsa bor-ku! Nahotki bir kunlik me’yor qanchaligini anglash qiyin bo‘lsa?!
Aynan mana shu me’yorni har bir oila ertalabki nonushta oldidan bir kunda qancha non, ovqat va boshqa taomlar zarurligini bilishi kerak. Kindiy roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Odam bolasi to‘ldiradigan idishlarning eng yomoni – qorindir. Kishiga harakat qilishi uchun kerak bo‘lgan miqdordagi taom kifoya qiladi, yoki bo‘lmasa qornini uch qismga bo‘lsin, bir qismi taom uchun, bir qismi suv uchun, yana bir qismi nafasi uchundir” (Imom Ahmad rivoyati). Alloh taolo aytadi: “Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas” (A’rof, 31).
Nonning uvog‘i yoki bir burda non ham aslida butun nonning kichkina bo‘lagidir. Ko‘zimizga ilmagan ushoq ham yig‘ilsa, butun non bo‘ladi. Shunday ekan, bizlar barcha ne’matlarning qadriga yetib, ularni kichik sanamasligimiz lozim. Aks holda, kishi ne’matlarga nonko‘rlik qilgan bo‘ladi. Ne’matlarni qadrlashni, ularni kichik sanamay barchasiga birdek yaxshi muomalada bo‘lishni Payg‘ambarimizdan o‘rganishimiz kerak.
MЕ’YORDAN OSHSA, ISROFGAR BO‘LADI
Muhtoj kishilarga sadaqa va ehsonlar qilish dinimiz talabi va buning uchun bandaga ulug‘ savoblar va’da qilingan. Ammo bu sohada ham me’yordan oshsa, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilgan bo‘ladi.
Saxovat – yaxshi fazilat. Saxovat xasislik va isrof o‘rtasidagi me’yoriy bir bosqichdir. Sadaqa va ehsonlarda isrofgarchilik qilish ko‘pincha kimo‘zarga to‘ylar qilish, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish va shu kabi ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Unutmaylikki, xoh amali, xoh molu davlati bilan bo‘lsin, riyokorlik qilish bandaning oxiratdagi ahvolini yomonlashtiradi.
Shuni bilingki, kiyimda ham isrofgarchilik bo‘ladi. Inson o‘ziga kerakli, faqat hojatiga yetarli libos kiyishi kerak. Moda ortidan quvib, son-sanoqsiz kiyim-kechak va turli liboslarni sotib olish isrof va bu takabburlikka olib boradi.
NЕ’MATLARNI QADRLASHIMIZ KЕRAK
Bizda bir tushuncha bor: qaysi ne’mat arzon bo‘lsa, uni xohlagancha ishlatish mumkin, narxi qimmat narsalarni tejash kerak. Bu noto‘g‘ri. Sababi, Alloh bergan ne’matlarning qadri uning insonlar nazdidagi bahosi, qiymati bilan o‘lchanmaydi.
Gaz va shu kabi ne’matlar, odatda, tejab ishlatiladi. Sababi, ertaga uning pulini to‘lab qo‘yishni o‘ylaymiz. Yo‘q, biz ne’matlarni katta-kichikka ajratmasdan, barini qadrlashimiz kerak. Kim biladi, biz hozir qadriga yetmayotgan narsa vaqti kelib, eng qimmatbaho narsaga aylanar. Ne’matlar bardavom bo‘lsin, zavolga uchramasin, desak, vaqtida ularning qadriga yetaylik.
Biz yuqorida moddiy ne’matlar isrofi haqida gapirdik. Lekin isrofning eng yomon ko‘rinishi – ma’naviy sohadagi isrofgarchilikdir. Bularga, asosan, quyidagi ikki narsa kiradi:
birinchisi, umrni isrof qilish. Alloh taolo bandasiga bergan eng qadrli ne’matlardan biri aynan umrdir. Uning qadri shundaki, boshqa barcha ne’matlarni qayta tiklash, qo‘ldan chiqargach, yana unga erishish mumkin, ammo umr bunday emas. Shu sabab umrni isrof qilishdan uzoq bo‘laylik;
ikkinchisi, ilm va iste’dodni isrof qilish. Ilm egallash – ulug‘ fazilat. Ilm sohibi bo‘lgach, uni hayotga tatbiq etish – ilmiga amal qilish va o‘zgalarga ilm o‘rgatish har bir ziyo ahlining burchidir. Aks holda, o‘rgatilmagan yoki amal qilinmagan ilm isrofdir. Buning uchun banda oxiratda javob beradi.
***
Biz Allohga suyukli xalqlardan, mahbub ummatlardan bo‘lishni xohlasak, isrofdan saqlanaylik! Alloh bergan har bir ne’matni katta-kichik demasdan, qadriga yetaylik. Shunda rizqimiz yanada ziyoda bo‘ladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari.
QO‘LLANMA
HAR BIR OILA BILISHI SHART!
Ulamolar isrofga yo‘l qo‘yadigan kishilarning holatlarini tahlil qilish orqali, isrofga yo‘l qo‘yishga sabab bo‘ladigan omillarni, isrofgarlikning zararli oqibat va asoratlaridan qutulish yo‘llarini aniqlaganlar.
ISROFGA YO‘L QO‘YISHGA SABAB BO‘LADIGAN OMILLAR:
– avvalo, tarbiya o‘chog‘i bo‘lmish oilada farzandlarni sabrli va qanoatli qilib tarbiyalash o‘rniga, ular tomonidan bo‘ladigan barcha talablarni me’yoridan oshirib ta’minlab berish;
– maishatparast, dunyoparast kishilar bilan ulfat va suhbatdosh bo‘lish, ularning holatlaridan ta’sirlanish;
– tezlikda, mashaqqat chekmay tanglikdan keyin kenglikka, faqirlikdan keyin boylikka erishish;
– nafsning xohish va istaklariga so‘zsiz itoat etish;
– bu dunyo hayoti oxirat uchun tayyorgarlik ko‘rish davri ekanligi, oxiratda esa bu dunyoda qilingan amallar uchun hisob-kitob bor ekanini unutish yoki tushunmaslik;
– umuman, inson hayotida mo‘tadillik va me’yor degan tushunchalardan yiroq bo‘lishi.
ISROFGARLIKNING ZARARLI OQIBAT VA ASORATLARI:
– Allohning muhabbatidan mosuvo bo‘lib, Uning g‘azabi va qahriga mubtalo bo‘lish;
– shaytonni xursand qilib, uning sherigiga aylanish;
– hayotdagi qiyinchilik va mashaqqatlarni ko‘tara olmaslik, ojizlik va notavonlikka mahkum bo‘lish;
– tanada turli kasalliklarning paydo bo‘lishi, qalb qotishi, fikrning o‘tmaslashuvi;
– jamiyatda yalqovlik, tekinxo‘rlikning avj olishi, qashshoqlik va tilanchilikning ko‘payishi.
ISROFGARLIKDAN QUTULISH YO‘LLARI:
– har ishda Alloh taolo buyurgan mo‘tadil yo‘lni tutib, haddan oshish va isrofgarlikdan o‘zni saqlash;
– Payg‘ambar alayhissalom, sahoba va tobeinlar hamda ulug‘ zotlarning hayot tarzlarini o‘rganib, ularga ergashish;
– dunyodagi faqir va miskinlar, uysiz-joysiz, och-nahor yurgan xalqlarning holatini ko‘z oldiga keltirish;
– isrofgar, dunyoparast odamlardan uzoqlashib, qalbi siniq, xokisor kishilarga yaqin yurish;
– oila va farzandlarni sabr va qanoat kabi go‘zal fazilatlar sohibi qilib tarbiyalash.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimni Alloh taoloning huzurida qanday bo‘lsa shunday holida Jabroil alayhissalomdan qabul qilib olganlar. Qur’oni karim yetti harfda nozil bo‘lgan.
Turli yo‘llar bilan rivoyat qilingan sahih hadislarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karim yetti harfda nozil bo‘lganini ochiq-oydin bayon qilganlarini ko‘ramiz.
عن ابن عباس رضي الله عنهما عن النبي صلى الله عليه وسلم قال اقراني جبريل على حرف فراجعته فلم ازل استزيده و يزيدني حتى انتهى الى سبعة احرف
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Jabroil menga bir harfda qiroat qildirdi. Unga murojaat qilib, ziyoda qilishini so‘rayverdim, nihoyat yetti harfga yetdi ”, dedilar”.
Arab tilida “harf” so‘zining ma’nosi bir narsaning old yuz tarafi, bir narsaning burilishi, ya’ni buzilishi va bir narsaning miqdori, o‘lchovi singari ma’nolarini bildiradi.
Ibn Jazariy rahimahullohning so‘ziga ko‘ra, “harf” so‘zi “qiroat” ma’nosida ham kelgan: “Shomliklar Ibn Omirning harfida (ya’ni qiroatida) qiroat qiladilar”. Gohida “harf” so‘zi “ma’no” va “jihat” degan ma’nolarda ham ishlatiladi.
Biz so‘z yuritayotgan mavzuda esa bu so‘z o‘zining birinchi, ya’ni “old- yuz taraf” degan ma’nosida ishlatiladi. “Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi” deganda, yetti vajh, ya’ni ko‘rinish degan ma’no tushuniladi.
Ulamolar jumhuri Usmoniy mus'hafning rasmi yetti harfni ko‘taradigan shaklda yozilgan degan fikrga moyil bo‘ladilar. Qozi Abu Bakr ibn Toyyib Boqilloniy ushbu fikrni ixtiyor qilib shunday deydi:
“Sahih gap shuki, darhaqiqat ushbu “yetti harf” dan tarqalgan va zohir bo‘lgan, imomlar u zotdan zabt qilishgan. Usmon va sahobalar “yetti harf” ni mus'hafda sobit qilganlar va uning sahihligi xabarini berganlar. Mutavotir darajada sobit bo‘lmaganlarini esa tushirib qoldirganlar ”.
Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lgani haqidagi mavzu eng nozik mavzulardan biridir. Bu mavzuning nozikligi bir necha omilga bog‘liq.
Avvalo Qur’oni karimning yetti harfda nozil bo‘lgani sahih va mutavotir hadisi shariflar bilan sobit bo‘lgan. Qolaversa, Qur’oni karimning yetti harfda nozil bo‘lishi nima ekanligini o‘sha hadisi shariflardan tushunib olishimiz mumkin. Buning ustiga, “yetti harf”dan aynan nima ko‘zda tutilganini ham mazkur hadisi shariflardan bilib olish mushkul. Tabiyki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning davrlarida yashagan sahobai kiromlar bu narsalar haqida yaxshi bilganlar. Ular o‘sha o‘zlari yaxshi bilishlariga suyanib, o‘zaro muomala qilganlar.
Shu o‘rinda “o‘zlari tushungan bo‘lsalar yaxshi, ammo kelajak avlodlar uchun bu masalani bayon qilib qo‘ysalar bo‘lmasmidi?”, degan savol tug‘uladi. O‘zlari uchun oddiy bo‘lgan masalani kelajakda boshqalar tushunmay qolishini kim o‘ylabdi deysiz. Bundan ham muhimi, ular bunga o‘xshash oddiy narsalarga vaqt ham topmaganlar. U azizlar butun dunyoni islom hidoyatiga boshlashdek ulkan ishtiyoq bilan yashaganlar. Ular o‘zlari erishgan ulkan baxtga o‘zgalar ham tezroq erishishi haqida bosh qotirar edilar. Bunaqangi bahslarga vaqtlari ham xohishlari ham yo‘q edi. Xofiz abu Xotim ibn Hibbon Bustiy: “Odamlar bu masalada o‘ttiz besh xil fikr aytishgan”, deydi.
Imom Jaloliddin Suyutiy rahmatullohi alayh “Al-Itqon fi ulumil Qur’an” nomli kitoblarida bu masalada qirq xil fikr borligini bildirganlar. Lekin bu fikrlarning aksarini sahih naql hamda sog‘lom mantiq qo‘llab-quvvatlamaydi. Bu xususidagi xato “yetti harf” ning ma’nosini uzil-kesil tayin qilishni xohlash oqibatida kelib chiqqan. Biroq ibn A’robiy aytganidek yetti harfning ma’nosi xususida matn ham, asar ham kelmagan. Kishilarning ixtilofi uni tayin qilishdadir.
Shu yerda Qur’oni karimning yetti harfda nozil bo‘lishi nima ekanini tushunish uchun harakat qilib aytilgan fikrlardan ba’zilarini keltirib o‘tsak, foydadan holi bo‘lmasa kerak. Chunki, bizda ham ba’zi bir kishilar xuddi shu gaplarni gapirishga va yozishga o‘tmoqdalar.
“Yetti harf” dan murod nima ekanini bayon qilmoqchi bo‘lganlar o‘zlaricha tirli fikrlarni aytganlar. Ana shu fikrlardan ba’zilarini ko‘rib chiqamiz.
Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lishi arab tilining yetti lahjasida nozil bo‘lishidir.
Bu fikrni olg‘a surganlar o‘sha arab lahjalarini sanab ham o‘tadilar. Ba’zilar ularni quyidagi lahjalardan iborat, deyishadi:
1.Quraysh;
2.Huzayl;
3.Tamim;
4.Azd;
5.Rabi’a;
6.Havozin;
7.Sa’d ibn Bakr.
Boshqalari esa avvalgilarga xilof ravishda quyidagi lahjalarni sanab o‘tadilar:
1.Huzayl;
2.Kinona;
3.Qays;
4.Zobba;
5.Tayyimur-Ribob;
6.Asad ibn Huzayma;
7.Muzor.
Ammo Qur’oni karimda ushbu zikr qilib o‘tilgan qabilalardan boshqalarning ham lahjalari bordir. Ularning barchasi Quraysh lug‘atida o‘z aksini topgan. Abu Bakr Vositiy o‘zining “Al- Irshad fil-qiroatil-arsh” kitobida bu lahjalarni qirqtagacha yetkazgan.
Ko‘plab ulamolar “yetti harf” dan murod arablarning yetti lahjasidir, degan gap mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlaganlar. Avvalo, qaysi lahjalar ko‘zda tutilgani ma’lum emas. Qolaversa, Qur’oni karimning yetti harfda nozil bo‘lganligi haqidagi hadisi shariflarning birida Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Hishom ibn Hakam roziyallohu anhu bilan ixtilof qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga boradilar va u zot Qur’oni Karimning yetti harfda nozil bo‘lganini aytadilar. Holbuki, ibn Xattob roziyallohu anhu ham Hishom ibn Hakam roziyallohu anhu ham arab tilining quraysh lahjasida so‘zlashadigan odam edilar. Agar gap lahjada bo‘lganida, ular ixtilof qilmas edilar.
1.Qur’oni karimning yetti harfda nozil bo‘lishi yetti qiroatda nozil bo‘lishidir. Shuning uchun ham Islom olamida yetti hil qiroat tarqalgan.
Xalil ibn Ahmaddan hikoya qilinganidek, “Yetti harfdan murod qiroatlardir”, degan fikr, xususan bu gapni aytuvchi mashhur yetti qiroatni nazarda tutayotgan bo‘lsa, shubhasiz, bu eng zaif fikrdir .
Bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan gap. Sababi yetti qiroat degan so‘z keyingi davrlarda paydo bo‘lgan. Nubuvvatdan keyingi davrlarda qiroatlar ko‘p bo‘lgan. Keyinchalik ulomolar qiroatlar ichidan eng mashhurlarini tanlab, yetti qiroatni ixtiyor qilganlar.
2.Qur’oni karimning yetti harfda nozil bo‘lishi muayyan adadni taqozo qilmaydi. Arablarda “yetti” so‘zi gohida cheklanmagan adadga nisbatan ishlatiladi.
Qur’oni karimning yetti harfda nozil bo‘lishi haqidagi hadisi shariflarda aynan olti bilan sakkiz orasidagi yetti adadi xususidadir. Ba’zilar “yettidan murod haqiqiy adad emas, balki osonlashtirish, yengillashtirish hamda kenglikdir. Yetti so‘zi birliklarda “yetti”, o‘nliklarda “yetmish”, yuzliklarda “yetti yuz” shaklida mutlaq ko‘plikni ifoda qilish uchun ishlatiladi” deydilar. Suyutiy matnlarga suyanib, bu so‘zni kuchli tarzda rad qilgan.
Demak, “yetti” lafzidan ko‘plik emas, balki aksar ulamolar tushunganlaridek, aniq son maqsad qilingan.
Ibn Hibbon aytganidek, "Yetti – ko‘pchilikning nazdida aniq adaddagi sondir".
Qur’oni karim xususidagi “yetti harf”dan murod “yetti ilmdir”.
Ba’zilar “Qur’oni karim yetti harfda nozil qilingan, degani unda yetti katta ilm bayon qilinganidir”, deyishadi. Ular o‘zlaricha mazkur yetti ilm quyidagilardan iborat ekanini aytganlar:
1.Ilmul-insha’ val-iyjad (mavjudotning paydo qilinishi, yaratilishiga doir ilm);
2.Ilmut-tavhid vat-tanzih (Alloh taoloning tavhidi tanzihiga doir ilm);
3.Ilmu sifatiz-zat (Alloh taoloning Zotiga doir ilm);
4.Ilmu sifatil-fe’l (Alloh taoloning ishlariga doir ilm);
5.Ilmu sifatil-afvu val-azab (Alloh taoloning kechiruvi va azobiga doir ilm);
6. Ilmul-hashr val-hisab (qiyomatda qayta tirilish va hisob-kitobga doir ilm);
7.Ilmun-nubuvva (payg‘ambarlik haqidagi ilm).
Bu albatta, hadisi sharifni o‘zlaricha chuqur, botiniy tarzda tafsir qilishlaridir. Alloh taolo bu ma’noda hech qanday dalil nozil qilmagan.
3. Boshqa bir toifaning fikriga ko‘ra “yetti harf”- dan murod quyidagi yetti narsadir:
1.Mutlaq va muqayyad;
2.Om va xos;
3.Nass va muavval;
4.Nosix va mansux;
5.Mujmal va mufassar;
6.Istisno;
7.Uning qismlari.
Albatta, bu gap ham hech qanday dalil va hujjatga asoslanmay, xayoldan aytilgan gapdan boshqa narsa emas. Mazkur istilohlar usuli fiqh atamalari bo‘lib, tafsiloti usuli fiqh kitoblarida keladi.
4. “Yetti harf”- dan murod bir hadisda zikri kelgan yetti narsadir:
Bunday fikr egalari “yetti harfni” tushuntirib,ochib berishda zaif hadisga suyanadilar. Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar va Nabiy sollallohu alayhi vasallamga ko‘taradilar.
U zot Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Avvalgi kitob bir eshikdan bir vajhda nozil qilingan edi. Qur’on esa yetti eshikdan yetti harfda nozil qilindi: zojir,omir, halol, harom, muhkam, mutashobih, amsol. Halolni halol deng, haromni harom deng, masallardan ibrat oling, mutashobihlariga iymon keltiring,va “Unga iymon keltirdik, barchasi Robbimiz huzuridandir”, deng!”.
Yuqoridagi hadisdan shunday hulosa kelib chiqadi Qur’oni karimning “yetti harfda” nozil bo‘lishi uning ichida quyidagi yetti narsaning borligidir:
1.Zojir- zajr qiluvchi, ya’ni qaytariqlar borligi.
2.Omir- amr qiluvchi oyatlar borligi.
3.Halol- halolni bayon qiluvchi oyatlar borligi.
4.Harom- haromni bayon qiluvchi oyatlar borligi.
5.Muhkam- ma’nosi boshqasiga o‘hshamagan ochiq-oydin oyatlar borligi.
6.Mutashobih- ma’nosi boshqasiga o‘xshash, tushunish uchun urinish kerak bo‘ladigan oyatlar borligi.
7.Amsol- masallar, ibratli qissalar borligi.
Ibn Abdulbarr: “Ahli ilmlar nazdida ushbu hadis sobit emasdir, bu hadisning zaifligiga ijmo’ qilingan”, degan.
5. “Yetti harf”- dan murod ma’nolari bir hil, lafzlari har xil bo‘lgan yetti ko‘rinishdir.
Masalan:
أقبِل, هَلُمَّ, تعال “oldinla”, “bu yoqqa”, “kel”;
“عجِّل, أسرع “shoshil”, “tezla”;
“أنظر, أِّخِّر, أمهل” “shoshma”, “kechik”, “vaqt ber ”.
Bu yerda bir so‘zning ma’nosini anglatish uchun boshqa so‘zlar ishlatilmoqda. Shu va boshqa ma’lumotlarni sinchiklab o‘rgangan mutaxasis ulamolarimiz, Qur’oni karimning yetti harfda nozil bo‘lishi Qur’oni karimning ba’zi so‘z va harflarini talaffuz qilishda ijozat berilgan yetti tur, xilma-xillikdir, dedilar.
Rustam Nishonov