Alloh taologa cheksiz hamdu sanolarimiz, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga mukammal salavotu salomlarimiz bo‘lsin.
Muhtaram yurtdoshlar!
Allohga shukrki, go‘zal diyorimizda har tongni tinchlik, xotirjamlik bilan qarshi olmoqdamiz. Ushbu ulug‘ ne’mat sababli, har sohada yutuqlar, yuksalishlar bo‘lmoqda, ne’matlar kundan-kun ziyoda bo‘lib bormoqda. Bu yurtda inson aziz, uning qadri yuksak ekani, o‘zining hayotiy ifodasini topib bormoqda. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtojlar, nogironligi bo‘lgan insonlar, kambag‘al oilalarga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda.
Shubhasiz, oxirgi yillarda kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, yordamga muhtoj fuqarolar bilan manzilli ishlash bo‘yicha qonuniy asoslar va xalqparvar tizim yaratildi.
Siz aziz yurtdoshlarimizga murojaat qilar ekanmiz, shuni alohida ta’kidlashni xohlardikki, ijtimoiy himoya masalasida Prezidentimizga kamarbasta bo‘lish barchamiz intilayotgan farovon kelajak, farzandlarimiz baxtu saodatini ta’minlashning eng muhim shartidir.
Islom dinida muhtojlarga yordam berish, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, miskin va bechoralar holidan xabar olish eng savobli amallardan hisoblanadi. Muborak dinimiz xayr-saxovatga buyurar ekan, uni o‘z o‘rniga sarflashga amr etadi. Muhtoj insonlar haqqiga xiyonat qilish esa og‘ir gunoh sanaladi.
Yurtimizda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilishi xalqimiz qalbidagi ezgu ish bo‘ldi. Agentlik og‘ir ijtimoiy holatga tushgan va tushish xavfi bo‘lgan aholi bilan manzilli ishlayotgani, xayru ehsonlarni o‘z egalariga yetkazayotgani xalqimizni mamnun etmoqda, qalbiga xursandchilik ulashmoqda. Albatta, mana shunday mehrga muhtoj insonlarning duosi bilan yurtimiz yanada obod bo‘ladi.
Hurmatli yurtdoshlarimiz!
Yaratganga shukr, tarbiyaning asosiy poydevori bo‘lgan maktabga, yoshlarni ilm-ma’rifatli qilishga davlatimiz tomonidan doimiy e’tibor qaratilmoqda. Yangidan yangi maktablar, bog‘chalar qurilmoqda. Yurtimizda o‘rta hisobda yiliga bir million bola tug‘ilmoqda. Bu degani, yetti yildan keyin bir necha ming maktabga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Shunday ekan, saxovatpesha kishilarimiz maktab qurish yoki ta’mirlash ishlariga ham katta e’tibor qaratishlarini tavsiya etamiz. Zotan, ma’rifat, ziyo maskani bo‘lgan ta’lim dargohlarini qurish, obod qilish ajri ulug‘ amallardan hisoblanadi. Shuningdek, ta’lim muassasalari talaba va o‘quvchilarni moddiy tarafdan ta’minlash, ularni kontrakt-shartnomalarini to‘lab berish, o‘quv qurol va darsliklarini olib berish savobi doimiy yozilib turadigan sadaqai joriya bo‘ladi.
Aziz vatandoshlar!
Taassufki, to‘ylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasi, haj va umraga borib-keluvchilarni kutib olishga bag‘ishlangan yig‘inlar, ulardagi bir-biridan o‘tib tushadigan, kimo‘zarga, riyoga, isrofga to‘la ishlar xalqimizning jiddiy muammolaridan biri bo‘lib kelmoqda.
Shu o‘rinda, ziyolilar, yoshi keksa otaxonu onaxonlar, nuroniylarga aytar so‘zimiz, keling, birgalikda yurtimiz aholisiga, ayniqsa, yuqoridagi kabi isrofgarchilik va dabdaba qilayotganlarga tushuntirish ishlarini ko‘paytiraylik, bu kabi illatlarga birgalikda barham beraylik. Alloh taolo ato etgan mol-dunyoni isrof qilish – katta gunoh, ekanini uqtiraylik! Buning o‘rniga topganlarimizni savobli ishlarga sarflab, beva-bechora, nochor, muhtojlarga yordam beraylik, ana shunda ulkan savobga ega bo‘lamiz, inshoaalloh!
Qadrli ulamolar va imom-domlalar!
Ijtimoiy himoya bo‘yicha Yurtboshimizning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda, biz – din peshvolari quyidagi 7 ta vazifani amalga oshirishni belgilab olmoqdamiz:
Birinchi, ulamolar va imom-xatiblar “Xayru saxovat – qalblarga quvonch ulashadi” shiori ostida targ‘ibot-tashviqot ishlarini keng ko‘lamda amalga oshirish.
Ikkinchi, har bir markaziy masjid 5 tadan ehtiyojmand oilani otaliqqa olib, ularning farzandlarini o‘quv kurslarida o‘qitishi, kasb-hunarga o‘rgatishi va doimiy daromadga ega bo‘lishiga ko‘maklashish.
Uchinchi, har bir tuman-shahar bosh imom-xatiblari hududidagi kamida 1 ta maktabni homiylarni jalb etgan holda ta’mirlash ishlariga yordam ko‘rsatish.
To‘rtinchi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda mamlakatimiz bo‘yicha kam ta’minlangan oilalar farzandlari bo‘lgan 200 nafar yoshni kasbga o‘rgatish va ish bilan band qilish.
Beshinchi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan hamkorlikda jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarga 50 dona sport aravachasi va boshqa reabilitatsiya vositalari olib berib, ularning davolanishlariga ko‘maklashish.
Oltinchi, masjid imom-xatiblari homiylarni jalb etgan holda “Mehribonlik”, “Saxovat”, “Muruvvat” uylariga va mehnat faxriylariga moddiy yordamlar ko‘rsatish ishlarini tashkil etish.
Yettinchi, imom-xatiblar tomonidan to‘y-ma’raka marosimlardagi isrofgarchilik, umra ziyoratidan qaytgandan keyin har xil xo‘jako‘rsin marosimlari uyushtirishdek illatlarning oldini olish yuzasidan targ‘ibot ishlarini amalga oshirish.
Aziz yurtdoshlar!
Xayrli va savobli ishga hissa qo‘shgan, yetim-yesir, beva-bechoraning boshini silagan odamning amal daftariga qiyomatgacha sadaqai joriya savobi to‘xtamasdan yozilib turishini, bunday odam xalq ichida, el orasida doimo hurmat va e’zozda bo‘lishini unutmaylik!
Alloh taolo ezgu ishlarimizni O‘zi mukofotlasin, omin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi raisi,
muftiy Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR
Toshkent shahri
2024 yil 26 dekabr
Har yangi kunning tongini ko‘rganingizda qalbingizni zikr ila to‘ldiring. Iymon zikrlariga quloq tutar ekansiz, borliq Yaratgan Zot sari talpinayotganini his qilasiz. Alloh taolo aytadi: «...Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur...»[1]. Balki uyda, balki ko‘chada, qayerda bo‘lsangiz-da, Allohning zikriga shoshiling. Zikrlarni ko‘paytirganingiz sari Allohga bo‘lgan muhabbatingiz ortib boradi, osmonlaru yerning Xoliqi bo‘lgan Alloh taolodek buyuk Zot suyanchig‘ingiz ekanini anglaysiz...
Ushbu misralarni doim yodda tuting:
Gar ersa qalblar Xoliqin zikridin mosuvo,
Alar jasad ichidin joy olgan tosh kabi go‘yo.
Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.
Toshda na mehr va na his bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Robbini zikr qiladigan bilan zikrdan yiroqda bo‘lgan kishi xuddi tirik bilan o‘lik kabidir” [2], deganlar.
Yana Nabiy alayhissalom: “Sizlarga amallaringizning eng xayrlisi va Sultoningiz huzurida eng pokiza, darajangizni yuqorilatadigan, sizlar uchun tillo-kumushlarni ehson qilgandan-da, dushmaningizga yo‘liqib, uning boshini tanasidan judo qilishingiz, u ham sizning kallangizni bo‘yningizdan uzib tashlashidan-da yaxshiroq amal qaysi ekanini bildirib qo‘yaymi?!” – dedilar. Sahobalar: ”Ha, ey Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot: U Allohning zikridir”,3] dedilar.
Ubayd ibn Umayr aytadilar: “Mo‘minning amal daftaridagi hamd ila tasbeh – u bilan dunyo tog‘laricha tillo sudralib yurishidan xayrlidir”.
Nabiy alayhissalom yana boshqa bir hadisda: «Alloh taoloning fazilat izlab kezib yuruvchi farishtalari bo‘lib, ular zikr aytib o‘tirilgan davralarni izlab yurishadi. Shu asnoda zikr bo‘layotgan davrani topishsa, farishtalar zikr halqasidagilar bilan birgalikda o‘tirishadi va bir-birlarini qanotlari bilan o‘rab olishadi, shu tarzda zikrdagi kishilar bilan dunyo osmonining orasi farishtalar bilan to‘lib ketadi. Zikr halqasidagi kishilar tarqalib ketishsa, farishtalar osmonga ko‘tarilib ketishadi.
Keyin Alloh taolo hammasini bilib turgani holda, ulardan: “Qayerdan keldinglar? – deb so‘raydi. Ular: “Biz yerdagi bandalaring oldidan keldik. Ular Senga tasbeh aytyaptilar, takbir, tahlil aytib, Senga maqtov yo‘llayaptilar va O‘zingdan so‘rashyapti”, deb javob qaytarishadi.
Alloh taolo: “Ular Mendan nimani so‘rayapti?” – deydi. Farishtalar javoban: “Sendan jannatingni so‘rashyapti”, deyishadi. Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rishganmi?” – deya farishtalardan yana savol so‘raydi. Farishtalar javob berib: “Yo‘q! Ey Yaratgan Zot!” – deyishadi. Alloh subhanahu va taolo yana: “Mabodo ular jannatimni ko‘radigan bo‘lsalar, holat qanday bo‘ladi-ya?” – deydi. Farishtalar: “Ular yana Sendan panoh tilashyapti”, deyishadi. Alloh taolo savol tariqasida: “Nimadan panoh berishimni so‘rashyapti?” – deydi.
Ular: “Jahannamingdan, ey Yaratgan Zot!” – deb javob qaytarishadi. “Ular do‘zaximni ko‘rganmi?” – deb so‘raydi Alloh taolo. Javob qaytarib: “Yo‘q!” – deyishadi ular.
Alloh taolo: “Ular do‘zaximni ko‘rishsa qanday bo‘larkin?” – deydi.
Farishtalar: “Ular yana Sendan mag‘firat qilishingni so‘rashyapti”, deyishadi.
Alloh taolo: “So‘zsiz ularning gunohlarini kechirdim, ularga so‘rovlarini ato etdim va panoh tilagan narsalaridan ularni O‘z panohimga oldim”, deydi.
Farishtalar: “Ey Yaratgan Zot! Ular orasida falonchi, o‘ta xatokor qul ham bor. U o‘tib keta turib ularning oldiga o‘tirib oldi”, deyishadi. Alloh taolo shunday deya marhamat qiladi: “Uni ham kechirdim! Ular hammajlislari badbaxt bo‘lmaydigan kishilardir”, deydi»[4], dedilar.
[1] Isro surasi, 44-oyat.
[2] Imom Muslim rivoyati.
[3] Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Muslim rivoyati.