“Rajab” so‘zi qanday ma’noni anglatadi?
– Arab tilidagi “rajab” so‘zi o‘zbekchada “ulug‘lash”, “hurmatlash” ma’nolarini ifoda etadi.
Rajab oyi qanday oy?
– Rajab oyi – Alloh taolo urush qilishni harom qilgan (zulqa’da, zulhijja, muharram, rajab) oylardan biridir.
Rajab oyining qanday fazilatlari bor?
– Rajab oyi barakali va ulug‘ oy bo‘lib, undagi ozgina yaxshi amal evaziga ko‘plab ajru savoblar beriladi. Ibodatlar va duolar ijobat bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Besh kecha borki, unda duolar rad etilmaydi: rajab oyining avvalgi kechasi; sha’bon oyining yarmidagi kecha; juma kechasi; fitr kuni kechasi va qurbonlik kechasi” (Ibn Asokir rivoyati).
Rajab oyini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazganlar?
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rajab oyida ro‘za tutganlar. Usmon ibn Hakimdan rivoyat qilinadi: “Sa’id ibn Jubayrdan rajab oyida turganimizda rajab ro‘zasi haqida so‘radim. U: “Ibn Abbosning: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik”, deyayotganini eshitganman”, dedi”.
– Rajab oyi kirganda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohumma barik lana fi rajabin va sha’bana va ballig‘na ramazona” (Allohim, rajab va sha’bon oylarida bizlarga baraka ato qilgin va bizlarni ramazon oyiga yetkazgin!”) deb duo qilganlar (Imom Bayhaqiy va Imom Tobaroniy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).
Ulamolardan biri: “Rajab shamolga, sha’bon bulutga, ramazon yomg‘irga o‘xshaydi. Kimki rajab oyida ekin ekmasa, sha’bon oyida uni sug‘ormasa, ramazon oyida qanday hosil oladi?” degan.
Shunday ekan, ramazonda olajak hosilimiz mo‘l bo‘lmog‘i uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olgan holda rajab oyida ko‘proq solih amallar bilan birga astoydil duolar qilishni ham unutmaylik!
G‘aflatda qolmaylik, azizlar, vaqt g‘animat, umr bevafo!
Davron NURMUHAMMAD
Har yangi kunning tongini ko‘rganingizda qalbingizni zikr ila to‘ldiring. Iymon zikrlariga quloq tutar ekansiz, borliq Yaratgan Zot sari talpinayotganini his qilasiz. Alloh taolo aytadi: «...Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur...»[1]. Balki uyda, balki ko‘chada, qayerda bo‘lsangiz-da, Allohning zikriga shoshiling. Zikrlarni ko‘paytirganingiz sari Allohga bo‘lgan muhabbatingiz ortib boradi, osmonlaru yerning Xoliqi bo‘lgan Alloh taolodek buyuk Zot suyanchig‘ingiz ekanini anglaysiz...
Ushbu misralarni doim yodda tuting:
Gar ersa qalblar Xoliqin zikridin mosuvo,
Alar jasad ichidin joy olgan tosh kabi go‘yo.
Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.
Toshda na mehr va na his bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Robbini zikr qiladigan bilan zikrdan yiroqda bo‘lgan kishi xuddi tirik bilan o‘lik kabidir” [2], deganlar.
Yana Nabiy alayhissalom: “Sizlarga amallaringizning eng xayrlisi va Sultoningiz huzurida eng pokiza, darajangizni yuqorilatadigan, sizlar uchun tillo-kumushlarni ehson qilgandan-da, dushmaningizga yo‘liqib, uning boshini tanasidan judo qilishingiz, u ham sizning kallangizni bo‘yningizdan uzib tashlashidan-da yaxshiroq amal qaysi ekanini bildirib qo‘yaymi?!” – dedilar. Sahobalar: ”Ha, ey Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot: U Allohning zikridir”,3] dedilar.
Ubayd ibn Umayr aytadilar: “Mo‘minning amal daftaridagi hamd ila tasbeh – u bilan dunyo tog‘laricha tillo sudralib yurishidan xayrlidir”.
Nabiy alayhissalom yana boshqa bir hadisda: «Alloh taoloning fazilat izlab kezib yuruvchi farishtalari bo‘lib, ular zikr aytib o‘tirilgan davralarni izlab yurishadi. Shu asnoda zikr bo‘layotgan davrani topishsa, farishtalar zikr halqasidagilar bilan birgalikda o‘tirishadi va bir-birlarini qanotlari bilan o‘rab olishadi, shu tarzda zikrdagi kishilar bilan dunyo osmonining orasi farishtalar bilan to‘lib ketadi. Zikr halqasidagi kishilar tarqalib ketishsa, farishtalar osmonga ko‘tarilib ketishadi.
Keyin Alloh taolo hammasini bilib turgani holda, ulardan: “Qayerdan keldinglar? – deb so‘raydi. Ular: “Biz yerdagi bandalaring oldidan keldik. Ular Senga tasbeh aytyaptilar, takbir, tahlil aytib, Senga maqtov yo‘llayaptilar va O‘zingdan so‘rashyapti”, deb javob qaytarishadi.
Alloh taolo: “Ular Mendan nimani so‘rayapti?” – deydi. Farishtalar javoban: “Sendan jannatingni so‘rashyapti”, deyishadi. Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rishganmi?” – deya farishtalardan yana savol so‘raydi. Farishtalar javob berib: “Yo‘q! Ey Yaratgan Zot!” – deyishadi. Alloh subhanahu va taolo yana: “Mabodo ular jannatimni ko‘radigan bo‘lsalar, holat qanday bo‘ladi-ya?” – deydi. Farishtalar: “Ular yana Sendan panoh tilashyapti”, deyishadi. Alloh taolo savol tariqasida: “Nimadan panoh berishimni so‘rashyapti?” – deydi.
Ular: “Jahannamingdan, ey Yaratgan Zot!” – deb javob qaytarishadi. “Ular do‘zaximni ko‘rganmi?” – deb so‘raydi Alloh taolo. Javob qaytarib: “Yo‘q!” – deyishadi ular.
Alloh taolo: “Ular do‘zaximni ko‘rishsa qanday bo‘larkin?” – deydi.
Farishtalar: “Ular yana Sendan mag‘firat qilishingni so‘rashyapti”, deyishadi.
Alloh taolo: “So‘zsiz ularning gunohlarini kechirdim, ularga so‘rovlarini ato etdim va panoh tilagan narsalaridan ularni O‘z panohimga oldim”, deydi.
Farishtalar: “Ey Yaratgan Zot! Ular orasida falonchi, o‘ta xatokor qul ham bor. U o‘tib keta turib ularning oldiga o‘tirib oldi”, deyishadi. Alloh taolo shunday deya marhamat qiladi: “Uni ham kechirdim! Ular hammajlislari badbaxt bo‘lmaydigan kishilardir”, deydi»[4], dedilar.
[1] Isro surasi, 44-oyat.
[2] Imom Muslim rivoyati.
[3] Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Muslim rivoyati.