Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Abu Jahl: «Muhammad sizning oldingizda yuzini tuproqqa tekkizadimi (sajda qiladimi)?» dedi. «Ha», deyishdi. «Lot va Uzzo bilan qasamki, agar shunday qilganini ko‘rsam, albatta, bo‘ynini oyog‘im bilan bosaman yoki yuzini tuproqqa ishqayman», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelib, namoz o‘qiy boshladilar. Bo‘yinlariga oyog‘i bilan bosadi, deb o‘ylashdi. Ammo birdan u ortiga qaragancha qo‘li bilan yuzini to‘sib qocha boshladi. Shunda unga: «Senga nima bo‘ldi?» deyishdi. «Men bilan uning orasida olovli xandaq bor. Anavilar... qanotlar bor», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar u menga yaqinlashganida uni farishtalar parcha-parcha qilib olib ketishar edi», dedilar.
Shunda Alloh azza va jalla – bilmadim, Abu Hurayraning hadisidami yoki unga yetgan narsadami – «Yo‘q! Albatta, inson tug‘yonga ketadi»dan «Yo‘q! Unga itoat etma»gacha nozil qildi va u zotga amr qilgan narsasini amr qildi» (Muslim rivoyat qilgan).
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ayol kishi uzrli paytida pishirgan ovqatni yeb bo‘lmaydi, shuning uchun bunday ayol ovqat tayyorlamasligi kerak, degan gap eshitdim. Shu gap to‘g‘rimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, dinimizda bunday ta’qiq mavjud emas. Hayz ko‘rgan ayol bemalol ovqat tayyorlashi, pishirishi mumkin. Ulamolar hayz ko‘rgan ayolga oid hukmlarni bayon qilarkanlar, ayol kishi xamir qorib, yopgan nonini, pishirgan ovqatini yeyish mumkin ekanini ta’kidlaganlar. Shuningdek, ayol kishi uzrli paytlarida, erkak yotoqni alohida qilib olishdan ham qaytarilgan. Ya’ni shariatimizda ayol kishining uzrli bo‘lib qolgani uchun undan jirkanilmaydi, tashlab qo‘yilmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.