Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Tashaddud yo‘nalishi tarafdorlari dinni faqatgina Qur’on va Sunnat deb talqin qilib, har bir masalaga dalil so‘rayverishadi, chunki ular ikkinchi ta’rifdan, ya’ni «Fiqh ilmi – mukallaflar qiladigan amallarning holatini halol yoki haromlik, fasod yoki sahihlik jihatidan o‘rganadigan ilmdir», degan ta’rifdan g‘ofil qolishgan.
Demak, faqihning ishi shifokorning ishidek ekan. Hozir shifokorning huzuriga borib, «Qornim og‘riyapti», deysiz. U sizga: «Nima yeding? Nima ichding? Qon bosiming bormi? Qandli diabet bilan og‘rimaganmisan?» degan savollarni beradi. Keyin dori yozib beradi. Shifokorning ishi shunaqa. O‘sha shifokordan: «Siz aytgan falon dori qanday tayyorlangan?» deb so‘raysizmi? Yo‘q. Bu sohaning o‘z mutaxassislari bo‘ladi – dorishunoslar.
Xuddi shunga o‘xshab, muhaddislar ham faqihlarga: «Sizlar tabibsizlar, bizlar esa dorishunos», deyishadi. Ha, faqihlar shifokorga o‘xshaydi, ularning amali hukm chiqarish bo‘ladi. Ularni biror tashkilot deb olsak, odamlar ularga nikoh va taloq, savdo-sotiq masalalari bo‘yicha murojaat qilishsa, holatga qarab, hukm chiqarib berishadi. Demak, faqihlar mukallaflar qilayotgan amallarning holati haqida bahs qilishadi, ularning dalili haqida emas. Dalilning bahsini qila oladigan zotlar esa mutlaq mujtahidlardir.
Bir masalaning dalili mujtahid tomonidan Qur’on va sahih Sunnatdan olinganiga ishonch hosil qilmasak, uni qabul qilmaymiz.
Mujtahidlar kimlar? Ular sahoba, tobe’in va mazhab imomlaridir. Hukm faqat hanafiy, molikiy, shofe’iy yoki hanbaliy mazhabi ulamolari tomonidan chiqarilgan bo‘lsagina qabul qilamiz. Masalan, bir hukmning Abu Hanifaga nisbat berilganini ko‘rsak, aniq bilamizki, u zot hech qachon dalilsiz gap aytmaganlar. Oddiy muftiy esa mazhabni puxta o‘rgangach, mana shu mazhab asosida fatvo beradi, chunki uning oldida mutlaq mujtahidlardan yetib kelgan, ishonchli, mazhabda qaror topgan hukmlar bo‘ladi. Biz hukmni mana shunday mazhabdan sodir bo‘lsagina qabul qilamiz. Farmatsevt odam dorini faqat ishonchli korxonadan olib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan muhrlangan holatda berishi kerak bo‘lganidek, biz ham hukmni faqatgina ishonchli, muhr bosilgan mazhab tomonidan berilgandagina qabul qilamiz. Shundagina ko‘nglimiz xotirjam bo‘ladi.
Masalan, kamina xodimingizning ishi ham shaxsning holatlarini o‘rganishdir. Falonchida nima sodir bo‘ldi, nega xotinini taloq qildi, uning holati qanday? Shularni bilib, so‘ng unga mazhabdan hukm aytaman. Men shifokor bo‘lsam-u, dorishunos bo‘lmasam, lekin o‘zimcha borib, dori tayyorlasam, bemorni o‘ldirib qo‘yishi mumkin, chunki mening ishim uni davolashdir, unga dori tayyorlash emas. Dorini shu sohaning mutaxassislari tayyorlaydi. Buning uchun juda katta ilm, tajriba kerak. Endi men faqih bo‘la turib, yangitdan hukm chiqarish bilan shug‘ullansam, «Falonchining xotiniga taloq tushibdi», deb fatvo berib yuboraman, Falonchining qo‘lini kesishga hukm qilaman, yana kimningdir hayotini barbod qilaman, natijada butun jamiyatni buzib yuboraman. E’tibor beryapsizlarmi?! Shunday holat yuzaga keladi!
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.