Bismillahir Rohmanir Rohiym
KIRISH
Ong inson tug‘ilganidan boshlab doimo rivojlanib boradi. Bu ongning to‘g‘ri rivojlanishida atrof-muhit ta’siri muhim o‘rin tutadi. Xususan, yosh bola hamisha atrofdagilarning g‘amxo‘rligi va qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj bo‘ladi.
MUAMMO
Ammo, ayrim ota-onalarning farzandiga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lishi, do‘q-po‘pisa qilishi, bolani haqoratlashi, og‘zaki qo‘rqitishi yoki baqirishi ko‘plab salbiy oqibatlarga olib keladi. Kattalarning bunday harakatlari bolalarning rivojlanishini zararlaydi, bolaning o‘ziga bo‘lgan ishonchini sindiradi.
TADQIQOTLAR
Bu borada ko‘plab tadqiqotlar mavjud bo‘lib, ularning barchasi bir haqiqatni tasdiqlaydiki, ya’ni bolalik davrida turli zo‘ravonliklarga duchor bo‘lgan shaxslar depressiyaga ikki barobar ko‘proq moyil bo‘ladi.
Qo‘pol munosabatda ulg‘aygan bolaning miyasidagi nuqson va shikastlanishlar Garvard universitetining tibbiyot fakultetida olib borilgan tadqiqotlarda ham isbotlangan.
Zamonaviy texnologiyalar asosida olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, yoshligidan qo‘pollikdan aziyat chekkan bolalarning miyasida va fikrlash qobiliyatida nuqsonlar kuzatilgan, ayniqsa miyaning o‘ng va chap yarim sharlarida zaiflik aniqlangan.
Bolalar zo‘ravonligi bo‘yicha ekspert Shanta Dyub aytadi: “Ota-onalar baland ovozlari va “ahmoq”, “dangasa” kabi so‘zlari farzandlariga qanchalik salbiy ta’sir ko‘rsatishini afsuski yaxshi bilishmaydi”.
Tadqiqotchi Piter Fonagining qayd etishicha, bolalar kattalar nima desa, shunga ishonadigan bo‘ladi. Ular kattalarni jiddiy qabul qiladi. Kattalarning bolalarga qo‘pol so‘zlari nafaqat bolalarning miyasiga shikast yetkazadi, balki jamiyat bilan aloqa qila olmasligiga ham sabab bo‘ladi.
21 ming nafar ishtirokchi qatnashgan tadqiqotda: bolalikda qo‘pol muomalada voyaga yetganlar boshqalarga qaraganda 20% foiz ko‘proq giyohvand moddalar iste’mol qilishga moyil bo‘lishi, ularning qamoqqa tushib qolish xavfi esa ota-onasining baqirishlarini eshitmaganlarga qaraganda 2 barobar ko‘proq ekani aniqlandi.
RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM YOSH BOLALARGA QANDAY MUNOSABATDA BO‘LARDILAR?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yosh bolalarga otaning bolasiga qilgan muomalasidek bo‘lar edi. Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga 10 yil xizmat qildim. U zot biror qilgan ishimni nimaga bunday qilding yoki buyurgan ishimni nega qilmading, deb so‘ramas edilar. Balki “Alloh xohlagani bo‘ladi, xohlamagani bo‘lmaydi”, der edilar”.
Baro ibn Ozib roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rdim, qarasam, Hasan roziyallohu anhuni yelkalariga ko‘tarib olibdilar va: “Allohim, men buni yaxshi ko‘raman, Sen ham yaxshi ko‘rgin” deb aytardilar».
Siz ham farzandlaringizga ularni yaxshi ko‘rishingizni ayting va “Allohim farzandlarimni Sen ham yaxshi ko‘rgin”, deb duo qiling.
YAKUN
Alloh taolodan bizni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashganlardan qilishini va farzandlarimizni u zot alayhissalomdan o‘rnak olib tarbiya qilishimizga madad berishini so‘rab qolaman.
Davron NURMUHAMMAD
Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.
Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.
Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.
Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati