Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Dunyoga muhabbatni ketkazish va oxirat g‘amini qalbda paydo qilishning yo‘li bor. Yigirma to‘rt soat ichidan ozgina vaqt ajrating, kechayu kunduzlarimiz g‘aflatda o‘tayotganini o‘ylang, o‘limni unutganimizni o‘ylang, hali Alloh taoloning huzurida hozir bo‘lishdan, buyuk hisob-kitobdan, jazo va mukofotdan g‘aflatda qolganimizni o‘ylang. Shu narsalar haqida o‘ylashga vaqt ajrating, bir kunmas bir kun o‘laman, keyin Alloh taoloning huzurida qanday qilib hisob beraman? So‘rovlariga nima deb javob qilaman?, deb o‘ylang. Shu o‘ylar har doim qalbda tirik tursin.
Agar kishi har kuni shu narsalarni fikrlab tursa, bor-yo‘g‘i bir necha haftada, inshaAlloh, dunyoga muhabbat qalbidan chiqib ketadi. Alloh taolo O‘zining rahmatidan barchamizga bu aytilganlarga amal qilish tavfiqini ato etsin, omin.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan
Shu yil 5 iyun kuni - hijriy zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni ziyoratchilarimiz Mino vodiysidan erta tongdan guruh-guruh bo‘lib zamonaviy avtobuslarda Arafot maydoniga yetib kelishdi. Ushbu muborak joyda hamyurtlarimiz uchun alohida ajratilgan joyda barcha tayyorgarliklar hozirlab qo‘yilgan.
Ishchi guruhi tomonidan ziyoratchilarimiz xotirjam ibodat qilishlari uchun keng va shinam chodirlar tayyorlangan, sovutkich va muzlatkichlar uzluksiz ishlamoqda, uch mahal issiq ovqat, shirinlik va salqin ichimliklar muntazam taqdim etilmoqda.
Alloh taolo barcha hojilarning hajlarini mabrur, elu yurt haqqiga qilgan duolarini qabul aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati