Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bu – nihoyatda foydali hadis. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bu hadisni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitib, ahamiyatini his qilib, uni o‘g‘li Abdulloh ibn Umarga, Abdulloh esa o‘z navbatida o‘g‘li Solimga o‘rgatgan. Biz ham bu muborak oiladan bizgacha yetib kelgan ushbu hadisni o‘zimizning farzandlarimizga, nevaralarimizga yetkazishimiz kerak.
Bu hadisda balo yetgan odamlarga e’tibor qilib, hadisda kelgan duoni qilishga ochiq-oydin chaqiriq bor. Mo‘min-musulmon odam balo-ofatga uchragan odamga qanday munosabatda bo‘lishi kerakligini, buning iymoniy, ruhiy va tarbiyaviy foydalarini, nafsni kibr, hasad, norozilik va g‘am-qayg‘u kabi tuyg‘ulardan xalos qilishni shu hadisdan o‘rganamiz.
Baloga yo‘liqqanlar kim?
Bu hadisi sharifda musibat yetgan, jismi kasal yoki zaif bo‘lgan, turli dardlarga chalingan kishilarni ko‘rganda ulardan ibrat olish, bunday musibatdan panoh so‘rash, o‘ziga bunday musibat berilmagani uchun shukrona qilishning eng oliy namunasi bor. Tamaki chekadigan, fosiqlik qiladigan, namozga bee’tibor bo‘ladigan, gunoh ishlarni qiladigan, dinida musibatga uchraganlar ham ana shular jumlasidan hisoblanadi. Bundan tashqari, oilaviy muammolarga uchraganlar, ota-onasiga oq bo‘lgan, aka-ukalari, opa-singillari bilan urishib, mahkamalargacha borib yurganlarni ham bunga misol qilib keltirish mumkin.
Bu duoni musibat yetgan kishilarga eshittirmasdan, ichida aytish musulmonning odobidir. Lekin oila a’zolarimiz eshitib, duoni o‘rganishlari uchun eshittirib aytsak bo‘ladi.
Musibatga uchragan odamlarni ko‘rganingizda ularning haqqiga ham duo qilamiz. Ammo ayni paytda Alloh taolo ularga yetgan musibatdan sizni saqlaganini tushunib, beixtiyor «Senga yetgan balodan meni saqlagan, meni yaratgan narsalarining ko‘pidan afzal qilgan Allohga hamdlar bo‘lsin!» deb yuborasiz.
Bu nabaviy so‘zlar mo‘mina qizlarning ruhiyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki bu so‘zlarni aytganingizda sizni siylagan, ko‘pgina musibatlardan saqlagan Allohning marhamatini yanada chuqurroq his qilasiz. Alloh taolo bu balodan sizni saqlabdi. Shuning o‘zi buyuk ne’mat emasmi? Shuni anglab yetsangiz, muammolaringiz qanchalik ko‘p bo‘lsa ham, hayotingizda qanchalik katta to‘siqlarga duch kelgan bo‘lsangiz ham, baxt-saodatning, rozilikning ta’mini his qilasiz. Bu duoni qilayotganda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «keyingi hayotida ana shu balodan saqlanadi» degan va’dalariga to‘liq ishoning.
Ta’kidlab aytamanki, bu duoni qilayotganingizda musibat egasini aslo masxara qilmang! Shunda hayotingizning har bir lahzasi Allohning marhamati bilan limmo-lim ekanini ko‘rasiz.
Dinida, xulqida musibatga uchrab, gunoh qilib yurgan odam mana shu duolarni takrorlab yursa, o‘z-o‘zidan o‘sha gunohni yomon ko‘rib, bu kabi ishlardan tiyiladigan, qaytib bu ko‘yga tushmaslikni istaydigan bo‘lib qoladi. Ofatga uchragan odamni ko‘rganda uning haqqiga duo qiladigan, o‘ziga bu ofat yetmagani uchun shukr qiladigan bo‘lib qoladi.
Musibat qanchalik og‘ir bo‘lmasin, bu musibat mo‘minlar uchun marhamat hisoblanadi, chunki musibatga uchragan odam sabr qilsa, ko‘plab gunohlari kechirib yuboriladi.
Shu bilan birga, yuqoridagi hadisda birovga musibat yetganini ko‘rgan kishilar uchun eslatma bor. Oramizda musibat yetganlar bo‘lishi, sizu biz bilan birga yashashi – qalbimizdagi dardlar uchun shifodir. Masalan, bir odam kambag‘al, deylik. U boshqa bir odamning og‘ir kasal bo‘lib qolganini, lekin kambag‘al bo‘lgani uchun davolanishga pul topa olmayotganini ko‘rsa, o‘zi kambag‘al bo‘lsa ham, tani-joni sog‘-salomat bo‘lgani uchun Alloh taologa hamdlar aytadi. Yoki bir qizning hamma dugonalari erta-erta turmushga chiqib ketib, o‘ziga esa hamon sovchi kelmayotganidan mahzun bo‘lib yuribdi, deylik. O‘sha turmushga erta chiqqan dugonalaridan biri eridan ko‘p zulm ko‘rib, oilasi buzilib, bir necha oydan keyin uyiga qaytganini ko‘rsa, o‘zining boshiga shunday tashvish tushmagani uchun, «ajrashgan» degan nom orttirib olmagani uchun Allohga hamd aytadi. Ajrashganidan kuyinib yurgan boshqa bir ayol esa eridan ajrab, zino qilib yurganlarni ko‘rganida o‘zining bunday harom yo‘lga kirib ketmagani uchun shukr qiladi. Bunday voqealar – ko‘radigan ko‘zi, fikrlaydigan aqli, his qiladigan qalbi bor insonlar uchun eslatmalar, ibratlar zanjiridir.
Hayotda shundaylar borki, musibatga uchraganlarning oldidan o‘tadi, lekin parvo ham qilmaydi. Ular o‘zi bilan ovora, faqat o‘zi haqida qayg‘uradi, xolos. Yana ba’zilar bor, afsuski, musibatga uchraganlarni masxara qilishgacha boradi. Bir kun kelib, o‘zi ham uning o‘rnida bo‘lib qolishi mumkinligi xayoliga ham kelmaydi. Aqlli odam esa musibatzadalarga rahm-shafqat nazari bilan qaraydi, bunday musibat o‘zining boshiga tushmagani, Alloh taolo uni saqlagani uchun Robbiga hamd aytadi, Alloh uni boshqa ko‘plab maxluqlaridan ustun qilganini his qiladi.
Bir olim aytadi: «Boy-badavlat odamlarga qarab, o‘zimni mahrumdek, bechoradek his qilsam, kasalxonaga borib, u yerda boshiga turli musibat tushgan odamlarni, og‘ir bemorlarni ko‘raman-da, hayotimdan mamnun bo‘lib qaytaman. Shunday paytlarda otamning haqqiga rahmat-mag‘firat so‘rab, duolar qilaman, chunki menga bunday qilishni otam o‘rgatgan. Otam doim bunday der edi: «Qachon o‘zingni bechora his qilsang, dunyo matohlaridan biror narsaga ega bo‘lmaganing uchun mahzun bo‘lsang, Allohning senga bergan ne’matini his qilish uchun kasalxonaga borgin».
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
“Mazhab” so‘zi arabchada “yo‘l”, “yo‘nalish”, shar’iy istilohda esa “diniy masala bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘li” ma’nolarini bildiradi.
Mashhur alloma Ibn Rajab (1335-1393 m.y.): “Ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”, deb yozgan (“To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” kitobi).
Ulamolar mazhablarga ergashish Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadisiga amal qilishdir, deb ta’kidlaydilar: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Moja, 3950-hadis).
Mazhablardagi bitta masalaga nisbatan turlicha yondashishlik islom shariatida musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Mazhablarda u yoki bu masala islom ahkomlari, muayyan jamiyat, xalq yoki millatning urf-odatlari, qadriyatlari hamda ijtimoiy munosabatlarning mazmunini ham hisobga olgan holda, eng ma’qul shaklda hal qilingan.
Islom ulamolari shar’iy hukmni va uning dalilini bilmaydigan musulmon odam (muqallid)mujtahid olimga taqlid qilishi zarurligini ta’kidlaydilar. Bunga Qur’ondagi ushbu oyatni dalil sifatida keltirish mumkin: “Agar bilmasangiz zikr ahllaridan so‘rang” (Nahl surasi, 43-oyat).
Mazhablarda Qur’on, sunnat, ijmo va qiyosdan dalil sifatida foydalanishning o‘ziga xos qoidalari, usul va tamoyillariga asoslangan muayyan tizim mavjud. Masalalar tizimli ravishda hal bo‘lgan. Mazhabsizlarda esa hech qanday ijtihod usul va qoidalari yo‘q bo‘lib, “Qur’on va Sunnatga murojaat qilamiz” qabilidagi dalilsiz da’vo bilan hukmlar berilmoqda. Maqsadiga, ra’yiga va nafsiga to‘g‘ri kelgan dalillarni olib, qolganlarini tashlash esa yomon oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Bemazhablar omma musulmonlar ichida ko‘plab noto‘g‘ri talqin qilingan aqidaviy va fiqhiy masalalarni tarqatmoqdalar. Vaholanki, bu masalalar Ahli sunna olimlari tomonidan allaqachon hal qilingan.
Mazhabsizlar tarafdorlarining ayrim iddaolaridan ularning da’volari asossiz ekaniga ishonch hosil qilish mumkin:
– bemazhablar “Qur’on bitta va Payg‘ambar bitta bo‘lsa, to‘rt mazhab orasida fiqhiy ixtiloflar bor, haq bitta emasmi?” deydilar.
Mazhablar bir manba – Qur’on va sunnatga asoslanadi. Mazhablarning biriga ergashgan kishi Qur’on va sunnatga ergashgan bo‘ladi.
– Mazhabsizlik tarafdorlari “Imom Buxoriy bemazhab bo‘lgan”, deb dalil qiladi. Vaholanki, Imom Buxoriy yashagan davrda u kishiga o‘xshash ilmi ijtihod darajasiga yetgan, o‘zi ijtihod qilganlar ko‘p bo‘lgan. Hamma ulamolar ilmi mujtahidlikka yetgan odam, o‘zi ijtihod qiladi, deganlar. Hozir esa o‘sha davrdagi kabi mujtahidlar yo‘q ekanini hisobga olmaydilar.
Aksincha, Qur’on va sunnatdan har kim o‘zboshimcha yangi hukm chiqarish, fitna qo‘zg‘ash kabi islomda qat’iyan man qilingan xatti-harakatlarga sabab bo‘lmoqda. Shu nuqtayi nazardan, marhum Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy qayd etganidek: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid’atdir”.
Ming afsuslar bo‘lsinki, mana shunday yetuk olimlar bir mazhabni mahkam ushlab, to‘g‘riligini e’tirof qilib turgan bir paytda ba’zi yurtdoshlarimiz hali dastlabki ilmiy ko‘nikmalarni hosil qilmagan bo‘lsalarda: “Men Qur’on va hadisdan o‘zim hukm olaman” deb, da’vo qilib, turli ixtiloflarni keltirib chiqarmoqdalar. Ba’zida o‘zlari adashgani yetmagandek, o‘zgalarni ham yo‘ldan urmoqdalar.
Alloh taolo hammamizni O‘z hidoyatida sobit qilsin.
G‘ulomov FATHULLOH,
Al-Hudaybiya jome’ masjidi imom noibi