Bugun, 6 yanvar kunidan “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurtida “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursining navbatdagi bosqich mashg‘ulotlari boshlandi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda bilim yurti ustozlari va tinglovchilar qatnashdi.
Bilim yurti Matbuot kotibi Rustam Oxunjonov o‘quv kursining tinglovchilariga "Ilm va uning odoblari" mavzusida ma’ruza qilib, ularga haqiqiy ilm egasiga qanday odoblarga ega bo‘lishi lozimligi haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, o‘quv kursi tinglovchilarining tartib-intizomga rioya qilishi, belgilangan darslarga muntazam ishtirok etishi va boshqa intizomga oid tavsiyalarga amal qilish har jihatdan manfaatli bo‘lishini aytib o‘tdi.
Ayni yo‘nalishdagi davra suhbati Imom Termiziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi qoshidagi “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursining navbatdagi 46-davra tinglovchilari bilan ham o‘tkazildi. Unda ta’lim muassasasi mutasaddi vakillari bo‘lg‘usi qori va qoriyalarga o‘z tavsiyalarini berdi.
Yakunda “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursining navbatdagi bosqich tinglovchilari haqqiga duoi-xayrlar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
#xabar #haj2025
Shu yil 12 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev boshchiliklaridagi hojilarimizning dastlabki guruhlari eson-omon ona diyorimizga yetib keldilar.
Nurli yuzi, quvnoq ko‘zida Vatan sog‘inchi namoyon bo‘lgan hojilar jamoasini taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportida ehtirom ila kutib olishdi.
Hojilarimiz muborak zaminda Haq taoloning farzi – Haj amalini chiroyli ado etib, sog‘u salomat o‘z yurtiga yetib kelganlari va yaqinlari diydoriga yetishganlari uchun shukronalar aytish barobarida el-yurt haqqiga xayrli duolar qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati