Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Shayx Abu G‘uddaning birgina kitobni uzoq izlab, nihoyat, Makkai mukarrammada Toshkentlik shayxdan topganlari xususida ajib hikoya
Shayx rahmatullohi alayh «Sahifalar» kitobida o‘zlarining hayotlaridan bir lavhani quyidagicha zikr etadilar: «Ba’zan biron kitobga yetishadigan bo‘lsam, Alloh taolo uchun falon-falon rakat namoz o‘qiyman deb nazr qilar edim. Bir kitobni qo‘lga kiritaman deb, qiziq voqeani boshimdan kechirganman. Uni shu o‘rinda keltirishni maqsadga muvofiq deb bildim:
«Qohiradagi al-Azhar universitetining shariat fakultetida o‘qib yurgan paytlarimda doimo shayximiz, alloma imom Muhammad Zohid Kavsariy rahimahullohning huzurlarida bo‘lardim. U zot alloma Shayx Aliy Qorining «Fathu bobil inoya bisharhi kitobin niqoya» kitobini olishni tavsiya qildilar. Foydali, nodir, durdona kitoblarni qo‘lga kiritishga ishqiboz ekanimligimni bilganliklari sabab, o‘sha kitobni topishga bir necha bor jiddiy tarzda qiziqtirgan edilar.
U kitob Hindistonda chop etilgan bo‘lsa kerak, deb yurardim. Qohirada olti yil yashagan bo‘lsam, to o‘qishni tugatgunimcha o‘sha kitobni izlab yurdim.
Topilishi mumkin deb faraz qilgan barcha kutubxonalarimdan so‘rab-surishtirdim, lekin u haqida biror ma’lumotga ega bo‘la olmadim. O‘z yurtimga qaytganimda ham Halabning qaysi shahrini ziyorat qilmay yoki qaysi kutubxonasiga kirmay, o‘sha kitobni izlashda davom etardim.
Men kitob Hindistonda chop etilgan deb o‘ylaganim va u hanafiy fiqhi borasida yozilgani bois, shoyad maqsadimga erishsam deb, kitobfurushlardan Hindistonda chop etilgan hanafiy mazhabiga oid barcha fiqhiy kitoblar haqida surishtirar edim. Lekin ular bu kitobning hatto nomini ham bilishmas edi. Damashqdagi qadimgi durdona kitoblardan xabardor bo‘lgan eski kitobfurushlar bor edi. Ularda juda ko‘plab qadimgi va qimmatbaho kitoblar bo‘lsa-da, ularni sotish masalasida juda ham qattiq turishar va anchagina qimmat narx belgilashardi.
Ular Sayyid Izzat Qusaybotiy va uning otasi, shuningdek, Shayx Hamdiy Safarjaloniy va Sayyid Ahmad Ubaydlar edi. Bir kuni Sayyid Izzat Qusaybotiydan Hindistonda chop etilgan «Fathul bobil inoya...» kitobi haqida so‘rasam, ul zot kitob unda borligini aytdi va Imom Ayniyning 1293 hijriy yilda Hindistonda chop etilgan juda katta – olti mujalladdan iborat «Al- Binoya bi sharhi Hidoya» kitobini olib chiqdi. Ushbu kitob ham men izlab yurgan qimmatbaho, nodir kitoblardan edi, ammo men u zotdan so‘ragan kitob emasdi.
Shuning uchun bu kitobni uncha qimmat bo‘lmagan narxda sotib oldim. Keyin men Shayx Hamdiy Safarjaloniy rahimahullohdan qidirib yurgan kitobim haqida so‘radim. Bilsam, kitob Rossiyada, Qozonda chop etilgan ekan. Aytishlaricha, kitob qizil gugurtdan ham nodirroq ekan. U kishi umri davomida qancha-qancha kitoblar bilan shug‘ullangan bo‘lsa-da, o‘sha kitobdan faqat bir nusxasi qo‘liga tushgani va uni alloma Imom Kavsariyga aql bovar qilmaydigan darajada qimmat narxga sotib yuborganini aytdi.
Kitob chop etilgan joyni aniq bilib olgan bo‘lsamda, unga yetishishga bo‘lgan umidim susaydi. Alloh taolo meni 1376/1957 yilda birinchi marotaba Baytullohni haj qilishga muvaffaq qilganida Makkai mukarramaga kirib, kitob bosilgan o‘lkalardan Allohning muborak shahriga ko‘chib kelgan kishilardan birontasi o‘zi bilan o‘sha kitobni olib kelgandir, degan umidda Makkadagi kutubxonalardan kitobni surishtira boshladim, lekin topa olmadim. Alloh taoloning inoyati bilan Makkai mukarramadagi bozorlardan birida odamlardan chekkaroqdagi bir eski kitobfurushning oldiga borib qoldim.
U zot shayx Mustafo ibn Muhammad Shinqitiy hafizahulloh ekan. U zotdan bir necha kitoblar sotib oldim. So‘ng noumid bo‘lgan holda haligi kitob haqida so‘rasam, bir haftacha oldin menda bor edi, deb qoldi. Kitobni buxorolik olimlardan birining merosidan sotib olgan ekan. Bir necha kun oldin uni asli buxorolik Toshkent ulamolaridan biriga qimmat narxga sotib yuborgan ekan. Ishonqiramay turgan edim u o‘sha kitobni menga sifatlay boshladi. Haqiqatdan ham o‘sha men anchadan beri izlab yurgan kitob edi. Shundan keyin kitobni sotib olgan toshkentlik olim kimligini so‘radim.
U zot o‘ylab turib shayx Inoyatulloh Toshkandiyning nomini aytdi. Undan o‘sha shayxning yashaydigan, ishlaydigan manzilini, uni qanday topish mumkinligini so‘radim. U bu haqda bilmasligini aytdi. Yana u kishi haqida kimdan so‘rab-surishtirishim mumkinligi haqida so‘ragan edim, buni ham bilmasligini aytdi. Shundan so‘ng o‘sha kitobni qo‘lga kiritish yoki uni sotib olgan kishi bilan uchrashishdan yanada umidim uzildi. Shunday bo‘lsa-da, Masjidul Haram yoki Makka bozorlarida uchratgan barcha buxorolik kishilardan shayx Inoyatulloh haqida surishtirib yuraverdim. Buxoroliklar bor deb aytilgan hech qaysi madrasa yoki karvonsaroy qolmadi, hammasidan o‘sha shayxni surishtirib chiqdim. Hatto Makka tashqarisidagi mahallalargacha bordim. Chunki ayrimlar u yerda ham buxoroliklar bor deyishgandi.
Lekin izlayotgan odamim bilan uchrashish qayoqda deysiz? Axir Makkai mukarramada Inoyatulloh ismli qanchadan-qancha buxoroliklar bordir. To‘xtovsiz so‘rab-surishtirishlar meni shayx Abdulqodir Toshkandiy Buxoriy Saotiyning huzuriga olib bordi. U zot Makka atrofidagi Jarval mahallasida istiqomat qilar ekan. U zotdan shayx Toshkandiy haqida so‘ragan edim, shayxni tanidi va menga uning asl ismini aytdi. Ismi shayx Mir Inoyat Toshkandiy ekan. Lekin u ham shayxning manzilini u bilan uchrashish mumkin bo‘lgan joylarni bilmas ekan.
Yana «Fathul bobil inoya...» kitobini olgan o‘sha shayx bilan uchrashishdan noumid bo‘lib qoldim. Oradan bir oz vaqt o‘tdi. Bir kuni Ka’bai muazzamani tavof qilib Alloh taolodan meni o‘sha insonga yo‘liqtirishini va o‘sha kitobni qo‘lga kiritishga muyassar etishini so‘radim. Ushbu duo va nolani bi necha bor takrorlayverdim. Oradan bir haftacha vaqt o‘tdi. Bu muddat ichida kitob va uning egasini qidiraverib, fikru hayolim parishon bo‘lib qolgan edi. Bu Allohga ayon.
Bir kuni (masjid kengayishidan oldin) Masjidul Haram eshiklaridan biri- «Bobu ziyoda»ning oldidagi bozorda aylanib yursam, Abu Arab degan eski damashqlik tijoratchi meni ko‘rib, ko‘rinishim va kiyimlarimdan shomlikka o‘xshatib oldiga chaqirdi. Shom o‘lkasi va Shom aholisi haqida so‘radi. Kitobga bo‘lgan ishtiyoqim kuchliligidan u kishidan birinchi bo‘lib haligi buxorolik shayx haqida so‘radim. U oldidagi do‘konda o‘sha shayxning kuyovi savdo qilishini, shayxni hammadan ko‘ra u yaxshi bo‘lishini aytdi. Bu gaplarni eshitib, shu qadar xursand bo‘ldimki, quloqlarimga ishonmay qoldim.
Shundan so‘ng men tunu kun u yerga qatnab, oxiri u kishi bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ldim. U zot kitobni menga o‘zlari istagan narxda arzonga sotdilar. O‘sha kun umrimda eng xursand bo‘lgan onlarimdan biri edi. Darhaqiqat, Alloh taolo menga o‘sha kitobni birinchi juzini tahqiq qilib, nashr qilishni nasib etdi. Alloh taolodan o‘z fazli va karami ila kitobning qolgan qismlarini ham nashr qilishga muvaffaq bo‘lishini so‘rab qolaman!».
Shayx Abdulfattoh Abu G‘udda rahmatullohi alayhning
«Sahifalar» kitobidan.
Hozirgi kunda islom jamiyatida, dunyo musulmonlari, ayniqsa yurtimiz musulmonlari orasida fatvo berish, fatvo chiqarish, fatvo so‘rash kabi atamalar ko‘p ishlatilmoqda.
Fatvo so‘zi arab tilida “savolga javob berish” ma’nosini anglatadi. Istilohda esa, shar’iy masala haqida savol so‘ragan odamga dalilga asoslangan holda javob berishdir.
Birinchi fatvo beruvchi shaxs Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bo‘lgan. U zotdan keyin sahoba, tobein va keyingi davr mujtahid ulamolar fatvo berish bilan shug‘ullanib, bugungi kunimizgacha davom etib kelmoqda. Shariatda musulmonlar hayotida paydo bo‘ladigan savollar bo‘yicha fatvo berilishi bu farzi kifoya amal hisoblanadi.
Qur’on va hadisdan hukm chiqarishning o‘ziga xos talablari mavjud. Qur’on va hadisga asoslangan holda musulmonlarning manfaatlaridan kelib chiqib, inson kamoloti, jamiyat farovonligi hamda uning ijtimoiy taraqqiyotini ko‘zlab hukm chiqarish alohida bilim va malaka talab etadi. Mo‘tabar manbalarda qayd etilishicha, arab tili, Qur’on va hadis ilmlari, fiqh va islom tarixini juda chuqur va mukammal biladigan va yana boshqa zarur sifatlarga ega bo‘lgan shaxslargina fatvo berish huquqiga ega.
Shunday bo‘lsa-da, biror-bir masalada hukm chiqarish zarur bo‘lib qolsa, avvalo, mazhablar ta’limotiga tayaniladi, agar ularning birortasida masalaning yechimi topilmasa, musulmonlarga osonlik va qulay sharoit yaratish nuqtayi nazaridan muftiylar tomonidangina fatvolar chiqarilishi mumkin.
Fatvo berish mas’uliyati. Islomda fatvoning o‘rni va ta’siri muhim bo‘lishi bilan birga o‘ta mas’uliyatli vazifa ham hisoblanadi. Chunki fatvoda Allohning hukmlarini bayon qilish maqsad qilinib, unda halol-harom, savob-gunoh, jannat-do‘zax orasidagi amallar ko‘rsatib beriladi. Imom Shotibiy rahmatullohi alayh fatvo berish mas’uliyati haqida to‘xtalib quyidagilarni ta’kidlaydi: “Muftiy – hukmlarni yetkazishda Rasululloh sallalllohu alayhi vasallamga o‘rinbosar va U zotning merosxo‘ri hisoblanadi. Shu bois u Rasululloh sollalllohu alayhi vasallam nomlaridan gapiradi”.
Haqiqatan, Abdulloh ibn Ja’fardan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bu borada ogoh va e’tiborli bo‘lishga chaqirib: “Fatvoga jur’atli bo‘lganlaringiz do‘zaxga jur’atli bo‘lganingizdir”, – deganlar. Ya’ni voqe’likni to‘liq o‘rganmay, yetarli bilim va tajriba orttirmay turib, qo‘rqmasdan jur’at bilan fatvo berishdan qaytarganlar.
Buni chuqur anglab yetgan musulmonlarning dastlabki avlodlari o‘zlaridan ilmli shaxs bo‘lgan joyda sukut saqlashgan.
Imom Molik rahmatullohi alayhdan goho ellikta masala so‘ralganda bittasiga ham javob bermagan paytlari bo‘lgan ekan. Buning sababi so‘ralganda, u zot: “Javob beruvchi o‘zini avval do‘zaxga solib ko‘rsin, xalos bo‘lishiga ko‘zi yetsa, javob bersin”, – degan ekanlar.
Abu Aliy az-Zarirdan rivoyat qilinadi: “Men Ahmad ibn Hanbalga: “Kishiga fatvo berishi uchun qancha hadis yetarli, yuz ming hadis yetadimi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Ikki yuz mingchi?” – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “Uch yuz mingchi?”, – dedim. U: “Yo‘q”, – dedi. Men: “To‘rt yuz mingchi?” – dedim. U yana: “Yo‘q”, dedi. Shunda men: “Besh yuz ming bo‘lsachi?”, – degan edim, u: “Umid qilaman”, – deb aytdi”.
Yuqorida keltirib o‘tilgan dalillardan kelib chiqib shuni ta’kidlash lozimki, fatvo berish o‘ta mas’uliyatli bo‘lganligi jihatidan unga hamma ham jur’at qilavermaydi. Buning ortida jamiyat va unda yashovchi shaxslar uchun g‘oyat xatarli zararlar kelib chiqish mumkin. Shayx Ramazon Butiy aytadi: “Hukm chiqarish ilmi tibbiyot ilmi kabidir. Mabodo birovning farzandi og‘ir kasalga chalinib qolsa, u tegishli tashxis qo‘yish va farzandini davolash uchun tibbiyotga oid kitoblarni titadimi yoki malakali shifokorning oldiga boradimi? To‘g‘risini aytganda, uning esi joyida bo‘lsa, keyingi yo‘lni tanlaydi. Dinda ham xuddi shunday. Aslida bu tibbiyotdan ham muhimroq, shuningdek qamrovi jihatidan xavfliroqdir”.
Hech kimga sir emaski, hozirgi kunda ba’zilar o‘zicha oyat va hadislardan hukm chiqarib, noto‘g‘ri fatvolar berib, o‘zini va o‘zgalarni adashtirmoqda.
Ba’zi bir e’tirof etilmagan shaxslar yoki ma’lum maqsadlarga yo‘naltirilgan tuzilmalar tomonidan qo‘shtirnoq ichidagi “fatvolar” insonlarni islom ma’rifatidan uzoqlashtirishga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, ularning “jihod”, “bay’at”, “takfir”, “bemazhablik”, “hijrat” kabi masalalardagi asossiz “fatvolari” nohaq qon to‘kilishiga olib bormoqda va insonlarning kafolatlangan huquqlariga rahna solinishiga sabab bo‘lmoqda. Imom Molik rahmatullohi alayhning ustozlari bo‘lgan Robia ibn Abdurahmonni yig‘lagan holda ko‘rib, undan buning sababini so‘rashganda, u zot kishilar diniy-huquqiy savollarni bilimi bo‘lmagan shaxslardan so‘rashayotganini ko‘rganligi, bu holat islomda katta xatar paydo bo‘lganligidan darak berishini ta’kidlagan ekanlar.
Demak, chuqur ilm, tajriba va xolislik kabi fazilat bo‘lmay turib, fatvo berishning oqibati xayrli emas. Shunday ekan, ba’zi doira yoki guruhlar tomonidan islomda ulkan masala sifatida qaralgan hukmlarga e’tiborsiz va mas’uliyatsizlik bilan fatvo berishlari o‘zlari va o‘zgalarni ham adashtirishdir. Qanday qilib shaxslarni va butun boshli jamiyatlarni kofirga chiqarib, jamoat oldida ularga ergashishni harom demoqdalar?!
Xulosa qilib aytganda, fatvoning musulmonlar hayotida o‘rni muhimligini hisobga olgan holda ilm va salohiyatsiz fatvo berish yoki uchragan kishidan fatvo so‘rash va unga ergashib ketaverish adashuvga olib boradi. Bu kabi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi ixtiloflarning oldini olish birinchi navbatda islom markazlari va ulamolarning muhim vazifalaridan hisoblanadi.
Alloh taolo barchamizni turli ixtilof va fitnalardan asrab, barchamizni mamlakatimizda ming yillardan beri amal qilib kelinayotgan hanafiy mazhabimizga muvofiq ibodatlarini ado etib, zavqli hayot kechirish baxtiga nasib etsin!