Cavol: Kiyimimni almashtirganimda ichki qismida qon asoratini ko‘rib qoldim. Qarasam badanimda yara paydo bo‘lgan ekan. Ushbu yara qachon chiqqan, qon qachon kiyimimga tekkanini bilmayman. Shunda men necha kunlik namozlarimni qayta o‘qishim kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Kiyimga qon qachon tekkanini bilmagan kishi avvalgi namozlarini qayta o‘qimaydi. Chunki najosat tekkani kiyim egasi yoki boshqa kishiga aniq ko‘rinmagunicha bu kiyim pok hukmida bo‘ladi. Shuning uchun najosat tekkani bilingan vaqtdan nopok bo‘ldi, deb hisoblanadi ("Majrol-anhur a’la Multaqol-abhur" kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Alloma Muhammad Avvoma hafizahulloh:
"Haqiqiy oqillar muxoliflari bilan bog‘lab turuvchi rishtalarga qaraydilar:
Birinchisi: Odamgarchilik,
Ikkinchisi: Islom,
Uchinchisi: Ilm rishtasi".
Bu hikmatda, aqlli va ixlosli insonlar hatto o‘zlariga qarshi fikrda bo‘lgan odamlar bilan ham umumiy bog‘liqliklarni ko‘radilar. Ular odamiylik jihatidan baribir bir inson ekanligini, agar musulmon bo‘lsa, Islom birodarligi birlashtirishini va ilm rishtasi bilan ham bog‘lanishini anglaydilar. Bu esa ixtiloflar chekinib, hurmat, bag‘rikenglik va ijobiy munosabatlar uchun asos bo‘ladi.