Rivoyat qilinishicha, Hasan Basriy rahimahullohning qo‘llarida Abbos degan bir yigit tavba qilgan ekan. U yigit avvallari juda ko‘p gunoh qilgan bo‘lgan, so‘ng tavba qilgan, lekin shu holda yetmish marta tavbasini buzgan. Oxir-oqibat umrining so‘nggi daqiqalari yaqinlashganda, o‘limi ko‘ziga ko‘ringan paytda onasini chaqirib shunday dedi:
— Ona, Hasan Basriy hazratlarini chaqiring, men u zotning huzurlarida tavbamni yangilamoqchiman, shoyadki Alloh taolo tavbamni qabul qilsa.
Onasi shoshilib Hasan Basriyning huzuriga borib, salom berdi va:
— Men Abbosning onasiman, o‘g‘limning o‘lim payti yetdi va u sizni so‘rayapti, tavbasini yangilamoqchi, dedi. Hasan Basriy rahimahulloh bunga javoban:
— Bor, menga tavba qilib, uni qayta-qayta buzadigan odamning keragi yo‘q, dedi.
Ayol yig‘lagan holda uyiga qaytib keldi va o‘g‘liga:
— Ey, o‘g‘lim! Shayx sening yomon qilmishlaring tufayli kelishdan bosh tortdi, dedi.
Shunda Abbos osmonga boqib:
— Yo Robbim, Parvardigorim, shayx mendan yuz o‘girdi, ammo Sen mendan yuz o‘girma, umidimni so‘ndirma, deb duo qildi.
Shundan so‘ng yigit onasiga qarab:
— Ey, onajon! Agar vafot etsam, oyog‘ingizni yuzimga qo‘ying, keyin bo‘ynimga arqan bog‘lab, bozorda sudrab yuring va ovozingiz boricha “Bu — Allohga osiy bo‘lganning jazosidir” deb baqirib yuring. Shoyad, mening holimni ko‘rib, Alloh O‘z fazli va rahmati bilan meni afv etsa, dedi.
Onasi uni o‘zi aytganidek o‘g‘lining yuziga oyog‘ini qo‘ymoqchi edi, hotifdan bir ovoz eshitildi:
— Oyog‘ingni sajda qiladigan joyga qo‘yma. Shuni bilginki, Alloh taolo uni afv etdi va do‘zaxdan ozod qildi.
Shundan so‘ng onasi uni dafn qildi va uyiga qaytdi. Shu kecha Hasan Basriy tushida bir ovozni eshitdi:
— Ey Hasan! Nima uchun bandamni Mening rahmatimdan umidsiz qilib qo‘yding? Axir uni Men yaratganmanku va Mening rahmatim har narsani qamrab oladi. Qasamki, agar yana shunday qilsang, seni solihlar daftaridan o‘chiraman!
Bu qissa Allohning rahmati va fazlining ulkan ekanini, hamda tavba qilishda inson hech qachon umidsiz bo‘lmasligi kerakligini yorqin tarzda bayon qiladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Munosabat
Avvalo, barcha yurtdoshlarimizni xursandchilik ayyomi – Qurbon hayiti bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!
Mamlakatimizda Qurbon hayiti nafaqat diniy, balki umummilliy bayram sifatida ham keng nishonlanadi. Zero, ushbu kunda yurtdoshlarimiz bir-birini hayit bilan samimiy tabriklab, o‘zaro sovg‘alar ulashadi, millati, tili va dinidan qat’i nazar, yolg‘iz keksalar, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinib, xayriya ishlari amalga oshiriladi.
Shu ma’noda, ushbu qutlug‘ bayram insonparvarlik va bag‘rikenglik ramzi bo‘lish bilan birga, insonlar o‘rtasida o‘zaro mehr-muhabbat va hamjihatlik kabi fazilatlarni ham o‘zida mujassam etadi.
Yurtimizda hayit bayramini munosib kutib olish va o‘tkazish, shuningdek, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, xalqimizning ko‘p asrlik an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun barcha zarur tayyorgarliklar ko‘riladi, mamlakatimizning barcha hududlarida tom ma’noda bayram shukuhi hukm suradi.
Kezi kelganda yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya asosida barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham katta islohotlar amalga oshirilayotgani, normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirilib, soha faoliyati samaradorligi yangi bosqichga chiqarilayotganini alohida qayd etish lozim.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oxirgi yillarda yurtimizning har bir go‘shasidagi ulkan bunyodkorlik ishlari izchil davom ettirilmoqda. Xususan, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi binosi qurilishi yakuniga yetib bormoqda, Samarqandda Imom Buxoriy majmuasi qad rostlamoqda.
Yaqinda Prezidentimiz ushbu majmuaga tashrif buyurib, u yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, zarur ko‘rsatmalar berdi. Zero, bu davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘ra bilishi, ulug‘ ajdodlarga yuksak ehtiromining yorqin ifodasidir.
E’tiborga sazovor jihatlardan yana biri shuki, Prezidentimiz qo‘ng‘iroq qilib, hojilarimiz uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi. Bundan hojilarimiz behad mamnun bo‘ldi, e’tibor va ehtiromdan xursand bo‘lgan ziyoratchilarimiz ko‘zlarida yosh bilan duo qildilar.
Arafot maydonida, duolar mustajob bo‘ladigan ayni onlarda Prezidentimizning Qurbon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigini katta hayajon bilan eshitdik. Yaratgandan yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik so‘rab, duolar qildik.
Ayniqsa, tabrikda hojilarimiz alohida eslab o‘tilgani ziyoratchilarimizni cheksiz quvontirdi.
Barcha yurtdoshlarimiz qatori hojilarimiz ham ushbu tabrikdagi olijanob g‘oya va tashabbuslarga befarq emasligini izhor qildi.
Tabrikdagi “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” degan olijanob g‘oya barcha jabhalardagi islohotlarning asosi ekanini alohida e’tirof etish va hojilarimizning tashabbuslari ham ushbu g‘oyaga hamohang ekanini qayd etish lozim.
Bu Arafot maydonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hojilarimizning murojaatida ham o‘z aksini topdi. Jumladan, mazkur murojaatda hojilarimiz yurtga qaytgach, “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” degan ezgu tashabbusni bir ovozdan ilgari surib, Uchinchi Renessans yaratuvchilarini tarbiyalashda Prezidentimizga ko‘makchi bo‘lamiz, deb va’da berdi.
Shuningdek, Vatanimiz taraqqiyotiga xolis xizmat qilish, mahallalarda tinchlik va birdamlikni mustahkamlash, tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetish, xalqimizni ma’nan yuksaltirish, jamiyatdagi islohotlarga daxldorlik hissini oshirish kabilarni targ‘ib etish borasida faol bo‘lishni aytib o‘tdi.
O‘z navbatida, hojilarimiz kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish, to‘ylar, oilaviy tadbirlar va marosimlarda me’yorga amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish, mahallalardagi notinch oilalar, shu jumladan, tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, hududlardagi maktablarning ta’mirga muhtoj qismini joriy ta’mirlash ishlariga ko‘maklashish, xayriya, mehr-muruvvat va yordam ko‘rsatish ishlarini ko‘paytirish kabi tashabbuslarni qat’iy amalga oshirishga ahd qildi.
Aziz yurtdoshlar! Shubhasiz, ushbu shukuhli kunlar tom ma’noda barchamiz uchun katta bayram, xursandchilik onlaridir. Mo‘tabar manbalarda saodatli damlarni shodu xurramlik bilan o‘tkazish bo‘yicha ko‘p tavsiyalar kelgan. Ulamolarimiz: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridan”, deyishadi. Demak, Qurbon hayiti kunlarida quvonchimizni, saxovatimizni har qachongidan ko‘ra ko‘proq namoyon qilishimiz lozim. Ayniqsa, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga yordam ko‘rsatishga shoshilishimiz lozim.
Ushbu fazilatli kunlarda muborak manzillarda turib, ona Vatanimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga yanada farovon hayot, farzandlarimizga baxtu saodat so‘rab, duolar qilmoqdamiz!
Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy