1. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, eng afzal amalni ado etgan bo‘ladi. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz alayhissalomdan “Eng afzal amal qaysi?” deb so‘raganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘z vaqtida o‘qilgan namoz”, deganlar.
2. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, shayton qulog‘iga bavl qilmaydi. Payg‘ambarimiz alayhissalomga tong otganda uxlab yotib, namozga turmagan bir kishi haqida aytishganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uning qulog‘iga shayton bavl qilibdi”, deganlar.
3. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, o‘sha kungi rizqiga baraka kiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohim! Ummatimning erta tongdagi ishlarini barakotli qilgin”, deb duo qilardilar.
4. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, Allohning zimmasida bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bomdod namozini o‘qisa, Allohning ahdi va omonida (zimmasida)dir. Alloh sizlarni hargiz ahdini zoye qilgan holda topmasin”, dedilar.
5. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, jannatga kiradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bomdod va asr namozlarini ado etsa, jannatga kiradi”, deganlar.
6. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, munofiqlikdan uzoq bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Munofiqlarga eng og‘ir namoz xufton va bomdod namozlaridir”, deganlar.
7. Kim bomdod namozini o‘z vaqtida o‘qisa, bu dunyo va undagi narsalardan eng yaxshisi ega bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bomdodning ikki rakati dunyo va undagi narsalardan yaxshidir”, dedilar.
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhning ilm va fazllari mashhur bo‘layotgan va shuhrat qozonayotgan edi. U kishi o‘zlarining voqealarini quyidagicha so‘zlab beradilar: «Men «Siyratun-Nabiy sollallohu alayhi vasallam» kitobini olti jild qilib tamomladim. «Muhtaram Zotning siyratlaridagi biror jilva yoki ko‘rinish mening hayotimda ham bo‘lganmi yoki yo‘q? Agar bo‘lmagan bo‘lsa, u holda qanday bo‘ladi?» degan o‘y qayta-qayta qalbimda tinchlik bermas edi. Shu maqsad uchun Allohning biror valiysini qidirdim.
Thana Bhavandagi xonaqohda yashaydigan va Alloh taolo fayzlarini taratib qo‘ygan Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy hazratlari haqida eshitgan edim. Shunday qilib, bir kuni Thana Bhavanga borishni niyat qildim va safarga chiqdim. Borib, hazrat bilan ko‘rishdim va bir necha kun u yerda turdim. Ortga qaytayotganimda hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhga: «Hazrat! Biror nasihat qiling», dedim. U zotning xayollariga o‘sha payt: «Shunday katta allomaga nima nasihat qilaman? Ilm va fazli butun dunyoga mashhur bo‘lsa», degan o‘y kelibdi. Keyin: «Ey Alloh! Qalbimga uning uchun ham foydali bo‘lgan va mening uchun ham foydali bo‘lgan narsani sol», deb duo qilibdi. Shundan keyin hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhga xitob qilib: «Ey birodar! Bizning yo‘limizda boshidan oxirigacha o‘zingizni xokisor tutishingiz kerak», debdilar.
Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh aytadilar: «Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh bu so‘zlarni aytayotganlarida qo‘llarini ko‘ksilariga olib borib, past tarafiga bir zarba berdilar, zarba xuddi mening qalbimga tushgandek bo‘ldi».
Hazratimiz Doktor Abdulhay rahmatullohi alayh aytadilar: «Bu voqeadan keyin Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh o‘zlarini shunday xokisor tutdilarki, uning misli topilishi qiyin edi. Bir kuni qarasam, xonaqohning tashqarisida hazrat Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh majlisga kelganlarning oyoq kiyimlarini tartiblayotgan ekanlar. Shunday tavoze’ va muhabbatni Alloh taolo u kishining qalbida paydo qildi va keyin yuksak darajalarga ko‘tarib qo‘ydi».
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan