Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.
Shukuh
Mamlakatimizda muborak Qurbon hayitini ko‘tarinki kayfiyatda nishonlash yaxshi an’anaga aylangan. Bayram kunlari yurtimizda mehr-oqibat, insonparvarlik, shukronalik, saxovat va bag‘rikenglik kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar yanada yorqin namoyon bo‘ladi.
Ushbu muborak ayyomda qarindosh-urug‘lar, yaqinlar, yolg‘iz keksalar holidan xabar olinadi, ko‘makka muhtoj insonlarga yordam beriladi, qisqacha aytganda, jamiyatda birdamlik va ahillik muhiti yana ham mustahkamlanadi.
Kezi kelganda, bugun mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga chiqqanini, barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham ko‘plab islohotlar amalga oshirilayotganini, yutuqlarga erishilayotganini alohida qayd etish lozim.
Yangi O‘zbekistondagi bu muvaffaqiyatlar zamirida fuqarolarning vijdon erkinligi huquqlarini ta’minlash borasidagi yangilik va yengilliklarni alohida qayd etish, xususan, ikki muhim hujjatni eslab o‘tish lozim.
Birinchisi — “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonun, ikkinchisi — Prezidentimizning “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni. Ushbu ikki muhim hujjat tom ma’noda diniy-ma’rifiy soha samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishning mustahkam huquqiy asosi bo‘ldi.
Farmonga asosan, ko‘hna Buxoroda Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Bu xalqimiz, xususan, diniy-ma’rifiy soha vakillari uchun katta xushxabardir. Ushbu markaz tom ma’noda buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish kabi asosiy vazifalarni bajaradi. Naqshbandiylik ta’limotining ezgu g‘oyalarini tadqiq etish uchun ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan anjuman, konferensiya, ko‘rgazma, seminar-trening, tanlovlar hamda boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etadi. Tasavvuf ta’limotining ilmiy asoslangan g‘oyalarini targ‘ib qiladi va soxta tariqatchilikning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi.
Sirasini aytganda, ushbu markaz ham Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi singari uchinchi Renessansni qaror toptirish yo‘lidagi yana bir mustahkam ilm va aql markazi bo‘ladi, albatta.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston Prezidentining Qurbon hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigida ta’kidlanganidek, buyuk tariximiz va madaniyatimiz durdonalarini, mashhur allomalarimizning boy merosini to‘plash va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ko‘hna Sharq mo‘jizasi — Samarqand shahri 2025 yilda Islom madaniyati poytaxti, deb e’lon qilindi, ulug‘ vatandoshimiz Imom Moturidiyning 1155 yillik tavallud sanasi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.
Poytaxtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy-ma’naviy yo‘nalishdagi ulkan va noyob loyiha sifatida el-yurtimiz hamda xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu muazzam maskan ko‘p ming yillik qadimiy tariximiz, boy va betakror milliy madaniyatimizning yorqin timsoli sifatida yangi O‘zbekiston hayotidagi g‘oyat muhim voqeaga aylanajak, albatta.
Shukrki, maqtansak arziydigan bu kabi xushxabar va yangiliklar bisyor. Ayniqsa, ayni hayit kunlarida bu yurtdoshlarimiz kayfiyatini yanada ko‘tarishi, bayramga o‘zgacha shukuh qo‘shishi muqarrar.
Kezi kelganda aytish joizki, muborak Qurbon hayitining ahamiyati yangi O‘zbekistonda ijtimoiy davlat barpo etish jarayonlari hal qiluvchi bosqichga kirayotgan bugungi sharoitda tobora ortib bormoqda. Bu muborak kunda yaqinlar bilan ko‘rishish, uzoqlashgan do‘stlar bilan yarashish, qarindosh-urug‘larga ziyoratga borish — barchasi mehr-oqibat va insonlar o‘rtasidagi uzviy aloqalarni mustahkamlaydi.
Hayit faqat bayramgina emas, balki ming yillar davomida shakllangan qadriyatlarimiz tarannumi hisoblanadi. Odatda ushbu ayyomda hamma bir-birini bayram bilan samimiy muborakbod etadi, qurbonliklar qilinadi. Qurbonlik go‘shtidan va taomidan ehtiyojmand, kam ta’minlangan insonlar, turli millat va din vakillariga ulashiladi. Bu, o‘z navbatida, saxiylik, shukronalik, jamiyatdagi tenglikni ta’minlashga qaratilgan ulkan ibrat hamda muhtojlar, yetim-yesirlar va e’tiborga muhtoj insonlar haqida qayg‘urishning amaliy ifodasi, qolaversa, o‘zaro mehr-oqibat rishtalarining yanada mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi.
Hayit ayyomingiz muborak bo‘lsin!
Homidjon ISHMATBЕKOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari.