Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Inson yaralibdiki, xursandchilik bilan birga g‘am-tashvish, qayg‘u-alamlar ila yashaydi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, “g‘am-tashvish”, “qayg‘urish” kabi tushunchalar ikki xil bo‘ladi:
1. Tabiiy.
2. Orttirilgan.
Birinchisi haqida so‘z borganda, uni “sog‘lom tashvishlanish”, deb atashimiz mumkin. Boshqacha qilib aytganda, busiz hayotni tasavvur qilish qiyin. Tashvishlanishning bu turi topilmaydigan kishilar hissizlik ketidan kasal bo‘lib qolishlari turgan gap.
Albatta, hayot tashvishlari benihoya – ishdagi muammolar, uydagi g‘am-tashvishlar, ota-onaga g‘amxo‘rlik, farzand tarbiyasi, olingan qarzlarni to‘lash, oilaviy kelishmovchiliklar, imtihonlar, kimdirlar bilan uchrashish... Bularning barchasi odamni tashvishlanish, bezovta bo‘lish va qayg‘urishga undaydi. Bunday ruhiy holatlar ishtahamizni bo‘g‘ib, asabimizni buzadi, uyqimiz qochadi, bir so‘z bilan aytganda, hayotning achchiq-chuchuklarini totib, o‘nqir-cho‘nqirlariga duch kelamiz. Vaqt o‘tishi bilan bu muammolar o‘z yechimini topadi, biz ham voqelikka rozi bo‘lamiz, ko‘nikamiz, tashvishlar ariydi, stresslardan xalos bo‘lib, xotirjamlikka erishamiz. Oradan biroz muddat o‘tib yana yangi muammolarga duch kelamiz, xullas, hayot shu tarzda davom etaveradi.
Deyl Karnegi aytadi: “Men o‘ttiz yetti yildan ko‘proq vaqt Nyu-Yorkda yashadim. Menda “bezovtalik” degan kasallik borligidan ogohlantirib qo‘yish uchun biror kishi eshigimni taqillatib kelgani yo‘q. Suvchechak kabi kasallik keltirib chiqaradigan asoratlardan bir necha ming barobar ko‘p zararlar ko‘rishimning asosiy sababi, ushbu bezovtalik kasalligi bo‘ldi. Ha, ha, rost! Hech bir kishi eshigimni qoqib, amerikaliklarning har o‘ninchisi xavotir, ortiqcha tashvishga sabab bo‘luvchi asab buzilishiga chalinganini aytib, ogohlantirgani yo‘q”.
Karnegi so‘zida davom etadi: “Kishi butun dunyo mulkini qo‘lga kiritgan taqdirda ham, faqatgina bitta yotoqda yota oladi, xolos. Kunda uch mahaldan ortiq ovqatni oshqozoni sig‘dira olmaydi. Shunday ekan, bu odam bilan yer ag‘darib yurgan dehqon orasida qanday farq bor? Aksincha, dehqon chuqurroq uyquga ketsa kerak, to‘g‘rimi? Bu kabi badavlat kishidan ko‘ra dehqon yeyayotgan taomidan ko‘proq lazzat ola biladi, uning ta’mini yaxshiroq his qiladi, shunday emasmi?!”,
Barselonalik mashhur doktor Marko Alvares o‘z tajribalari bilan bo‘lishib, bunday deydi: “Ma’lum bo‘lishicha, har beshta bemorimdan to‘rttasining kasalligi birorta a’zo ta’sirida emas, aksincha, qo‘rquv, bezovtalanish, tashvishlanish, asabiylashish hamda kishi o‘zi va hayoti o‘rtasidagi munosabat hamda muvozanatni yo‘qotganligidan bo‘ladi”.
Shoir Mansur bir she’rida bunday deydi:
Xohla boy bo‘l, xoh faqirlikni et iroda,
Hech iloj yo‘q g‘am bo‘lar albat bu dunyoda.
Har gal oshib borsa atrofingda ne’mating,
Qarshisida ortib borar g‘am ustiga ham g‘aming.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.