Cavol: Sajdai sahv qilish uchun salom berishda bir tomonga salom beriladimi yoki ikki tomongami?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Har ikkisi ham to‘g‘ri. Ya’ni namozxon sajdai sahv qilishda bir tomonga salom bersa ham, ikki tomonga salom bersa ham to‘g‘ri ish qilgan bo‘ladi. Chunki fuqaholarimiz har ikki holatni sahih — to‘g‘ri deb fatvo berishgan. Ayrim fuqaholar yolg‘iz namoz o‘qiyotgan kishi – ikki tomonga salom berishi, imom esa – bir tomonga salom berishi yaxshidir, deganlar. Chunki imom ikki tomonga salom bersa, ergashuvchilarning ba’zisi namoz tugallandi deb o‘ylab namozga zid hatti-harakat sodir etishi mumkin, deyishgan (“Durarul hukkam” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
#xabar #haj2025
Bugun, 12 iyun kuni erta tongda yurtimiz hojilarining ilk guruhlari yurtimizga yo‘l olishdi.
Aytib o‘tish joiz, bu yilgi haj mavsumi har qachongidan ham fayzli, shukuhli o‘tdi. Haj arkonlarini bajarish uchun yurtimiz mo‘min-musulmonlariga Madinai munavvara, Makkai mukarramada yaratilgan shart-sharoitlarga ko‘plab musulmonlarning havasi kelganiga barcha guvoh bo‘ldi.
Ayniqsa, mehmonxonalar, Mino, Arafot vodiylaridagi qulaylik va imkoniyatlar, tibbiy va transport xizmatlari barchani mamnun etdi.
Endilikda ibodatlarni huzurlanib ado etgan, yuz-ko‘zlari porlagan, peshonalaridan nur balqigan hojilarimizning dastlabki guruhi diyorimizga qaytishmoqda.
Alloh taolo hojilarimizning hajlarini qabul aylasin. Farzandu anjumandlari bag‘riga eson-omon yetib olishsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati