Doktor Mustafo Mahmud aytadilar:
"Bir kuni bir ona menga shikoyat qilib bunday dedi:
— O‘g‘limning xotiniga bo‘lgan muhabbati menga bo‘lgan muhabbatidan kuchliroq.
Men undan so‘radim:
— Pomidor yaxshimi yoki apelsin?
U ajablangancha menga qarab:
— Bunday solishtirish noto‘g‘ri, chunki pomidor sabzavot, apelsin esa mevalardan, — dedi.
Men unga shunday javob berdim:
— Muhabbat ham huddi shunday, uning ham turlari ko‘p va bir turini boshqa biri bilan solishtirish to‘g‘ri emas.
Ona mendan tushuntirishimni so‘radi.
Men davom etdim:
— Siz — onasiz, siz o‘g‘lingiz uchun yerdagi jannatsiz, o‘g‘lingiz esa qalbingizning bir bo‘lagi. Uning sizga bo‘lgan muhabbati ibodatdir. Xotini esa uning jufti, Alloh uni unga baxt uchun yaratgan, uning xotiniga bo‘lgan muhabbati esa, saodatdir.
Shuning uchun o‘g‘lingizga ibodatda yordamchi bo‘ling va uning baxti uchun ayoliga bo‘lgan muhabbatini qo‘llang. Uning sizga bo‘lgan muhabbatini boshqa muhabbat bilan solishtirib, uning qadrini tushirmang. O‘g‘lingizni erkin qo‘ying, shunda uning qalbi sizni o‘z ixtiyori bilan qayta topadi va jannatni siz orqali izlaydi.
Shunda ona boshini silkitib gapimni tasdiqladi va yuzini rozilik nurli yoritdi. U ketar ekan, takrorlar edi:
— Uning menga bo‘lgan muhabbati ibodat, xotiniga bo‘lgan muhabbati esa saodat. Men unga ibodatini mukammal qilishida yordam berishim va xotini bilan baxtli bo‘lishiga qo‘yib berishim kerak.
Azizim ona...
Bu suhbatimizni xotirangizda saqlang. O‘g‘lingiz turmush qurganida shu so‘zlarni eslang va uning xotini bilan baxtli yashashiga qo‘yib bering. Uning sizga bo‘lgan muhabbati va itoati ila ibodati mukammal bo‘lishiga yordamchi bo‘ling. Bu gaplarni hecham unutmang: "Agar sizga itoat qilishini istasangiz, unga toqati yetadigan ishni buyuring".
Onaga bo‘lgan muhabbat — ibodat,
Xotinga bo‘lgan muhabbat — saodat.
Har ikki muhabbat ham qalbdan chiqadi, ammo turli xil va ularni bir-biri bilan solishtirib bo‘lmaydi.
Shunday ekan, ibodatingizni go‘zal ado eting va baxtli bo‘ling".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
“Ey insonlar! Allohga va Uning Payg‘ambari Muhammad alayhissalomga iymon keltiringlar hamda U Zot Sizlarni xalifa qilib qo‘ygan narsalardan, ya’ni vaqtincha qo‘llaringizda turgan, erta bir kun sizlar istasangiz-istamasangiz o‘zgalarni qo‘llariga o‘tib ketadigan Alloh bergan mol-davlatdan infoq-ehson qilinglar! Bas, sizlardan iymon keltirgan va infoq-ehson qilgan zotlar uchun katta ajr-mukofot bordir!” (Hadid surasi, 7-oyat).
Xalifa deb tarjima qilingan so‘z Qur’onda “mustaxlafiyna” deb keladi. Bu so‘z lug‘atda o‘zini o‘rniga biror kishini o‘rinbosar qilmoq ma’nosida – egasini o‘rniga bir ishni bajaradigan kishiga ishlatiladi. Masalan: Mol-mulk, siz unda mustaxlafsiz, ya’ni u sizni qo‘lingizda omonat, haqiqiy egasi siz emassiz, omonatdor qo‘lsiz xolos! Uni sizga Alloh ko‘rsatgan o‘ringa ishlatishingiz uchungina berilgan!
Bir to‘da tuyasi bor a’robiydan so‘rashdi, bu tuyalar kimniki? A’robiy go‘zal javob berdi: Mening qo‘limda turgan, Allohning mulki! Meni qo‘limda turgan, Allohning mulki! Ya’ni, bu Allohniki! Men uni tasarruf qilishga mas’ulman xolos.
“Mustaxlaf” so‘zini yana ham kengroq tushunsak, mol-mulkda siz mustaxlafsiz. Sihat-salomatlik! Siz unda mustaxlafsiz! Uni o‘zini o‘rnida ishlatishingiz lozim bo‘ladi. Jamiyatda har bir kishini o‘z vazifasi, o‘rni bor. Sizni ham o‘z o‘rningiz, vazifangiz bor. Nochorga yordam berish, kuchsizni himoya qilish ham jamiyat a’zolarini vazifalaridan biri hisoblanadi. Alloh sizga ilm bergan. Siz unda mustaxlafsiz! O‘zini o‘rnida ishlatishga, yaxshi-yomonni eslatishga, halol-haromni bildirishga mas’ulsiz! Allohni oldida javobgarsiz!
Alloh aytadi: “Men yerda Odamni xalifa qilmoqchiman” (Baqara surasi, 30-oyat).
Inson-Alloh uni qo‘liga mol-mulk berib, uni omonatdor qo‘l qilgan Allohni yerdagi xalifasi. Mol-mulk bizniki emas. Aslida bizniki bo‘lmagan narsa qandoq qilib bizniki bo‘lsin. Ya’ni, meni qo‘limdagi mulk meniki emas, uni qo‘lidagi mulk uniki emas, sizni qo‘lingizdagi mulk ham sizniki emas. Biz uni haqiqiy egasi emasmiz. Biz tanovul qilsak tugatamiz, kiysak eskirtamiz va ammo, sadaqa qilganimiznigina o‘zimizga olib qolamiz!
Bir odam Payg‘ambarimiz alayhissalomga bir qo‘yni hammasini tarqatdim faqatgina qo‘li qoldi xolos dedi. Shunda Rasululloh alayhissalom: Yo‘q unday emas, qo‘lidan boshqa hammasini olib qolibsan, dedilar. Ya’ni, sadaqa qilganing oxiratga zaxira bo‘lib o‘zingda qoladi. Olib qolganing tugab tamom bo‘ladi.
Ey birodarim! "Mustaxlaf" so‘zi juda keng ma’noda tushuniladi. Masalan seni moshinang bor, sen unda mustaxlafsan.
Haqiqatda yordamga muhtojlarni hojatlariga uni ishlatsang uni haqqini ado etgan bo‘lasan. Gunoh, ko‘ngilxushi uchun yoki shunchaki aylanib kelish uchun emas, haqiqatda shunga ehtiyoji bor, chorasiz turgan odamga yordam berishga mas’ulsan! Inson unga berilgan har bir nasibada, iqtidorda, ilmda, hunarda, shijoatda, kuch-quvvatda, g‘ayratda barcha barchasida mustaxlafdir. Mol-mulk ne’mat hisoblanmaydi. Uni qay o‘ringa ishlatilishiga qarab turadi.
Agar Alloh rozi bo‘ladigan-toatga, muhtoj-u nochorlarga xayr-saxovatga, o‘zi mas’ul bo‘lganlarni nafaqalariga ishlatilsagina ne’mat hisoblanadi. Unday bo‘lmasa-gunohu ma’siyatga, kayfu-safoga, foydasiz o‘rinlarga ishlatilsa-balo bo‘ladi, ofat bo‘ladi!
Muhammad Rotib Nobulusiy suhbatlaridan
“Qur’on ilmlari” kafedrasi o‘qituvchisi Adham YUSUPOV tarjimasi.