Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyun, 2025   |   18 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
14 Iyun, 2025, 18 Zulhijja, 1446

O‘zga din vakillari bilan muomala

22.01.2025   5694   6 min.
O‘zga din vakillari bilan muomala

Insoniyatga go‘zal axloqni o‘rgatib, ularni komil inson bo‘lib yetishishlarida yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatishlari uchun Payg‘ambarlarni yo‘lchi yulduz qilib yuborgan Alloh taologa beadad hamdu sano va shukronalar bo‘lsin.

Go‘zal xulqlarni kamolga yetkazish uchun yuborilgan va o‘zining hayotida barchaga eng oliy namuna bo‘lgan hazrati Payg‘ambarimizga beadad durudu salavotlar va salomlar bo‘lsin.

Yurtimizda erkin va farovon hayot, kuchli huquqiy-demokratik davlat, adolatli fuqarolik jamiyati qurish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu ezgu maqsad zamirida inson va uning manfaatlari mujassam bo‘lib, uning samaradorligi xalqimiz ma’naviy-ruhiy va ma’rifiy qarashlaridagi yangila­nish, jamiyatimiz ongu tafakkuridagi yuksalish bilan uzviy bog‘liq.

Bag‘rikenglik mavzusida  fikr yuritgan ulamolar ham Qur’oni karim va hadisi shariflar asosida uning o‘ziga xos usullarini ishlab chiqdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam, sahobalar, tobeinlar tomonidan asos solib boyitilgan bag‘rikenglik borasidagi qarashlar  musulmonlarning boshqa din vakillari bilan ahil-inoq bo‘lib yashashlarida o‘ziga xos iz qoldirgan. Ota-bobolarimiz ham bu masalaga jiddiy e’tibor qaratishgan.

Jahonda globalashuv jarayoni davom etayotgan bir paytda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik  muhim tushuncha sanalib, insoniyat tarixida yuz bergan ko‘plab aholining osoyishtaligiga rahna soluvchi dunyo miqyosidagi urushlarning, agressiv siyosatlarning, irqchilik va segregatsiya(odamlarni majburiy tarzda irqiy, etnik va boshqa guruhlarga ajratish) kabi razil odatlarning barham topishida, xalqlar, davlatlar, jamiyatlar va millatlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarning shakllanishi va rivojlanishida asosiy hamda samarali yo‘ldir.

Islom tarixida musulmonlarning boshqa din vakillari bilan o‘rnatgan munosabatlarini o‘rganish, uning ijtimoiy-siyosiy manbalari va rivojlanishining asosiy yo‘nalishlari masalasi o‘z dolzarbligini saqlab qolmoqda.

O‘zbekistonning strategik taraqqiyotida “Dinga hurmat va e’tiqod – o‘lmas qadriyat” sifatida belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, ikki tushuncha muhim o‘rin tutadi:

"Biz o‘z muqaddas dinimiz va e’tiqodimizdan hech qachon voz kechmaymiz".

 "Muqaddas dinimiz sha’niga dog‘ tushurmoqchi bo‘lgan, undan g‘arazli siyosiy maqsadlarda foydalanishni istaydigan kimsalar va kuchlar bilan hech qachon murosa qilmaymiz".

Bu ikki muhim omil jamiyatimizda diniy bag‘rikenglik tuyg‘usini shakllantirishda asosiy rol uynaydi. Chunki xalqimizning aksar qismi islom diniga e’tiqod qiladi. Qolaversa, xalqimizning milliy qadriyatlari va urf-odatlari islom dini bilan bog‘liqdir. Hamda boshqa din e’tiqodchilari bilan diniy bag‘rikenglik munosabatida bo‘lish biz o‘ylagan ezgu maqsadlarga erishishni osonlashtiradi.

Islom nuqtai-nazaridan boshqa din vakillari ikki toifaga bo‘linadi: 

1. Butparaslar, majusiylar, dahriylar  va sobiyilar (yulduzlarga sig‘inuvchilar)

2. Alloh tarafidan tushirilgan samoviy kitoblarga e’tiqod qiluvchi yahudiylar, nasroniylar; musulmonlarga qarshi urush ochmagan barcha xalqlar bilan ularning dinu diyonati, ijtimoiy holati, irqi va nasabi, tanasining rangidan qat’i nazar, doimiy hamkorlik olib borishga, ularga yaxshilik va adolat qilishga targ‘ib bor.

Alloh taolo Mumtahana surasida shunday marhamat qiladi: “Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar” (Mumtahana surasi, 8-oyat).

Alloh taolo bu oyati karimada mo‘min – musulmonlarni boshqa millat va diyonat vakillari bilan, agar ular musulmonlarga diniy adovat ila urush qilmasa va ularni siquvga olib o‘z diyorlaridan chiqarib yuborishga urinmasa, yaxshi aloqada bo‘lishga buyurmoqda va ularga nisbatan adolatli bo‘lishni ta’kidlamoqda.

Ushbu hukm Islom dinining naqadar insonparvar va kengbag‘r din ekanining yorqin dalilidir. Bu din boshqa dindagilarga yaxshilik qilishdan hech kimni man qilmaydi. Islom dinida boshqa din vakillari orasida ayniqsa, ahli kitoblarga muomala qilishga alohida ahamiyat berilgan bo‘lib, Alloh taolo ularning taomlarini yeyishni va ayollariga uylanishni halol  qildi. Moida surasining 5-oyatida Alloh taolo shunday marhamat qiladi: Bugun sizlar uchun pokiza narsalar halol qilindi. Shuningdek, Ahli Kitoblarning taomi sizlar uchun halol va taomingiz ular uchun haloldir. Zinokorlik va maxfiy o‘ynash qilib olish uchun emas, balki mahrlarini bersangiz, mo‘mina ayollarning iffatlilari va sizlardan oldin kitob berilganlarning iffatli ayollari (ham haloldir)...”     

Musulmonlar bilan bir jamiyatda  yashaydigan ahli kitoblar ahli zimma deb atalib ularning islomda o‘ziga yarasha o‘rni bor hamda ularga o‘ziga xos muomala qilinadi.

Islomda musulmonlar bilan bir o‘lkada yashaydigan boshqa din vakillarini “Ahli zimma” yoki “ Zimmiy” nomi bilan ishlatish joriy bo‘lgan. “Zimma” so‘zi ahd, kafillik, omonlik degan ma’nolarni anglatadi. Bunday nomlanishining sababi shundaki ular uchun Alloh va uning rasulining, qolaversa musulmon jamoasining ahdi bo‘lganligi uchundir. Ushbu ahdi tufayli ular islom himoyasida tinch, xotirjam yashashadi. Shuningdek ular musulmonlarning omonligida va kafilligida bo‘ladi. Bu ahd ularga o‘ziga yarasha haq- huquqlar berishi bilan birga o‘ziga xos burch va vazifalarni ham yuklaydi.

Payg‘ambarimizning sollallohu alayhi vasallam ahli kitobdan qo‘shnilari bo‘lgan. Ular bilan yaxshi qo‘shnichilik qilar, hadya berib, ulardan qabul etardilar.

Musulmonlar tomonidan fath etilgan xalqlar islomni qabul qilishga majburlangan, degan soxta da’volar va tasavvurlar g‘arb tadqiqotchilarining o‘zlari tomonidan ham rad qilindi, musulmonlarning adolatli va diniy xayrixohlik bilan munosabatda bo‘lishini hamma tan oldi. Bu to‘g‘rida din tarixchisi L. Braun shunday deydi: "Musulmonlar o‘z davlatlariga qo‘shib olgan xalqlarni qilich bilan islomni qabul qilishga majburlagan, degan da’volar g‘irt to‘qima. Buni isbot talab qilmaydigan dalillar tasdiqlab turibdi. Ularni yangi fathlarga ruhlantirgan dinamik omil bu birdamlik va iymon edi. Bu xuddi sel kabi kengayib borayotgan daryoga o‘xshaydi".

Tarix davomida juda keng hududlarni boshqargan musulmon hukmdorlar boshqa dinlarning vakillariga favqulodda hurmat va bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lganlar. Islom davlatlarida yahudiy dinidagilar ham, nasroniylar ham hamisha to‘la xavfsizlikda, tinch-osoyishtalikda, diniy erkinlikda yashab kelganlar.

Bularning barchasi islom butun olamlarga rahmat o‘laroq kelganidandir. Bunday muruvvat boshqa biror makonda va zamonda ko‘rilgan emas.

 

Asadulloh Qudratulloh,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi

Boshqa maqolalar

Chatgpt dan diniy savollarga javob olish

13.06.2025   3140   2 min.
Chatgpt dan diniy savollarga javob olish

Savol: Chatgpt (sun’iy intellekt) orqali diniy savollarimizga javob olsak bo‘ladimi, shu javoblarga  amal qilsak bo‘ladimi? 

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bu joiz emas. To‘g‘ri, Chatgpt platformasi ayrim sohalarda insonlarga foyda bermoqda. Ammo diniy savollarga to‘g‘ri javob berishga ojizlik qiladi. Chunki u ham inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot. Qolaversa, ba’zan savollarga taxminiy javoblar, hatto bu masala falon kitobda bor deb, arabiy iboralar ham berishi mumkin. Lekin u keltirgan iboralar na u aytgan kitobda va na boshqa fiqhiy manbalarda uchramaydi. Shu bois shar’iy masalalarga ahli ilm, mutaxassislarga murojaat qilish orqali yechim topish darkor. Alloh taolo oyati karimada bunday marhamat qilgan:


فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ

“Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat).

Musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, o‘sha sohaning «zikr ahli»dan o‘rganishi lozim bo‘ladi. Shunday ekan, e’tiqod va dinu-diyonatga tegishli narsalarni ham shu sohaning bilimdonlaridan so‘rash talab etiladi. Buyuk tobeiy Ibn Sirin rahimahulloh bunday deganlar:


 ‌إن ‌هذا ‌العلم ‌دين فانظروا عمن تأخذون دينكم. رواه مسلم

“Albatta, bu ilm dindir. Bas, diningizni kimdan olayotganingizga qaranglar” (Imom Muslim rivoyati).
Mazkur iboraning sharhida Mulla Ali Qori rahimahulloh bunday deganlar:
“Bu ilm” so‘zidan murod Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga olib kelgan Qur’oni karim va hadisi sharifdan iborat bo‘lgan ta’limotdir. Uni ishonchli va adolatli zotlardan olmoqdamisiz yoki yo‘q, shunga nazar solinglar, ya’ni qayerdan, kimdan ilm olayotgangizni aniq bilinglar”. (“Mirqotul mafotih” kitobi). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.