Dunyo tamadduni beshigini tebratgan buyuk sharq yuzlab, minglab ulamolarni yetishtirgani hech kimga sir emas. Mazkur ulamolarning ko‘pchiligi Markaziy Osiyoda, xususan Movarounnahr diyorlarida yashab ijod qilgani ham inkor qilib bo‘lmas tarixga aylangan. Ana shunday ulamolardan biri Abul-Yusr Pazdaviydir. Moturidiya ta’limotining yirik namoyondalaridan biri bo‘lgan bu zotning to‘liq ismlari Abul-Yusr Muhammad ibn Muhammad ibn Husayn ibn Abdulkarim Pazdaviy bo‘lib, milodiy 1030 yilda hozirgi Qarshi shahri o‘rnida joylashgan Nasaf hududida dunyoga keladi. Unga berilgan “Pazdaviy” nisbasi esa Nasafdan Buxoroga ketish yo‘lida undan olti farsax masofada joylashgan “Pazda” yoki “Bazda” degan qo‘rg‘on nomidan olingan.
Nasaf X-XI asrlarda hadis, kalom va fiqh ilmlari bo‘yicha O‘rta Osiyoda yirik markazlardan biri sifatida sanoqli shaharlar qatoridan o‘rin olgan. Chunki IX asrdayoq Nasaf va undan uncha uzoq bo‘lmagan Pazdada, shuningdek Kesh vohalarida ham hadis ilmlari, aqida va fanning boshqa sohalariga oid maktablar shakllana boshlagan edi.
U dastlabki saboqni otasi Abul-Hasan Muhammad Pazdaviydan oladi. Shu bilan bir qatorda u bir qancha hanafiy olimlaridan ham tahsil olib Islom asoslarini chuqur o‘rganadi.
Abdulkarim Sam’oniy alloma haqida shunday deydi: “Pazdaviy xalq orasida qozilar peshvosi sifatida tanilgan bo‘lib, Buxoroda bir qancha vaqt hadis imlo qildirgan, fiqh sohasida talabalarga dars bergan zabardast nazariyotchi olim edi”.
Islom asoslarini chuqur o‘rgangan alloma hayoti davomida ko‘pgina kitoblar ta’lif qiladi. Olimning yozgan kitoblari turli sohalarga oid bo‘lib, ular orasida “Usul ad-din” asari muhim ahamiyatga ega. Alloma mazkur asarini to‘qson oltita masala ko‘rinishida bayon qilgan bo‘lib, bularning birinchisida kalom ilmini o‘rganish va o‘rgatish hukmi haqida bahs yuritgan, oxirgi masalada esa moturidiylarga muxolif mazhablarni bayon qilib o‘tgan. Mazkur asar mazmun-mohiyati jihatidan ahli sunna val-jamoa yo‘nalishi va moturidiya maktabi fikrlarining butun mohiyatini ochib berish va Movarounnahrda tarqalgan “Ahluz-zayg‘ val-bida’ – adashganlar va bid’atchilar”ning ta’sirini kamaytirish uchun yozilgan.
Abul-Yusr Pazdaviy Movarounnahrda, ayniqsa Buxoroda hanafiya mazhabi hamda moturidiya kalom maktabining rivojlanishida ulkan xizmat ko‘rsatgan. Binobarin, uning poytaxti hisoblangan Samarqandga ko‘chib kelishi ham, hanafiya ta’limoti rivojlanishining yo‘nalishlarini sezilarli darajada o‘zgartirib yuboradi. Ulamolar orasida katta obro‘ga erishgan Abul-Yusr Pazdaviy Samarqandda “Qoziyul-quzot” unvoniga erishadi. Lekin saljuqiylardan Malikshohning Movarounnahrga qarshi yurishi natijasida allomaning Samarqanddagi muvaffaqiyatli faoliyatlariga yakun yasaladi.
Pazdaviyning eng mashhur shogirdlari sifatida Abul-Muin Nasafiy, Ruknul-aimma Abdulkarim ibn Muhammad Sanoiy, “Aqoid an-Nasafiy” asarining muallifi Abu Hafs Najmiddin Umar Nasafiy, Alouddin Muhammad ibn Ahmad Samarqandiy (Tuhfat al-fuqaho kitobi sohibi) kabi olimlarni sanab o‘tish mumkin.
Abul-Yusr Pazdaviy 69 yoshida Buxoroda vafot etadi.
Abul-Yusr Pazdaviy o‘z davridagi moturidiylik aqida maktabi ta’limotini puxta o‘rgangan va boshqa noto‘g‘ri aqidadagilar bilan ham ilmiy bahs-munozaralar olib borgan. Demak, Alloma Pazdaviyning boy ilmiy merosini xususan “Usul ad-din” asarini moturidiya ta’limotini himoya qiluvchi asar sifatida baholash juda ham o‘rinlidir. Shuningdek, bu asar bugungi kunda paydo bo‘lgan ayrim ekstremistik adashgan oqimlarga qarshi kurashda ham katta ahamiyat kasb etadi.
Asadulloh Qudratulloh,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’oni karimda “ONA” so‘zi ulug‘vor va mo‘tabar narsalarni ifodalash uchun qo‘llaniladi. Shuningdek, Alloh taolo ularga hech kimga nasib qilmagan buyuk maqomni in’om etgan. Bu haqda Alloh taolo Luqmon surasida: “Biz insonga ota-onasi haqida tavsiya qildik: onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan ko‘tardi; uni sutdan ajratish ikki yil ichidadir” degan (14-oyat).
Mufassir Ibn Atiyya rahimahulloh ushbu oyatning tafsirida: “Alloh taolo bu oyatda onaning xizmatini alohida ta’kidlab o‘tgani, onalarning darajasi yuqori ekaniga ishora qiladi”, degan.
O‘z havoi nafslaridan biror so‘z aytmagan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan kimga yaxshilik qilish kerakligi so‘ralganda uch bora “onangga yaxshilik qil” deb javob berganlar.
Onaning vazifasi – farzandni dunyoga keltirish, boqish va uni tarbiyalab voyaga yetkazish bilan cheklanadimi yoki ularning bundanda boshqa muhim hamda kattaroq mas’uliyatlari bormi?
Bu savolga zamonaviy ilm-fan bizga javob beradi...
Keling, savolga javobni ona qornida rivojlanadigan va ona tanasining ajralmas qismi hisoblangan homiladan boshlaylik. Onaning jismoniy holati va uning ovqatlanishi homilaga ta’sir qilganidek, onaning hissiy holati ham ta’sir qiladi.
2013 yilda Granada (Ispaniya) universiteti olimlari 5 yil davomida tadqiqot o‘tkazishdi. 17 ming nafar onalar va 18 ming chaqaloqlar qamrab olgan tadqiqotda sog‘lom ovqatlanish va emizishning farzand salomatligiga ta’sirini kuzatdilar.
Unga ko‘ra, homiladorlik vaqtida onalarning to‘g‘ri ovqatlanishi va diyeta qilishi – farzandning sog‘lom tug‘ilishi va rivojlanishi uchun asosiy omil bo‘lib xizmat qilishi aniqlangan. Tadqiqotda onaning aqliy salohiyatining yuqori bo‘lishi farzandga katta ta’sir etishi isbotlangan.
Shuningdek, onaning ruhiy holati homilaga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilishi kuzatilgan. Ruhiy tushkunlik, depressiya, qayg‘u va tashvish ichki stress, xususan, kortizol gormonini keltirib chiqaradi.
Ona tushkunlikka tushganda kortizol farzand miyasining rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi. Natijada bola miya qismidagi o‘zgarishlar sababli bezovtanaladi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, kortizol gormoni qondagi kislorod miqdoriga, natijada bolaning nafaqat tug‘ma nuqsonlar bilan yoki erta tug‘ilishi, hatto uning butun kelajakdagi hayotiga ta’sir qilishi mumkin.
Stressni boshdan kechirgan homilador ayollardan dunyo kelgan farzandlarda ruhiy kasalliklar, semirish, qand kasalligi, saraton va asab tizimi kasalliklari ehtimoli ham ularda yuqori bo‘lgan.
Xavotirli yeri shuki, bu alomatlar kelgusi avlodga ham o‘tgan. Ha, uning asorati nafaqat farzandlari, balki nabiralarining hayotlariga ta’sir o‘tkazgan.
Onaning bolasiga bo‘lgan g‘amxo‘rligi va mehri farzandning maktabdagi fanlarni yaxshi o‘zlashtirishni, ayniqsa, matematika va chet tillari kabi fanlarni puxta o‘rganish qobiliyatini hamda o‘qish ko‘nikmalarini shakllantiradi.
Shuningdek, olimlarning ta’kidlashicha, bolaga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan eng muhim omillardan biri bu – ona-bola o‘rtasidagi iliq munosabatlar sanaladi. Onaning stress holati esa, farzandning miyasiga jiddiy ta’sir qiladi.
Miyaning tubiga kirib borishga imkon beruvchi so‘nggi texnologiyalar onaning mehr-muhabbati bola miyasining gippokampus deb ataladigan qismiga ta’sir qilishi aniqlangan. U xotira hujayralarining yangilanishi, yodlab qolish qobiliyati va stressga javob berish vazifalarini bajaradi.
Boshqa bir tadqiqotga ko‘ra, gippokampus ko‘rsatkichi onasidan mehr ko‘rganlarda mehr ko‘rmagan bolalarga qaraganda yuqori ekani kuzatilgan.
Ruminiyada yoshligidan stressda, beparvo munosabatda ulg‘aygan bolalar ustida olib borilgan tadqiqot natijalarida ularning miya qismida qora tuynuklar borligi aniqlangan.
Gerhard Suyu o‘zining “Muhabbat qanday ta’sir qiladi?” nomli kitobida “Farzandga qilingan har qanday munosabat uning miya faoliyatiga ta’sir qiladi. Agar farzandga doimiy ravishda qattiqqo‘llik, do‘q-po‘pisa qilinsa, u asabiy, qo‘rqoq, o‘z fikrini erkin bayon eta olmaydigan bo‘lib voyaga yetadi”.
AQSHda 3 mingga yaqin shaxslar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada, ona va bola o‘rtasida sog‘lom hissiy munosabatlar mavjud bo‘lsa, ularning jismoniy va ruhiy salomatligiga ijobiy ta’siri 74 yil davom etishi mumkinligini aniqlangan.
Demak, farzandning nafaqat sog‘lom, balki salohiyatli bo‘lishida ham Onalarning o‘rni va mas’uliyati shunchalik yuqori ekan.
Davron NURMUHAMMAD