Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qadrdonim, tasavvur qiling, siz qiyomat kunidasiz. Gunohlaringiz bilan savoblaringiz pallasi teng kelib qoldi, endi siz do‘zaxdan qutulish payida bitta hasanani izlash kerakligini tushunib turibsiz... O‘sha yaxshilikni qo‘lga kiritish uchun bor-budingizni sarflashga ham tayyorsiz. Shu zayl o‘sha uzun kun yo‘lida nima qilishni bilmay qolasiz. O‘sha kunning miqdori ellik ming yil. Yana u kun quyosh odamlarning boshiga yaqin kelib qoladigan, tafti esa bir necha barobar kuchaytiriladigan hisob kunidir. Siz ana shu vaqtda milliardlab ust-boshsiz odamlar bilan birga joningiz chiqquday xavfu xatar va ashaddiy qiyinchiliklar girdobida qolgansiz.
Mana shu dahshat ummonidagi odamlar orasidan sizning savob pallangizni tosh bostiradigan bir amalni so‘ragani mehribon otangizni qidirib yuribsiz. Holbuki hamma o‘zi bilan o‘zi ovora, jonini saqlab qolish ilinjida turibdi, hamma ham siz qidirayotgan narsani qidirayapti. Endi tasavvur qiling-chi, shuncha odam orasidan o‘sha bir yaxshilikni topishga qancha vaqt ketarkin?! Siz uchun dunyoda mol-davlatini ustingizdan to‘kib-sochgan mehribon otangiz o‘sha yaxshilikni beradi deb o‘ylaysiz, taassufki uning “voy jonim, voy jonim” deganini eshitganingizda hafsalangiz pir bo‘ladi. Shu on siz uchun jonini fido aylagan mushfiq onangiz xayolingizga keladi.
Endi siz teringiz sel bo‘lib onaizoringizni izlayapsiz, undan marhamat so‘raysiz-u, zora u sizga bir hasana bersa... Dunyodalik paytingiz nazarga ilmaganingiz bir hasanani... Ammo onangiz ham “o‘zim, o‘zim, o‘zimni qutqaray” deyishdan nariga o‘tmaydi. Bir necha yuz yillar bitta hasanani izlab topa olmaysiz. Biroq dunyoda qanchadan-qancha savobni bir ondayoq qo‘lga kiritishga imkoniyatingiz bor edi, shunday emasmi?!
Ne ajabki, savoblar bozorining narxi oshib ketganini ko‘ring!
Farazan siz o‘sha bir savobni mahshar maydonidagilarning birortasidan qo‘lga kiritgan taqdiringizda ham, uning evaziga qancha haq to‘lashga tayyorsiz?! Bir savob uchun barcha qimmatbaho narsalaringizni berib yuboradigan kun emas bu, to‘g‘rimi? Albatta, ha, bundan boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas, axir siz uning sababidan jannatga kirib, jahannamdan qutulib qolmoqchisiz!..
Kofirlarning holini bayon qilib Alloh taolo Moida surasining 36-oyatida aytadi: «Darhaqiqat, kufrda bo‘lganlar qiyomat kunining azobidan qutulish uchun mabodo Yer (yuzi)dagi (hamma) narsaning ikki barobariga ega bo‘lganlarida ham, ulardan qabul qilinmagay. Ular uchun alamli azob (tayyorlab qo‘yilgandir)».
Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
Savol: Mahallamizdagi qabristonda mevali daraxtlar bor. Ularning mevalari pishgan paytda, ko‘pchilik qatori biz ham kirib yeb turamiz. Ba’zilar bu ish joiz emas deb qolishdi. Shunga dinimizda nima deyilgan?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu haqida Burhoniddin ibn Moza rohimahulloh shunday zikr qilganlar: "Qabristondagi daraxtlarning hukmi ikkiga bo‘linadi:
1. Ular yer qabristonga aylantirilishidan oldin ekilgan bo‘lishi mumkin;
2. Ular yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lishi mumkin. Agar daraxtlar yer qabriston qilinishidan oldin ekilgan bo‘lsa, ekkan odamning mulki bo‘ladi. Shuning uchun, daraxtlarning egasi tirik bo‘lsa, uning roziligi bilan yoki undan sotib olib, keyin iste’mol qilish joiz bo‘ladi. Agar daraxtlarning egasi ulardan odamlar yeyishlarini muboh qilgan (ruxsat bergan) bo‘lsa, u holda so‘ramasdan yeyish ham joiz bo‘ladi. Ammo egasining niyati ma’lum bo‘lmasa yoki egasi vafot etgan bo‘lsa va nima maqsadda ekkani noma’lum bo‘lsa, u holda ulardan yeyish joiz bo‘lmaydi. Agar daraxtlar yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lsa, ushbu holatda ham, ular egasining mulki hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, bunda ham egasining niyatiga bog‘liq bo‘ladi. Agar egasi ma’lum bo‘lmasa yoki uning niyati ma’lum bo‘lmasa, u holda ular qabristonning mulki bo‘lgani uchun, ularni sotib, pulini qabristonning ehtiyojlari va ta’miri uchun ishlatiladi” (“Muhiyt”).
Demak, qabristondagi mevalarni yeyish yoki boshqa ekinlarni olish, ularni ekkan egasining niyatiga bog‘liq bo‘lar ekan. Agar boshqalar yeyishlari yoki foydalanishlari uchun ekkan bo‘lsa, ulardan yeyish joiz bo‘ladi. Ammo o‘zi uchun ekkan bo‘lsa, yoki niyati ma’lum bo‘lmasa, yoki kim ekkani ma’lum bo‘lmasa, u holda ularni pulga sotib olib yeyish yoki foydalanish joiz bo‘ladi xolos.
Shu o‘rinda shuni ham ta’kidlash joizki, ba’zilar qabristondagi mevali daraxtlarning tomiri mayyitning qoni va najosatidan ozuqa olgani uchun, ularni yeyish makruh degan da’volarni qilishadi. Bunga javoban ulamolar ushbu da’vo o‘rinsiz hisoblanadi. Chunki daraxtlarning ildizlari garchi najosatdan ozuqa olsa ham, istihola (bir narsani butunlay boshqa narsaga aylanishi) yo‘li bilan boshqa moddaga aylanadi va ularning mevalarini yeyish hech bir makruhliksiz joiz va halol bo‘ladi deganlar ("Ahkomul-janoiz"). Ammo shunday bo‘lsada, qabristonlarga mevali daraxtlarni ekmaslik tavsiya qilinadi. Zero, ularning tomirlari qabrlarni o‘pirilishiga olib kelishi mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.