Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qadrdonim, tasavvur qiling, siz qiyomat kunidasiz. Gunohlaringiz bilan savoblaringiz pallasi teng kelib qoldi, endi siz do‘zaxdan qutulish payida bitta hasanani izlash kerakligini tushunib turibsiz... O‘sha yaxshilikni qo‘lga kiritish uchun bor-budingizni sarflashga ham tayyorsiz. Shu zayl o‘sha uzun kun yo‘lida nima qilishni bilmay qolasiz. O‘sha kunning miqdori ellik ming yil. Yana u kun quyosh odamlarning boshiga yaqin kelib qoladigan, tafti esa bir necha barobar kuchaytiriladigan hisob kunidir. Siz ana shu vaqtda milliardlab ust-boshsiz odamlar bilan birga joningiz chiqquday xavfu xatar va ashaddiy qiyinchiliklar girdobida qolgansiz.
Mana shu dahshat ummonidagi odamlar orasidan sizning savob pallangizni tosh bostiradigan bir amalni so‘ragani mehribon otangizni qidirib yuribsiz. Holbuki hamma o‘zi bilan o‘zi ovora, jonini saqlab qolish ilinjida turibdi, hamma ham siz qidirayotgan narsani qidirayapti. Endi tasavvur qiling-chi, shuncha odam orasidan o‘sha bir yaxshilikni topishga qancha vaqt ketarkin?! Siz uchun dunyoda mol-davlatini ustingizdan to‘kib-sochgan mehribon otangiz o‘sha yaxshilikni beradi deb o‘ylaysiz, taassufki uning “voy jonim, voy jonim” deganini eshitganingizda hafsalangiz pir bo‘ladi. Shu on siz uchun jonini fido aylagan mushfiq onangiz xayolingizga keladi.
Endi siz teringiz sel bo‘lib onaizoringizni izlayapsiz, undan marhamat so‘raysiz-u, zora u sizga bir hasana bersa... Dunyodalik paytingiz nazarga ilmaganingiz bir hasanani... Ammo onangiz ham “o‘zim, o‘zim, o‘zimni qutqaray” deyishdan nariga o‘tmaydi. Bir necha yuz yillar bitta hasanani izlab topa olmaysiz. Biroq dunyoda qanchadan-qancha savobni bir ondayoq qo‘lga kiritishga imkoniyatingiz bor edi, shunday emasmi?!
Ne ajabki, savoblar bozorining narxi oshib ketganini ko‘ring!
Farazan siz o‘sha bir savobni mahshar maydonidagilarning birortasidan qo‘lga kiritgan taqdiringizda ham, uning evaziga qancha haq to‘lashga tayyorsiz?! Bir savob uchun barcha qimmatbaho narsalaringizni berib yuboradigan kun emas bu, to‘g‘rimi? Albatta, ha, bundan boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas, axir siz uning sababidan jannatga kirib, jahannamdan qutulib qolmoqchisiz!..
Kofirlarning holini bayon qilib Alloh taolo Moida surasining 36-oyatida aytadi: «Darhaqiqat, kufrda bo‘lganlar qiyomat kunining azobidan qutulish uchun mabodo Yer (yuzi)dagi (hamma) narsaning ikki barobariga ega bo‘lganlarida ham, ulardan qabul qilinmagay. Ular uchun alamli azob (tayyorlab qo‘yilgandir)».
Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
Er-xotin tez-tez urishib qolaverdi. Shunda ayoli eriga:
– Dadasi, qo‘shnilarimiz biror marta urishganini eshitmadim. Biz esa tez-tez janjallashib qolyapmiz. Qarshi bo‘lmasangiz, qo‘shni ayoldan buning sirini bilib kelaman, – dedi.
Eri rozi bo‘ldi. Ayol qo‘shni ayol bilan suhbatlashgani chiqib, undan oilada osoyishtalikni saqlash siri haqida so‘radi.
Bu paytda qo‘shni ayol oshxonada ovqat qilayotgan, uning eri esa stolda bir nimalarni yozib o‘tirgandi. Shunda birdan telefon jiringladi. Eri telefon oldiga borar ekan, bexos stol ustida turgan vazani turtib yubordi. Vaza yerga tushib, sindi. Bu holni ko‘rgan ayoli darrov kelib vazani siniqlarini tera boshladi. Eri ayoliga aybdorona qarab, uzr so‘radi. Ayoli esa: “Aslida men sizdan uzr so‘rayman. Chunki vazani stol ustiga – noqulay joyga qo‘ygan ekanman”, dedi.
Bu holni kuzatgan qo‘shni ayol uyiga qaytib keldi va nimalar ko‘rganini aytib berdi. So‘zi yakunida: “Oddiy bir ishda ular ikkalasi ham o‘zini aybdor hisoblarkan. Biz esa har ishda o‘zimizni haq, deymiz. Janjalimiz sababi shundan ekan”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Mana, osoyishtalik siri nimada ekan!
Akbarshoh Rasulov