Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qadrdonim, tasavvur qiling, siz qiyomat kunidasiz. Gunohlaringiz bilan savoblaringiz pallasi teng kelib qoldi, endi siz do‘zaxdan qutulish payida bitta hasanani izlash kerakligini tushunib turibsiz... O‘sha yaxshilikni qo‘lga kiritish uchun bor-budingizni sarflashga ham tayyorsiz. Shu zayl o‘sha uzun kun yo‘lida nima qilishni bilmay qolasiz. O‘sha kunning miqdori ellik ming yil. Yana u kun quyosh odamlarning boshiga yaqin kelib qoladigan, tafti esa bir necha barobar kuchaytiriladigan hisob kunidir. Siz ana shu vaqtda milliardlab ust-boshsiz odamlar bilan birga joningiz chiqquday xavfu xatar va ashaddiy qiyinchiliklar girdobida qolgansiz.
Mana shu dahshat ummonidagi odamlar orasidan sizning savob pallangizni tosh bostiradigan bir amalni so‘ragani mehribon otangizni qidirib yuribsiz. Holbuki hamma o‘zi bilan o‘zi ovora, jonini saqlab qolish ilinjida turibdi, hamma ham siz qidirayotgan narsani qidirayapti. Endi tasavvur qiling-chi, shuncha odam orasidan o‘sha bir yaxshilikni topishga qancha vaqt ketarkin?! Siz uchun dunyoda mol-davlatini ustingizdan to‘kib-sochgan mehribon otangiz o‘sha yaxshilikni beradi deb o‘ylaysiz, taassufki uning “voy jonim, voy jonim” deganini eshitganingizda hafsalangiz pir bo‘ladi. Shu on siz uchun jonini fido aylagan mushfiq onangiz xayolingizga keladi.
Endi siz teringiz sel bo‘lib onaizoringizni izlayapsiz, undan marhamat so‘raysiz-u, zora u sizga bir hasana bersa... Dunyodalik paytingiz nazarga ilmaganingiz bir hasanani... Ammo onangiz ham “o‘zim, o‘zim, o‘zimni qutqaray” deyishdan nariga o‘tmaydi. Bir necha yuz yillar bitta hasanani izlab topa olmaysiz. Biroq dunyoda qanchadan-qancha savobni bir ondayoq qo‘lga kiritishga imkoniyatingiz bor edi, shunday emasmi?!
Ne ajabki, savoblar bozorining narxi oshib ketganini ko‘ring!
Farazan siz o‘sha bir savobni mahshar maydonidagilarning birortasidan qo‘lga kiritgan taqdiringizda ham, uning evaziga qancha haq to‘lashga tayyorsiz?! Bir savob uchun barcha qimmatbaho narsalaringizni berib yuboradigan kun emas bu, to‘g‘rimi? Albatta, ha, bundan boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas, axir siz uning sababidan jannatga kirib, jahannamdan qutulib qolmoqchisiz!..
Kofirlarning holini bayon qilib Alloh taolo Moida surasining 36-oyatida aytadi: «Darhaqiqat, kufrda bo‘lganlar qiyomat kunining azobidan qutulish uchun mabodo Yer (yuzi)dagi (hamma) narsaning ikki barobariga ega bo‘lganlarida ham, ulardan qabul qilinmagay. Ular uchun alamli azob (tayyorlab qo‘yilgandir)».
Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
Mazkur maqolada islom fiqhi nuqtayi nazaridan bozordagi narxlarni sun’iy ravishda belgillash, tovarlarni ushlab turish orqali narxni ko‘tarish (ihtikor) amaliyoti shariatda qanday baholanishiga oid masalalar tahlil qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari va sahobalar rivoyatlari asosida narx belgilash va ehtikorning shariatdagi hukmi, ijtimoiy oqibatlari hamda zamonaviy xatarlari ochib berilgan.
Islom iqtisodiy tizimi adolat, o‘zaro rozilik va zulmsiz muomala asosiga qurilgan. Bozor iqtisodiyotida muhim tushunchalardan biri – narx belgilash huquqidir. Shariatda bu masala shunchaki iqtisodiy vosita emas, balki axloqiy va ilohiy qoida bilan chambarchas bog‘langan. Narxni sun’iy ravishda chegaralash yoki tijorat molini ushlab turib narxni ko‘tarish – shariatda qoralangan ishlardan hisoblanadi. Bu maqolada mazkur holatlarga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning munosabati, ulamolar fatvolari va ijtimoiy oqibatlari tahlil etiladi.
«Narxni chegaralash» deganda mas’ul shaxs yoki taraf tomonidan narxni chegaralab qo‘yish tushuniladi.
«Ihtikor» deganda esa, turli yo‘llar bilan bir xil savdo molini egallab olib narxni oshirishga urinish aytiladi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Odamlar: "Yo Allohning Rasuli, narx ko‘tarilib ketdi bizga narxni belgilab bering" deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Albatta, Allohning o‘zi narxni belgilovchi, tutuvchi, keng qiluvchi va rizq beruvchidir. Men esa sizdan birortangiz ham mendan na qon va na molda zulm, da’vo qilmaganingiz holimda Allohga ro‘baro bo‘lishni xohlayman" dedilar (Sunan egalari rivoyat qildilar).
Qimmatchilik ko‘pchilikni tashvishga solib qo‘yadi. Chunki bu holat barchaga zarar keltirayotgan bo‘lib ko‘rinadi. Hamma bu holatdan chiqish yo‘lini istaydi. Eng oson, eng sodda va hammaga «yalt» etib ko‘rinadigan chora bozorda narxni chegaralab qo‘yish bo‘lib, ko‘rinadi. Nima uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu ishni qilmadilar? Hatto ba’zi sahobalar bu taklifni qilganlarida ham ma’qul ko‘rmadilar. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hech bir narsaga yuzaki qaramasdilar.
Narxni chegaralash vaqtincha foyda bergani bilan aldamchilikdir, keyin esa zarar bo‘lishi turgan gap. So‘ngra tojirlar o‘z faoliyatlarini to‘xtatadilar. Bu hol esa el yurtga boshqa tomondan rizq kelishini ma’n qiladi. Shuning uchun ham qanchadan-qancha boy davlatlar xonavayron bo‘ladi. Faqirilk va miskinlikka ro‘baro‘ bo‘ladi.
Sotuvchi o‘z molini o‘z ixtiyori ila o‘zi xohlagan narxda sotsa, yaxshi bo‘ladi. Oluvchi o‘z ixtiyori ila o‘zi rozi bo‘lib, xohlagan narxga olsa, yaxshi bo‘ladi. Muhimi, o‘zaro rozilik bo‘lishi kerak.
Yaxshi va sifatli narsaning narxi baland bo‘ladi. Yomon va sifatsiz narsaning narxi esa past bo‘ladi. Hammasi bozor ko‘tarishiga qarab bo‘ladi. Shuning uchun ham har bir kishi bozor yaxshi ko‘taradigan molni yetishtirishga, olib kelishga qiziqadi. Hamma shunga uringandan keyin yurtda doimiy va haqiqiy serobchilik, arzonchilik hukm suradigan bo‘ladi.
Muammar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kim ehtikor qilsa, o‘sha xatokordir", dedilar (Imom Muslim, Abu Dovud, Termiziy rivoyati).
«Ihtikor» lug‘atda ushlab turish ma’nosini anglatadi. Shariatda esa sotib olingan narsani narxini oshirish uchun qasddan sotmay ushlab turishga «ihtikor» deb aytiladi.
Ulamolarimiz xalq ommasining ehtiyoji ko‘proq tushadigan narsalar, xususan, oziq-ovqatning ehtikoriga alohida, boshqa narsaning ehtikoriga alohida qaraganlar.
Birinchisi mutloq mumkin emas desalar, ikkinchisini qimmatchilik vaqtida mumkin emas deganlar. Ihtikor haqida juda ko‘p hadislar rivoyat qilingan.
Abdulloh ibni Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Kim taomni 40 kecha ehtikor qilsa, batahqiq u Allohdan voz kechgan va Alloh undan voz kechgan bo‘ladi. Qaysi yurtning ahlidan bir kishi och yotgan bo‘lsa, batahqiq, ular Allohning zimmasidan tushgan bo‘lurlar", deganlar.
Ba’zilar shu hadisga suyanib ehtikor faqat taomda bo‘ladi deydilar. Lekin jumhur ulamolar ehtikor haqida hadislar ko‘p, shuning uchun bu hadis asos bo‘la olmaydi deydilar.
Umar ibn Hattob roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Jalb qiluvchi rizqlantirilgandir, ehtikorchi esa la’natlangandir", deganlar.
«Jalb qiluvchi» boshqa yurtdan o‘z yurtiga kerakli narsalarni olib kelib sotuvchidir. Demak, bu ish, yaxshi ishdir. Kim bu ishni qilsa rizqi ulug‘ bo‘ladi. Ammo o‘z yurti bozorida eng kerakli narsalarni sotib olib, ushlab turib, sun’iy ravishda narxni ko‘taruvchilar la’natlangandur. Chunki unga xalq muhtoj bo‘lib turgandi, u esa ishlab chiqarmay, boshqa yurtdan olib kelmay foyda topishga uringan xaromxo‘r kimsadir.
Imom Ahmad Abu Xurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Kim musulomonlarning narxlariga kirishib, ularga qimmatchilik keltirish uchun harakat qilsa, Alloh uchun uni qiyomat kuni katta olovga o‘tkazmog‘i haq bo‘ladi", deganlar.
Demak, ehtikorchi bu dunyoda ham, u dunyoda ham qattiq azob-uqubatlarga duchor bo‘ladi.
Ashurov Mahmudxon Muhammad G‘ulom
Foydalanilgan adabiyotlar: