Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyun, 2025   |   19 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
15 Iyun, 2025, 19 Zulhijja, 1446

Allohim, nafsimga taqvosini ber

27.01.2025   4999   9 min.
Allohim, nafsimga taqvosini ber

Mutasavvif shoir Ibrohim Haqqiy Arzi rumiy o‘zining mashhur "Ma’rifatnoma"asarining ibtidosida bunday deydi: "Haq taolo ikki jahonni Bani odam uchun, Odamni esa o‘zini tanitish, bildirish uchun yaratgan. Demak, olam va Odamning yaratilishidan eng oliy maqsad ham, talab ham ma’rifati Mavlo, ya’ni Allohni bilishdir". Insoniyatning ma’rifatullohga erishuvi hayotining bosh g‘oyasidir. Inson hidoyatga erishmasa, eng tuban va zararli yaratiq bo‘lib qoladi [2, 32-33-b.].

Albatta, insonlarda "Allohni tanish, u Zotga yetishish qanday yo‘l bilan bo‘ladi?", degan savol tug‘ilishi tabiiy hol, bu savolga sunnati nabaviyyada shunday javob keladi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kim Allohga yo‘liqishni sevsa, Alloh ham unga yo‘liqishni sevadi, Kim Allohga yo‘liqishni yoqtirmasa, Alloh ham unga yo‘liqishni yoqtirmaydi" [1, 738-b.].

Hadisning mazmunidan ko‘rinib turibdiki, Allohning ma’rifatiga yetmoqchi bo‘lgan odam avvalo Allohni, Allohga yo‘liqishni sevishi kerak bo‘ladi. Kim nafsini tanisa, Allohni taniydi. Allohni tanishni, sevishni xohlagan inson  nafsini tanishi, tarbiyalashi lozim bo‘ladi. Dinimizda nafs tarbiyasi "tasavvuf", "tazkiya", "so‘fiylik" kabi bir qancha nomlar bilan ataladi.

Tasavvuf – ilm, unda aytilgan gaplar tariq(at)-yo‘l, shu yo‘lni ixtiyor etish suluk va ixtiyor etgan shaxs solik, deb nomlanadi. Bularning ma’nolari oddiy, murakkab emas. Tasavvuf, tariqat yoki suluk kabi ba’zi kalimalar atama sifatida qo‘llash tufayli tushunarsiz, murakkab bo‘lib qolmaydi. Afsuski, ayrimlar buni murakkablashtirib yuborishmoqda. Hatto tasavvuf ba’zilar nazdida qalb inkor etadigan, eshitishga malol keladigan, aql sig‘dirmaydigan so‘zga aylangan.

Tasavvuf ilmi tazkiyadan iborat. Undan boshqa narsa emas. Lekin shunga qaramay, ayrimlar unga norizo nigoh-la qaraydi. Ba’zilar esa tasavvufga kuchli muhabbat qo‘yib, chuqur ketgan. Johil "so‘fiylar" shunchalar g‘uluvga ketganidan hatto bid’at-xurofotlargacha borishgan, vositalarni maqsad hisoblashgan, shariat va tariqat o‘rtasini ajratishgan, yana nimalarnidir qilishgan. Buni ko‘rgan bir toifa insonlar tasavvufni qarshi hujumga o‘tishdi. Ular ushbu ilmning ma’no-mohiyatiyu maqsadiga emas, o‘sha yangi qo‘shilgan noma’qul ishlarga e’tibor qaratishdi, xolos.

Biz Islom shariatining muhim bir qismi, muhammadiy risolatdagi asos maqsadlarni o‘zida jamlagan va keyin ham shunday bo‘lib qoladigan o‘sha haqiqat borasida biroz to‘xtalishni istadik.

Tazkiyaning maqsadi- bu yo‘lda qilingan xatti-harakatlar, urinishlar, ado etib boriladigan virdlaru amallar bashariyat ko‘zlagan maqsadlarning eng ulug‘i bo‘lmish Alloh taoloning roziligini topishga intilish hisoblanadi. Tasavvufning mohiyati inson zohiriy va botiniy amallarni Alloh rozi bo‘ladigan suratda bajarishda davom etishidir. Zohiriy amallar namoz, ro‘za va haj singari tana bajaradigan amallar bo‘lsa, botiniysi qalb ijro etadigan sabr, tavoze va shukr kabilardir.

Qalb a’zolar orasida alohida o‘rin tutadi. Shuning uchun zohiriy amallarni tuzatishda qalbning amallari muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, qalb amallaridan hisoblangan ixlos, xushu’ va sabrning ahamiyati, zarurati beqiyos. Birinchisi tufayli amallar qabul qilinsa, ikkinchisi bilan namoz go‘zal bo‘ladi, uchinchisi sababli hayot totli kechadi…

Inson xayoliga kelgan gunohlar va nafsning hiyla-nayranglari ham qalb amallari sirasiga kiradi. Buni bilib, ogoh bo‘lish kerak. Lekin qalb bajargan amallarning qay biri ijobiy yoxud salbiy ekanini ajratib olish mushkul. Buning uchun kishi solih va tajribali yo‘lboshchi-murshidga muhtoj. Masalan, ba’zida kishi kabira gunohlardan biri kibr kasaliga duchor bo‘ladi, lekin uni o‘zi sezmaydi. Bu gunoh sahih hadisda kelganidek, o‘z sohibini jannatdan mahrum qiladi. Bundan saqlanish uchun esa solih insonning tavsiyalari zarur bo‘ladi.

Qalb dunyosida hosil bo‘lgan ijobiy holatlar fazilatlar, salbiylari esa illatlar deb nomlanadi. Fazilatlar haqida gapirib, unga erishishga yetaklaydigan hamda razilliklar haqida xabar berib, undan qutulish yo‘llariga boshlaydigan ilm tazkiya yoki ehson, yoxud tasavvuf, deya nomlanadi. Muhammadiy risolat maqsadlarini bayon qilish chog‘ida Alloh taolo "وَيُزَكِّيهِمْ" ya’ni "..va ularni poklaydigan…" deb alohida bayon qilgan yo‘l mana shudir. Bundan tushuniladi-ki, tazkiya ilmning ozginasi bo‘lib qolmay, balki ta’lim berish va tilovat qilish kabi bajarilishi talab etilgan amal hamdir [4, 5-8-b.].

Alloh taolo kalomida bunday nozil qilgan:

{ قَدْ أَفْلَحَ مَن زَكَّنَهَا }
Uni poklagan murodiga etdi (Shams surasi, 9-oyat).

Alloh taolo O‘z Payg‘ambari orqali ta’lim bergan qoida tartiblar asosida o‘z nafsini poklagan, tarbiyalagan, shahvat va yomonliklardan tiygan, haromdan saqlagan, yaxshi ishlari bilan uni oliy darajaga ko‘targan saodatmand kishilar, shubhasiz, zafar topadi, murodiga etadi, ikki dunyo saodatini qo‘lga kiritadi. Va aksincha, nafsini turli dunyo vasvasalari, shaytoniy shahvatlarga, yomonliklar va iflos liklarga qul qilgan, uni asramagan, poklash haqida o‘ylamagan kimsalar mag‘lubiyatga uchraydi, katta zarar ko‘radi, oxiratini barbod berib, bebaxtlardan bo‘ladi. Abdulloh ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam "Va naf siv vama savvaha, faalhamaha fujuraha va taqvaha, qod aflaha mann zakkaha" oyatlarini o‘qiganlarida: "Allohim, nafsimga taqvosini ber, Sen uning egasi va mavlosisan, uni poklaydiganlarning eng yaxshisan", der edilar" (Imom Tabaroniy rivoyati).


{وَقَدْ خَابَ مَن دَسَّنَهَا }

"Uni poklamagan yutuqqa erishmadi" (Shams surasi, 10-oyat).

Nafsini poklamagan, uning orzu-havaslariga yo‘l ochib qo‘ygan, dunyo shahvatlari va nafs vasvasalariga mukkasidan ketganlar hech qanday yutuqqa erishmaydi, oxiratda butun erishgani muflislik (ya’ni, hamma narsasini boy berib, sinish, inqirozga uchrash) bo‘ladi. Zayd ibn Arqamdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday duo qilganlar: "Allohim, ojizlik, dangasalik, kuchsizlik, qo‘rqoqlik, baxillik va qabr azobidan Sendan panoh tilayman. Allohim, nafsimga taqvo ber, uni pokla, Sen poklovchilarning eng yaxshisisan. Sen uning egasi va xojasisan. Allohim, qo‘rqmaydigan qalbdan, to‘ymaydigan nafsdan, foyda bermaydigan ilmdan, qabul qilinmaydigan duodan O‘zingdan panoh so‘rayman". Zayd roziyallohu anhu aytadi: "Mana shu narsalarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga o‘rgatdilar va biz uni sizlarga o‘rgatyapmiz" (Imom Ahmad, Muslim rivoyati). [6, 615-616-b.]

Ma’lumki, Alloh taoloning hikmatlaridan biri, hech qaysi banda o‘zini Alloh va Rasuli huzurida qanday maqom va martaba egasi ekanini bilmasligidir. Zotan, ilohiy taqdir bandalar ilmidan yashirilgandir-ki, Alloh taolo uni biron kishiga ma’lum qilgan emas. Binobarin, banda o‘zining qanday taqdir va oqibat kutishidan mutlaqo bexabardir. Unga buyurilgani esa qanday zamon va makonda bo‘lishiga qaramay, bandalik vazifasini ixlos va e’tiqod bilan ado etishi va doim talabda bo‘lishidir. So‘fi Olloyor aytganlaridek:

Talab amrin eshitsa banda Robbdin, O‘zin bilgan qachon qolgay talabdin?

Shundagina banda o‘zi uchun Parvardigor tayyorlab qo‘ygan, unga munosib bo‘lgan natijaga erishishi shubhasiz. Zotan, Alloh taolo hech bir bandani xoh u erkakdir yo ayol qilgan amalini zoye qilmasligining xabarini bergan. Qur’oni karimda bu haqda bunday deyiladi:

"Men, albatta, sizlardan – xoh erkak, xoh ayol (ajratmasdan, yaxshi) amal qiluvchi hech bir kishining amalini zoye qilmasman. Sizlar (hammangiz)bir-biringizdan (dunyoga kelgan)dirsiz" (Oli Imron surasi, 195-oyat). [3, 76-b.]


Ta’kidlash joizki, mazkur talab barcha bandalarga birdek buyurilgani holda, ushbu sifatga ayricha amal qilgan alohida himmat sohiblari bo‘lgan. Aslida, bu ularni Alloh taoloning ana shu fazilatga xoslaganidir. Qizig‘i shundaki, bunga ular yashayotgan zamonning ketuvi va uning voqealari ta’sir o‘tkazmasligidir. Zotan, Alloh taolo bandaga bir ishni iroda qilsa, qalbiga uning muhabbatini solib, uni ro‘yobga chiqish sabablarini ham hozirlab qo‘yadi. [5, 3-4-b.]

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, tasavvuf islom shariati talablarini ham ixlos, muhabbat bilan bajarishdir. Insonning jismi va ruhiy dunyosiga, oxiratiga foydali, uni har ikki dunyoda baxtli qiladigan, to‘g‘ri yo‘lga, ezgu va ma’qul ishlarga undaydigan ta’lim-tarbiyadir. Tasavvuf  – tavoze, zuhd, taqvo, kamtarlik kabi oliyjanob fazilatlarni o‘zida mujassam etib, nafsni poklash yo‘li bilan Allohga yetishishni yo‘lini ko‘rsatib, muslim va muslimalarning dunyo-yu oxiratda saodatli bo‘lishiga vositadir.

Nodira Murotova,
Toshkent Islom instituti talabasi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

  1. Abdulkarim ibn Havozin al-Qushayriy. Risolatul Qushayriyya. –Istanbul.: Hasimi, 2020/1442. -1024 b.
  2. Mahmud Asad Jo‘shon. Siddiqlar yo‘li. –T.: Matbaachi, 2022.-196 b.
  3. Mirzo Kenjabek. Fayzul –Furqon. –T.: Irfonnashr, 2024. -605 b.
  4. Muhammad Taqiy Usmoniy. Vaqtingiz – hayotingiz. –T.:Tilsim, 2023. -123 b.
  5. Rahmatulloh Fayzullayev. Rosululloh olib qolgan zot. –T.:Noshir, 2024. -195 b.
  6. Shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy. Tafsiri Irfon. – T.:Sharq, J:6. -751 b.
Boshqa maqolalar

Havzimda men bilan yuzlashguningizcha, sabr qilinglar

13.06.2025   6529   5 min.
Havzimda men bilan yuzlashguningizcha, sabr qilinglar

Musulmonlar Hunayn g‘azotida g‘alaba qozonishdi. Hunayn g‘azoti Shavvol oyida, hijratning sakkizinchi yili, Makka fathidan so‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan Havozin va Saqiyf qabilalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan edi. Jangda g‘alaba qozongan musulmonlar katta g‘animatga (o‘ljaga) ega bo‘ldilar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu g‘animatlarni qalbi Islomga moyil bo‘lgan yangi musulmonlarga taqsimlab berdilar. Qavmning kattalari Abu Sufyon, Uyayna, Aqra’, Suhayl ibn Amr va boshqalarga ham berdilar.

Vaholanki, ular Quraysh mushriklarining eng kattalari bo‘lib, uzoq yillar Payg‘ambarimizga qarshi urushgan kishilar edi. Ushbu g‘animatlar taqsimlanishidan bir necha kun oldingina islomni qabul qilishgan edi. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ansorlarga (Madinalik sahobalarga) ushbu g‘animatlardan hech narsa bermadilar.

Holbuki, ular Islomni yoyish va Payg‘ambar alayhissalomni himoya qilish uchun qonlarini to‘kkan, jonlarini fido qilgan kishilar edi. Bu holat ularning qalblariga og‘ir botdi va xasratlanib shunday deyishdi: «Qilichlarimizning tig‘idagi dushmanning qoni hali qotgani yo‘q, ammo g‘animatlardan boshqalar bahramand bo‘ldi. Bizga esa, hech narsa berilmadi».

Bu borada Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu kelib Payg‘ambarimizga bo‘layotgan gaplar xaqida, odamlarning qalbidagi xafalikni aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Sa’d, sen bu haqda nima deysan?” dedilar. Sa’d: Men ham qavmim tarafidaman, deb javob berdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: Qavmingni mening huzurimga yig‘, dedilar. Ular to‘planganlaridan keyin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamjuda buyuk, nihoyatda ta’sirli, qalblarni jumbushga keltiruvchi, ko‘zlarni yoshga to‘ldiruvchi xutba qildilar.

U zot ularga muloyimlik va muhabbat bilan quyidagicha murojaat qildilar: “Ey ansorlar! Men sizlarni gumroh holda topmaganmidim? Alloh taolo men tufayli sizlarni hidoyat qilmadimi? Sizlar tarqoq va parokanda emasmidinglar, Alloh taolo men sababli sizlarni birlashtirmadimi? Sizlar faqir va muhtoj emasmidinglar, Alloh taolo men orqali sizlarni boy qilmadimi?”.

Har safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam savol bilan murojaat qilganlarida, ular: “Alloh va Uning Rasulidan minnatdormiz”, deb javob qaytarishardi.

So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Nima uchun menga javob qaytarmayapsizlar? dedilar. Ular yana: Alloh va Rasulidan minnatdormiz!, deyishdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar istasangiz, sizlarning ham shunday deyishga haqqingiz bor: “Siz bizning huzurimizga qavmingiz tomonidan inkor qilingan holda keldingiz, biz esa, sizni tasdiqladik. Siz qavmingiz tomonidan yolg‘onchiga chiqarilgan edingiz, biz sizga ishondik, imon keltirdik va sizga yordam berdik. Siz o‘z yurtingizdan quvildingiz, biz esa, sizga panoh berdik. Siz muhtoj holda keldingiz, biz esa, Sizni o‘z mol-mulkimizga sherik qildik”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu so‘zlarni aytganlarida ular: Alloh va Uning rasuligina bizlarga minnat qilishga haqli, deyishdi. Aslida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu so‘zlarni ularga tavozelik va insof yuzasidan aytgan edilar. Lekin, haqiqatan olganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minnat qilishga haqli edilar, ular har qancha minnatdor bo‘lsalar arziydi. Chunki agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Madinaga hijratlari bo‘lmaganida, ularning orasida yashamaganlarida, ularning boshqalardan farqlari bo‘lmas edi. Ansorlarning sha’ni yuksalmas edi, qadrlari ko‘tarilmas edi.

Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga qarab: “Ey ansorlar! Nima deb o‘ylaysizlar, boshqalar qo‘y va tuyalar bilan uylariga qaytsalar, sizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan uylaringizga qaytishni istamaysizlarmi? Bundan rozimasmisizlar?-dedilar.

Bu gapning naqadar ulug‘ligi, ansorlarning qalbiga yetib borishligini bilganlari uchun ham Rasululloh ularga g‘animatdan bermagan edilar.

So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Agar hijrat qilmaganimda, albatta men ansorlardan bo‘lar edim, agar odamlar bir vodiyda yursalar, men ansorlar yurgan yo‘llardan yurar edim, ansorlar men uchun ichki kiyimimdek, boshqalar esa tashqi kiyimimdek”, dedilar va: “Allohim ansorlarga rahmatingni yog‘dir, ularning farzandlariga va farzandlarining farzandlariga ham”, deb ularning haqqiga duo qildilar.

Bu so‘zlarni tinglagan ansorlarning ko‘zlaridan yoshlar to‘kildi, soqollari xo‘l bo‘ldi. Ular yig‘lagan holatda: Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni biz bilan bo‘lishlariga rozimiz, bizning g‘animatimiz, bizning ulushimiz bo‘lganlaridan rozimiz!” — deyishdi.

Shundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni kelajakda bo‘ladigan fitnalardan ogohlantirib shunday dedilar:

“Mendan keyin sizlar o‘zingizga nisbatan adolatsizlikni ko‘rasizlar, ammo sabr qilinglar. Mening havzimda men bilan yuzlashguningizcha, sabr qilinglar!”.

 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV