Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Mart, 2025   |   17 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:13
Quyosh
06:32
Peshin
12:36
Asr
16:44
Shom
18:35
Xufton
19:48
Bismillah
17 Mart, 2025, 17 Ramazon, 1446

Qur'oni karimda fitna so‘zi qanday ma'nolarni anglatadi?

27.01.2025   5053   7 min.
Qur'oni karimda fitna so‘zi qanday ma'nolarni anglatadi?

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi:

وجعلنا بعضكم لبعض فتنة أتصبرون

“Biz sizlarning ba’zilaringizni ba’zilaringiz uchun sinov qilib qo’ydik – (qani) sabr qila olurmisiz?”

Mufassirlar ushbu oyatni turli xil uslubda tafsir qilganlar. Masalan, Tafsiyrul Bag’aviyda shunday sharhlangan: فتنة so’zi balo, sinov ma’nosini bildiradi. Boy inson faqir kishi uchun sinov hisoblanadi, chunki kambag’al inson aytadiki, nega men anavi boy singari emasman?! Sog’lom inson kasal inson uchun, sharafli inson martabasi past inson uchun imtihondir.

Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Alloh taolo bu oyatda sizni bir-biringizga sinov qildim, ulardan eshitadigan gap-so’zlarga sabr qilishingiz va kelishmovchiliklarni ko’rib hidoyatga erishishingiz uchun, imtihon qilaman.  Muqotil rohimahulloh aytadilar: “Bu oyat Makka mushriklaridan Abu Jahl, Valid ibn Uqba, Os ibn Voil va Nazr ibn Horisalar haqida nozil bo’lgan. Chunki ular Abu Zar, Ibn Mas’ud, Ammor, Bilol, Suhayb, Omir ibn Fuhayr roziyallohu anhum va ular tengi insonlarni ko’rishganda: “Biz ham musulmon bo’lsak, anavilar singari bo’lamizmi?”, deyishgan. (ya’ni ular singari xor, kambag’al, muhtoj bo’lib yashaymizmi deyishmoqchi, chunki u kofirlarni aksari zodagon boylardan bo’lishgan. O’zlariga muhtojlik hayotini ravo ko’rishmagan)

Endi Tafsiyrul ibn Kasirga nazar tashlaydigan bo’lsak, unda:

وجعلنا بعضكم لبعض فتنة أتصبرون

Oyatini “Ba’zingizni ba’zingiz bilan biz imtihon qildik, osiy bo’lganlardan kim itoat qilishini (bo’ysunishini) bilishimiz uchun. Shuning uchun Alloh taolo oyatning davomida aytadi: أتصبرون وكان ربك بصيرا sabr qilmaysizlarmi va Robbingiz ko’rib turuvchi zotdir. (ya’ni sabr qilsangiz, sizlarni mukofotlaydi. U hamma ishlaringizni ko’rib bilib turibdi)

Muhammad ibn Is’hoq Alloh taoloning

 وجعلنا بعضكم لبعض فتنة أتصبرون

oyati borasida aytadilar: Alloh taolo aytadi: “Agar dunyoni rasullarim bilan birga qilishni xohlaganimda, menga hech kim xilof qilmasdi va shuni albatta qilardim. Lekin men bandalarimni payg‘ambarlar bilan imtihon qilishni hamda rasullarni ham  sinashni iroda qildim”.

Sahihi Muslimda Iyoz ibn Himardan, u kishi Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: “Alloh taolo aytadi: Men seni imtihon qilaman va sen sababingdan (boshqalarga) sinov beraman”.

Musnad kitobida esa, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Agar xohlasam, Alloh men bilan birga oltin va kumushdan iborat tog’larni yurgizib qo’yardi”. Sahih kitobida esa, U zot sollallohu alayhi vasallamga podshoh maqomidagi payg’ambarlik yoki oddiy rasul bo’lish ixtiyori berildi. U zot oddiy rasul bo’lishni ixtiyor qildilar. (bu yerda ham Rasulga qaysi bilan sinalish imkoni berilyapti. Lekin U zot bizga namuna o’rnak bo’lish uchun oddiylikni ixtiyor qildilar)

Tafsiyrul Qurtubiyda mazkur oyat bo’yicha 9 ta masala zikr qilingan bo’lib, biz tafsirini sharhlayotgan oyatning qismi 8-masalada keladi. Unda aytiladiki bu dunyo sinov va imtihon dunyosidir. Alloh taolo barcha insonlarni umumiy tarzda ba’zilarini boshqalariga fitna (imtihon) qildi, u banda mo’min bo’lsin, kofir bo’lsin, farqi yo’q. Sog’lom inson bemor inson uchun, behojat inson hojatmand inson uchun, sabrli kambag’al boy inson uchun ham sinov-imtihon bo’lishi mumkin. Buning ma’nosi shundayki, ulardan har biri o’z sohibi-sherigi bilan sinaladi. Masalan, boyning kambag’al bilan sinalishi, boy unga mehribonlik qilib turishi va uning ustidan mazax qilmasligi. Kambag’al esa, boyga hasad ko’zi bilan qaramasligi, undan faqatgina bergan narsanigina olishidir. Hamda boy ham kambag’al ham haq ustida sabr qilishidir.

Oyatning davomida kelgan أتصبرون javobi hazf bo’lgan, ya’ni sabr qilmaysizlarmi deyilganda, javob kutiladigan so’zdir. Muzaniy aytadilar: “Qashshoqlik meni haydab chiqargan edi va men aravalarda va egarlarda amaldorlarni ko’rib xayolimga nimadir tushdi. Shunda bir kishini وجعلنا بعضكم لبعض فتنة أتصبرون oyatini o’qiyotganini eshitdim va aytdim: “Ha, albatta Robbimiz, sabr qilamiz va savob umid qilamiz”.

 أتصبرون sabr qilish hammaning ishi ham emas, u haq ustida turgan mo’minlarga xosdir. Qachonki musulmonlar sabr qilishgach, Alloh taolo ular borasida oyat nozil qildi:

إني جزيتهم اليوم بما صبروا

“Men bugun ularni (sizlarning ozor-aziyatlaringizga) sabr-toqat qilganlari sababli mukofotladim – ular haqiqiy (baxt-saodatga) erishguvchilar”. (Mo’minun surasi, 111-oyat)

Demak, xulosa o’rnida aytish mumkinki, inson bu hayoti dunyoda doim imtihon ustida yurganini unutmasligi lozim. Garchi uning boshiga ming turli sinovlar kelsa ham sabr qilib uning mukofotini Allohdan kutsin. Agar unda boshqalar orzu qiladigan mol-dunyosi yoki farzandlari, mansabi bo’lsa, Allohga shukrini ado etib yurishi, Alloh xohlasa, bu ne’matlarni tortib olishi mumkinligini unutmasin, hozirda ne’matlar bilan bo’lishi, uni xohlagancha tasarruf qilishi g’ururga ketkazmasin. Chunki g’urur shaytonning amalidan bo’lib, bandani jarlik tomon yetaklaydi.

Alloh taolo bir oyatda sinayman dedi, oyatni oxirida sabr qilmaysizlarmi deb ham tasalli bermoqda. Agar shu imtihonlardan o’tsak, bu dunyoda baxt-saodatni, oxiratda biz bilmagan qancha mukofotlarni hozirlaganini boshqa oyat bilan bayon qilmoqda. Alloh taolo aslida hech bir bandaga yomonlikni ravo ko’rmaydi, lekin boshiga kelgan musibatlarni, imtihonlarni uning gunohiga kafforat bo’lishini, duolari mustajob bo’lishini, O’ziga qaytishini xohlaydi. Aslida bu sinovlar  ne’mat bo’lib, banda Alloh yo’lida chiniqib, hadislarda kelganidek kuchli mo’minga aylanadi.

 Habiba Kamolitdinova,
Toshkent Islom instituti talabasi.

Foydalanilgan manba va adabiyotlar:

  1. Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2004 (361-bet)
  2. 2. الحسين بن البغوي. تفسير البغوي. دار طيبة – الرياض – 1409 ه. (87-77 ص)
  3. أبو عبد الله محمد بن أحمد بن أبي بكر القرطبي. تفسير القرطبي (الجامع لأحكام القرآن). مؤسسة الرسالة – اليروت – 2006 م. (392-382ص)
  4. أبو الغداء إسماعيل بن كثير الدمشقي. تفسير القرآن العظيم. دار طيبة – الرياض –1999 م. (101-100ص)
  5. https://ar.wikipedia.org/wiki/%D9%81%D8%AA%D9%86%D8%A9
Boshqa maqolalar

Imom Muhammad Zohid Kavsariy rohimahulloh

11.03.2025   2713   14 min.
Imom Muhammad Zohid Kavsariy rohimahulloh

         Imom Muhammad Zohid Kavsariy (1879-1952) – Usmonli davlatining oxirgi davridagi yetuk olimlaridan biri bo‘lib, o‘zining chuqur ilmiy salohiyati, qat’iy pozitsiyasi va ma’rifat yo‘lidagi izlanishlari bilan tanilgan. U nafaqat ilmiy bilimlari, balki siyosiy va ijtimoiy jarayonlarga bo‘lgan munosabati bilan ham o‘z davrining yetakchi mutafakkiri bo‘lgan.

       Ushbu maqola Zohid Kavsariyning hayoti, ilmiy yo‘li, ustozlari, shogirdlari, siyosiy faoliyati va ilmiy merosini yoritadi. Maqsadimiz – uning shaxsiyatini yanada chuqurroq o‘rganish va bugungi avlod uchun ibrat namunasi sifatida taqdim etishdir.  

         Muhammad Zohid Kavsariy 1879 yilda Usmonli davlatining Duzja shahriga yaqin hududda tug‘ilgan. Uning oilasi sherkasiy (qafqozlik) bo‘lib, bobosi va otasi Duzja yaqinida joylashgan Hoji Hasan qishlog‘ini tashkil etishgan. Bu qishloq uning otasi Hasan Kavsariy nomi bilan atalgan bo‘lib, ilm-ma’rifat maskani bo‘lgan.

Zohid Kavsariy ilmiy an’analarga boy oilada o‘sgan. Uning otasi faqih va muhaddis bo‘lib, o‘z qishlog‘ida "Dorul-Hadis" maktabini tashkil qilgan edi. Shuningdek, amakisi Muso al-Kozim ham shar’iy bilimlarni o‘rgatgan ustozlardan biri bo‘lgan. Shu tariqa Zohid Kavsariy yoshligidan ilmga qiziqib o‘sdi va dastlabki diniy bilimlarini oilasidan oldi.

         Zohid Kavsariy ilm yo‘lidagi izlanishlarini davom ettirish uchun 14 yoshida Duzjadan Istanbulga ko‘chib o‘tdi. Usmonli davlatidagi ta’lim tizimi o‘sha davrda an’anaviy tarzda olib borilar edi: talabalar bir necha ustozdan birini tanlab, barcha fanlarni o‘sha ustozdan o‘rganar edilar. Zohid Kavsariy Istanbulda ulkan ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan shayx Ibrohim Haqqiy al-Akiniy huzurida tahsil oldi. U o‘z davrining mashhur mutakallimi va mantiq ilmi bo‘yicha yetuk olimi edi.

Ibrohim Haqqiyning o‘limidan so‘ng Zohid Kavsariy uning vasiyati bilan boshqa mashhur olim Ali Zaynul-Obidin al-Alasoniydan ta’lim olishni davom ettirdi. Zohid Kavsariy bu ikki ustozni yuksak e’tirof etib, “Agar Allohning marhamati va bu ikki ustozning ilmiy saboqlari bo‘lmaganda men bugungi darajaga yetmagan bo‘lardim,” deb yozadi.

U Istanbuldagi tahsilini 14 yil davomida davom ettirdi va mashhur “Imtihonur-Ru’us” (Diplom imtihoni)ni muvaffaqiyatli topshirib, Usmonli davlatidagi eng yuksak ilmiy darajaga ega bo‘ldi.

         1908 yilda Zohid Kavsariy Istanbuldagi mashhur Fatih madrasalarida o‘qituvchilik faoliyatini boshladi. U o‘z ustozlari singari bir talabaning barcha darslarini bitta ustozdan o‘rganishi usulini davom ettirdi. Ammo 1909 yilda Usmonli davlatida sodir bo‘lgan siyosiy o‘zgarishlar natijasida ta’lim tizimida ham katta islohotlar amalga oshirildi.

 Zohid Kavsariy o‘zining chuqur bilimlari va an’anaviy ta’lim usuliga sodiqligi tufayli islohotlarning ba’zilariga qarshi chiqdi. Islohotlar ta’lim muddatini 15 yildan 8 yilga qisqartirishni taklif qilgan bo‘lsa-da, Zohid Kavsariy va uning ayrim hamkasblari bu qarorni rad etib, ta’lim muddatini 12 yilgacha ko‘tarishga muvaffaq bo‘lishdi. Keyinchalik u arab tilini o‘rganish uchun tayyorlov kurslarini joriy etib, umumiy ta’lim muddatini 14 yilga qaytardi. Bu uning qat’iyati va ilmiy an’analarni himoya qilishdagi matonatini ko‘rsatadi.

         1909 yilda sulton Abdulhamid II taxtdan tushirilgach, Usmonli davlatida siyosiy vaziyat keskin o‘zgardi. “Ittihod va Taraqqiyot” jamiyati davlat boshqaruvini qo‘lga olib, keng qamrovli islohotlarni amalga oshira boshladi. Zohid Kavsariy ta’lim sohasidagi islohotlarga qisman rozi bo‘lgan bo‘lsa-da, davlat boshqaruvidagi ayrim o‘zgarishlarga keskin qarshi chiqdi. Uning Ittihodchilar bilan kelisha olmaganligi ilmiy va siyosiy faoliyatida katta ta’sir ko‘rsatdi.

1914 yilda Birinchi Jahon urushi boshlanganida Zohid Kavsariy Usmonli davlatining urushga kirishiga qarshi chiqdi. Uning ushbu pozitsiyasi Ittihodchilar tomonidan qattiq tanqid qilindi. U siyosiy bosimlar kuchaygani sababli Istanbuldan Qastamonuga ko‘chib, uch yil davomida o‘sha yerda ta’lim berdi. 1916 yilda urushning salbiy oqibatlari yumshagach, Istanbulga qaytdi va ilmiy faoliyatini davom ettirdi.

Ammo siyosiy bosimlar uni hech qachon tark etmadi. U Usmonli davlatidagi siyosiy o‘zgarishlarni ochiq tanqid qilib, diniy merosning asrab qolinishini talab qildi. Shu sababdan 1922 yilda yangi hukumat tomonidan hibsga olish to‘g‘risida buyruq chiqarilganini eshitgan zahoti Istanbuldan Aleksandriyaga hijrat qildi. Bu hijrat uning hayotida burilish nuqtasi bo‘ldi va uni Misrda yangi ilmiy faoliyat boshlashiga majbur qildi.

         Zohid Kavsariy 1922 yil dekabr oyida Misrning Iskandariya shahriga yetib bordi. U o‘z oilasidan uzoqda yolg‘izlikda yashashga majbur bo‘ldi va yetti yil davomida oilasi bilan bog‘lanolmagan. Keyinchalik u Misrda istiqomat qilishga qaror qildi va Qohirada ilmiy faoliyatini davom ettirdi.

 Misrda Zohid Kavsariy o‘z ilmiy salohiyatini yana-da kuchaytirdi. U Qohiradagi Dorul-Kutub al-Misriyya (Misr Milliy Kutubxonasi)da tarjimon sifatida ishlay boshladi va Usmonli davriga oid hujjatlarni arab tiliga tarjima qilish bilan shug‘ullandi. Ushbu ish unga arab dunyosidagi ilmiy doiralarga yaqindan tanilish imkoniyatini berdi.

Misrda u katta ehtirom va hurmatga sazovor bo‘ldi. U ko‘plab olimlar bilan ilmiy suhbatlar o‘tkazdi, bahs-munozaralarda faol qatnashdi va Misrning mashhur ulamolari bilan yaqin aloqalar o‘rnatdi. Shuningdek, u ko‘plab kitoblar yozib, maqolalar e’lon qildi. Uning ilmiy maqolalari Misr va butun arab dunyosida katta qiziqish bilan kutib olinar edi.

         Zohid Kavsariy o‘z ilmiy faoliyati davomida taxminan 50 ga yaqin asar yozgan. Biroq Istanbuldan Misrga ko‘chish jarayonida uning yozgan kitoblarining yarmi yo‘qolgan. Shunga qaramay, 30 ga yaqin kitobi va maqolalari bugungi kungacha saqlanib qolgan. Uning asarlari asosan islom aqidasi, fiqh, hadis ilmi, falsafa va mantiq kabi turli fanlarga oid bo‘lib, o‘z davrining yetakchi asarlari sifatida qaraladi.

Mashhur asarlaridan ba’zilari:

"Irg‘omul-Marid" – bu asar naqshbandiya tariqatining ulug‘lari va ularning ilmiy merosi haqida.

"Tahrirul-Vajiz" – ushbu asarda u o‘zining ilmiy manbalari va sanadlarini bayon qilgan.

"Maqolatul-Kavsari" – uning Misrda yozgan maqolalari to‘plami bo‘lib, diniy va ilmiy masalalarga chuqur tahliliy yondashuvni aks ettiradi.

Shuningdek, Zohid Kavsariy o‘z davridagi ba’zi “salafiy” ulamolarning qarashlarini tanqid qilib, o‘sha davrdagi diniy va falsafiy bahslarda faol ishtirok etgan. U islom ilmlarini an’anaviy manbalarga tayangan holda chuqur tahlil qilish bilan birga, zamonaviy davrning ilmiy talablari va ehtiyojlariga mos tarzda o‘rgangan.

        Zohid Kavsariy o‘z umrining oxiriga qadar ilmiy izlanishlarini davom ettirgan va ko‘plab shogirdlarni tarbiyalagan. Uning eng mashhur shogirdlari orasida:

Abdulfattoh Abu G‘udda – mashhur muhaddis va islom ilmlari tadqiqotchisi.

Muhammad Amin Saroj — Turkiyada mashhur olim va muhaddis bo‘lib, Zohid Kavsariyning ilmiy merosini davom ettirgan shogirdi. Shuningdek, Zohid Kavsariyning ilmiy ta’siri Misrdan tashqari butun arab va musulmon olamiga tarqalgan. Uning asarlari hali ham ko‘plab madrasa va universitetlarda darslik sifatida o‘qitiladi.

        Zohid Kavsariy Usmonli davlatining inqiroz davrini boshidan o‘tkazgan va bu siyosiy o‘zgarishlar uning hayoti va ilmiy faoliyatiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Usmonli davlatining Birinchi Jahon urushidagi mag‘lubiyati va sulton Abdulhamid II ning taxtdan tushirilishi natijasida davlatda katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. "Ittihod va Taraqqiyot" jamiyati davlat boshqaruvini qo‘lga olib, yangi siyosiy va madaniy islohotlarni amalga oshirdi.

Shuningdek, Zohid Kavsariy Shom (Suriya)ga ham bir necha bor sayohat qildi va u yerda ilmiy izlanishlarini davom ettirdi. U Damashqdagi mashhur "Zohiriya" kutubxonasida o‘qish bilan mashg‘ul bo‘ldi va o‘z ilmiy bilimlarini yanada boyitdi. Uning ilmga bo‘lgan cheksiz ishtiyoqi va qat’iyatliligi tufayli u Misr va Shomdagi ko‘plab olimlar bilan ilmiy muloqotlar o‘tkazdi va shu bilan birga o‘zining ilmiy merosini kengaytirdi.

      Zohid Kavsariy o‘z davridagi ba’zi “salafiy” olimlarning qarashlarini tanqid qilib, diniy an’analarning asrab qolinishini himoya qildi. U zamonasidagi “salafiy” harakatlar va ularning diniy masalalarga yondashuvini qattiq tanqid qildi. Uning fikricha, ba’zi “salafiy” olimlar diniy masalalarni soddalashtirish orqali islomning asl mohiyatini tushunmasdan hukm chiqarishardi.

 Uning eng mashhur tanqidiy asarlaridan biri “Saf’at al-Burhan ala Saf’at al-’Advan” bo‘lib, u “salafiy” olimlardan biri bo‘lgan Muhibud-Din al-Xatibning qarashlarini tanqid qiladi. Ushbu asar yuqori darajadagi adabiy uslub va chuqur ilmiy tahlil bilan yozilgan bo‘lib, Zohid Kavsariyning ilmiy salohiyatini yanada oshirgan.

Zohid Kavsariy “salafiylikning” diniy an’analarni inkor etishini va faqat Qur’on va Sunnatga bog‘lanib qolishini noto‘g‘ri deb hisobladi. U islom ilmiy merosini, xususan, mazablarning boy bilimlarini saqlab qolishni va ularni zamonaviy davr talablari bilan uyg‘unlashtirishni qo‘llab-quvvatladi. Shu boisdan u “salafiylikning” ayrim vakillari bilan ilmiy bahs-munozaralarda faol ishtirok etdi va o‘z ilmiy dalillari bilan ularni rad etdi.

         Muhammad Zohid Kavsariy nafaqat ilmiy bilimlari, balki zohidligi va mol-dunyodan behojatligi bilan ham tanilgan edi. Uning ismi "Zohid" bo‘lib, bu uning hayotida ham aks etdi.

       U Misrda oddiy hayot kechirdi. Qohirada u juda kamtarona yashagan va davlat tomonidan berilgan ozgina nafaqa bilan qanoatlanib, hech qachon ortiqcha boylik to‘plamagan. U ilm-fan va ta’lim-tarbiyaga katta ahamiyat berib, o‘z ilmiy bilimlarini faqat Allohning roziligini qozonish uchun o‘rgatgan. 

 Zohid Kavsariy ilmiy asarlarini yozishdan moliyaviy manfaat ko‘rishni rad etgan. U Misrda o‘z kitoblarini chop etgan noshirga: “Agar men kitoblarimdan foyda olsam, bu mening Alloh oldidagi mukofotimni kamaytiradi”, deb aytgan. Shu sababli u o‘z kitoblari uchun haq olmagan va faqat ilmni tarqatishni maqsad qilgan.

        Muhammad Zohid Zohid Kavsariy 1952 yilda Misrning Qohira shahrida vafot etdi. Uning qabri mashhur imom Shofi’iy maqbarasi yonida, Qohiraning al-Qarafa qabristonida joylashgan. Zohid Kavsariy vafotidan keyin ham o‘zining ilmiy asarlari va merosi orqali islom dunyosiga katta ta’sir ko‘rsatib kelmoqda. Uning asarlari hanuzgacha ko‘plab islom ilmiy markazlarida, madrasalarda va universitetlarda o‘qitiladi. Uning ilmiy dalillari, tahlillari va tanqidiy qarashlari hali ham tadqiqotchilar va olimlar tomonidan chuqur o‘rganilmoqda.

         Zohid Kavsariyning ilmi va merosi bugungi kunda ham islom ilmlariga qiziquvchilar uchun qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi. Uning ilmiy dalillari zamonaviy masalalarga ham mos keluvchi tarzda o‘rganilib, yangi avlodlar uchun ibrat namunasidir.

     Muhammad Zohid Zohid Kavsariy o‘z davrining ulug‘ olimi, ilmiy yetakchisi va diniy meros himoyachisi sifatida tarixda o‘chmas iz qoldirdi. U nafaqat ilmiy bilimlari, balki qat’iy pozitsiyasi, matonati va islom ilmiy an’analarini saqlab qolishdagi jasorati bilan ham tanilgan edi. Zohid Kavsariy o‘z hayoti davomida Usmonli davlatining inqirozi, yangi siyosiy tuzumlar va diniy merosning xavf ostida qolgan davrlarida ilmiy faoliyatini davom ettirdi va islom ilmlarining asl mohiyatini himoya qildi.

 U o‘z ilmiy faoliyatida an’anaviy islom manbalariga tayangan holda, zamonaviy davrning ilmiy talablari va ehtiyojlariga mos tarzda yondashdi. Uning “salafiylikka” tanqidiy munosabati, diniy an’analarni himoya qilishi va ilmiy tahlillari o‘z davrida katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Biroq Zohid Kavsariy hech qachon shaxsiy manfaatlarni ko‘zlamadi va faqat Allohning roziligini qozonishni maqsad qilib qo‘ydi.

       Zohid Kavsariyning ilmiy merosi nafaqat musulmon dunyosida, balki butun dunyo bo‘ylab ilmiy doiralar tomonidan qadrli bo‘lib kelmoqda. Uning asarlari hanuzgacha o‘qitilib, zamonaviy islom ilmlari tadqiqotchilari tomonidan chuqur o‘rganilmoqda. Ustozlari, shogirdlari va ilmiy izlanishlari orqali u nafaqat o‘z davrining, balki kelajak avlodlarning ham ustoziga aylandi.

         Bugungi kunda Muhammad Zohid Zohid Kavsariyning ilmiy asarlari va merosi islom olamining turli burchaklarida o‘rganilmoqda. Uning ilmiy tahlillari, falsafiy qarashlari va diniy an’analarni himoya qilishdagi qat’iyatliligi hozirgi davrda ham dolzarbdir.

       Zohid Kavsariy ilm-fan yo‘lidagi izlanishlari, qat’iy pozitsiyasi va zohidligi bilan nafaqat musulmon ulamolari uchun, balki barcha zamonlarda ilmga intilgan insonlar uchun ibrat namunasidir. Uning ilmiy asarlari nafaqat diniy masalalarni chuqur tahlil qilishda, balki zamonaviy ilmiy izlanishlar uchun ham qimmatli manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

         Muhammad Zohid Zohid Kavsariy hayoti va ilmiy merosi orqali nafaqat o‘z davrining, balki kelajak avlodlarning ham o‘chmas yulduziga aylandi. Uning ilmiy izlanishlari va diniy merosi hali ham dunyo ilmiy doiralarida katta qiziqish uyg‘otmoqda va o‘rganilmoqda. Shunday ekan biz unga nafaqat olim, balki zamon va makon chegaralarini kesib o‘tgan buyuk mutafakkir sifatida hurmat ko‘rsatamiz.

Abdurrahmon MANSUR,

Imom Buxoriy nomidagi

Toshkent Islom Instituti talabasi