Qur’oniy madaniyat bo‘yicha “at-Tahbir” mukofotining o‘n birinchi mavsumi Birlashgan Arab Amirliklari ichki ishlar vaziri Sayf bin Zayd an-Nahayyon boshchiligida o‘z faoliyatini boshladi.
IQNA axborot agentligi BAAning “al-Ayn” axborot portaliga asoslanib xabar berishicha, “at-Tahbir” mukofotining Qur’on fanlari bo‘yicha mas’ul kotibi Umar Xabtur ad-Dari tanlovlar virtual shaklda o‘tkazilishi va u har bir yosh toifasi uchun mo‘ljallanganini ta’kidladi.
Tanlov doirasida Qur’on qiroati, tajvid, eng chiroyli tartiliy qiroat, Qur’on tushunchalari, azon, ommaviy chiqishlar, madaniy tanlovlar, oila qadriyatlari kabi ko‘rik-tanlovlar tashkil qilingan.
Ushbu yil tanlovga “Oila qadriyatlari” nomli yangi rukndagi tanlov qo‘shilgani qayd etildi. Ad-Dari bunday dedi: “At-Tahbir” mukofoti milliy o‘zligimizni mustahkamlash hamda farzandlarni Qur’on ta’limiga qiziqtirish, to‘g‘ri qadriyatlar va odoblarni targ‘ib qilish, ekstremizmga qarshi kurashish, o‘zaro hurmatni qaror toptirish va har bir shaxsning jamiyatdagi mas’uliyatli fuqaro sifatidagi o‘rnini shakllantirishga qaratilgan platforma tayyorlaydi”.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Ayol kishi rukuda tizzasini bukadimi yoki erkaklar kabi tekis tutadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namoz o‘qishda, ayollar bilan erkaklarning bir nechta farqlari bo‘lib, ayollar satrliroq holda namoz o‘qishga buyurilganlar. Rukuda ham shunday, ya’ni ayollar rukuda erkaklardan farqli ravishda, tizzalarini biroz bukib ruku qiladilar.
Mashhur tobeiy Ato ibn Abu Raboh bunday deganlar:
تَجْتَمِعُ الْمَرْأَةُ إِذَا رَكَعَتْ تَرْفَعُ يَدَيْهَا إِلَى بَطْنِهَا وَتَجْتَمِعُ مَا اسْتَطَاعَت. مصنف عبدالرزاق
“Ayol kishi ruku qilganda, imkon qadar yig‘ilibroq, ikki qo‘lini qorniga yaqinlashtirib turadi” (“Musannafi Abdurrazzoq”).
“Fatavoi Olamgiriya”da bunday deyilgan:
وَالْمَرْأَةُ تَنْحَنِي فِي الرُّكُوعِ يَسِيرًا وَلَا تَعْتَمِدُ وَلَا تُفَرِّجُ أَصَابِعَهَا وَلَكِنْ تَضُمُّ يَدَيْهَا وَتَضَعُ عَلَى رُكْبَتَيْهَا وَضْعًا وَتَحْنِي رُكْبَتَيْهَا وَلَا تُجَافِي عَضُدَيْهَا .كَذَا فِي الزَّاهِدِيِّ
“Ayol kishi rukuda biroz egiladi, tizzalariga suyanmaydi, barmoqlarini ochmaydi, balki qo‘llarini birlashtirib, tizzalariga qo‘yadi va tizzalarini biroz bukadi va bilakalarini tanasidan ajratmaydi. “Zohidiy”da shunday deyilgan”. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.